11:37 / 30.03.2022
4297
Tergovda qiynoqqa solingan shaxslarga zararni davlat to‘lab berishi belgilandi

Prezident tomonidan 29 mart kuni imzolangan qonun bilan Fuqarolik kodeksiga qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

Qo‘shimchaga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud tomonidan shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplab beriladi.

17 mart kuni Senatda O‘zbekistonda qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga tovon puli to‘lash tizimi joriy etilishiga doir qonun ma’qullangandi.

Qonunga ko‘ra, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishi hamda ularga yetkazilgan zarar kompensatsiya qilinishini ta’minlash, bunda qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan jismoniy va ruhiy zarar, moddiy zarar yoki boy berilgan foyda, yuridik yordam, dori vositalari va tibbiy xizmat, psixologik va ijtimoiy xizmatlar uchun qilingan xarajatlar to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasi 2021 yilda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingan edi

O‘shanda Fuqarolik kodeksi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni belgilovchi 991-moddasiga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kiritilishi, 1021-moddasi ikkinchi qismiga, ya’ni ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar qoplanishi lozim bo‘lgan holatlarga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash jinoyati natijasida yetkazilgan zararni ham kiritish taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.

Top