12:51 / 30.03.2022
93713

Rubl nega mustahkamlanmoqda?

29 mart kuni urush boshlanganidan keyingi davr uchun rublning eng ko‘p mustahkamlanish holati kuzatildi. 1 AQSh dollari uchun 86,28 rubl, O‘zbekistonda esa 1 rubl uchun 128,57 so‘mgacha rasmiy kurslar qayd etildi.

© Alexander Demyanchuk / TASS

Xo‘sh, nega rubl mustahkamlanmoqda, bu jarayonning rus gazini rublga sotish rejalariga aloqasi bormi? Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z Telegram-kanalida ushbu savollarga javob berdi.

Avvalo aytish lozimki, gazni rublga sotish mexanizmi haligacha aniqlashmagan, biron kub gaz rublga sotilgani yo‘q, bironta yirik Yevropa davlati gazni rublga sotib olishga rozilik ham bergani yo‘q. Ya’ni, gazni rublga sotish xohishlari g‘irt psixologik tryuk va kelishish qiyin bo‘lgan ultimatumligicha qoladi.

Ikkinchidan, 24 fevraldan keyin Rossiya Markaziy banki rublga talab hosil qiladigan barcha xorijiy va norezident kanallarni yopib tashladi. Bu fond bozoriga taalluqlimi, foizlarmi yoki dividendlarmi, farqi yo‘q. Rossiyani tark etayotgan yoki tark etishini e’lon qilgan xorijiy kompaniyalar va norezidentlar Rossiyadagi aktivlarini olib chiqishi uchun uni dollarga aylantirishi kerak. Rossiya Markaziy banki bunga to‘liq tabu qo‘ydi. Tabiiyki, rublga bo‘lgan eng katta talabni yo‘qqa chiqardi.

Uchinchidan, Rossiya Markaziy banki Rossiya rezidentlari uchun ham xorijga valuta olib chiqishga, naqd valuta sotib olishga yoki o‘tkazishga cheklovlar o‘rnatdi. Shu o‘rinda Visa va Mastercard tizimlari Rossiyadagi segmentni o‘chirish hisobiga ruslarning maqsadga erishishiga yordam berib yubordi. Boshqacha aytganda, Rossiya chakana rezidentlarining dollarga bo‘lgan talabi ham o‘ldirildi.

To‘rtinchidan, juda ko‘plab g‘arb kompaniyalari Rossiya bilan ishlashdan voz kechgandan keyin, qator tashuv korporatsiyalari Rossiya yuklarini manzilga eltishni to‘xtatgach, rus importyorlari uchun xorijdan tovar keltirishga rag‘bati ham vaqtincha to‘xtadi. Chunki logistika muammolari va ehtimoliy yo‘qotishlar importni jismonan imkonsiz qilib qo‘yishi mumkin. Demak, importchilarning dollarga nisbatan talabi ham eng minimal darajagacha tushirildi.

Beshinchidan, bozorda rubl likvidligi mavjud emas. Markaziy bankning qattiq siyosati tufayli sun’iy ravishda rubl defitsiti yaratilmoqda, xususan asosiy stavkani birdan 20%gacha olib chiqilishi bilan. Buni savdolar hajmidan ham bilish mumkin, kunlik savdolar hajmi 24 fevralgacha bo‘lganidan karrasiga kamroq. Rubl taklifi yetarli bo‘lmagach, dollarning tushishi uzoq kuttirmaydi.

Oltinchidan, eksportyorlar uchun 80%lik majburiy sotuv dollarga nisbatan sun’iy ravishda pasaytirilgan talab hajmini ortig‘i bilan qoplamoqda.

Boshqacha qilib, sodda tilda aytganda, dollar sotish mumkin, lekin dollar sotib olishga barcha asosiy rag‘batlar o‘ldirildi yoki talablar taqiqlandi.

Endi ko‘pchilikda savol tug‘ilishi mumkin: bu siyosat qancha muddat davom etishi mumkin? Ha, bir hafta, o‘n kun davom etishi, cheklangan valuta rejimi siyosati oylarga cho‘zilishi mumkin. Biz hatto keyingi haftalarga 1 dollar 75 rubl ko‘rsatkichni ham ko‘rishimiz mumkin. Lekin, qabul qilish kerakki, bu rublning bozor o‘lchovi bo‘lmaydi. Bunday siyosatdan Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalardan ko‘ra ko‘proq jabr ko‘radi (shartli “Voronejni bombalash”). Ishlab chiqarishning keskin pasayishi, tovar yetishmovchiligi va zaxiralarning tugashi kutilmalari inflatsiyani juda yuqori darajaga ko‘taradi. Shartli aytganda rus iste’molchisi uchun 1 dollarlik tovar 150 rublga yetib boradi, garchi rasman 1 dollar 75 rubl deb e’lon qilingan bo‘lsa-da.

Ya’ni rossiyaliklarni dollar kursi emas, ishsizlik va inflatsiya jazolashni boshlaydi. Hozircha, zaxiralar mavjudligida shu konsensusga ko‘pchilik rozi”, – deydi Otabek Bakirov.

Top