19:42 / 30.03.2022
15750
Hisor qo‘riqxonasida qor qoploni fotoqopqonga tushdi

Qashqadaryodagi Hisor davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqon yana bir bosh qor qoplonini kamera obektiga muhrladi.

Qo‘riqxonaning Tanxozdaryo bo‘limi davlat nazoratchisi Jamshid Berdaliyev tomonidan qo‘yilgan fotoqopqon tasviriga tushgan qor qoploni yirik jussaligi bilan ajralib turadi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi xabar qildi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, qor qoploni bugungi kunda dunyo miqyosida noyob tur hisoblanib, xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan. Mushuksimonlar oilasiga mansub bu noyob jonivorni mamlakatimizda muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, Hisor davlat qo‘riqxonasida qor qoplonining erkin yashash tarzi va ko‘payishi uchun doimiy muhofaza choralari amalga oshirib kelinadi.

Hisor davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqonlar fevral oyida ham ikki marta qor qoplonini tasvirga olgandi.

Top