09:04 / 30.03.2022
8716

Yetakchilar o‘z so‘zini aytgan, finalga «o‘xshamagan» finaldan fotoreportaj

29 mart kuni Namanganda «Navruz Cup» turniri yakunlandi. 

Finalda O‘zbekiston milliy jamoasi Afrika vakili Uganda (4:2) bilan bahs yuritdi. Finallarda odatda gollar kam bo‘ladi. Ammo bu galgisi muxlislar istaganidek gollarga boy bo‘ldi. Shu kuni «oq bo‘rilar»ning hujum chizig‘ida asosiy tarkibda maydonga tushgan 4 o‘yinchi ham o‘z hisobiga gol yoki assistni yozdirib qo‘ydi. 

Birinchi bo‘limning 34-daqiqasida Jaloliddin Masharipov raqib posboni va himoyachisining tushunmovchiligidan foydalanib, hisobni ochdi. 39-daqiqada esa Eldor Shomurodov Aziz Omonov bilan «devor» uslubida pas o‘ynab, yakkama-yakka vaziyatga chiqdi va sovuqqonlik bilan hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida mezbonlar biroz xotirjamlikka berilishdi va natijada 52-daqiqada Faruku Miya ajoyib kombinatsiyadan so‘ng hisobni qisqartirdi. Lekin O‘zbekiston mehmonlarning ishtahasi ochilishiga yo‘l qo‘ymadi va 55-daqiqada Shomurodov o‘zi qatnashgan hujumni muvaffaqiyatli yakunladi,  assistent — Hojimat Erkinov. Shu kuni to‘xtashni istamagan Eldor 72-daqiqada Jaloliddinning uzatmasidan keyin het-trik qayd etdi. 78-daqiqada mehmonlar sardori Emmanuel Okvi uzoq masofadan zarba berib, bahsdagi so‘nggi to‘pni kiritdi.

Shu tariqa ilk bor tashkil etilgan musobaqada mezbon O‘zbekiston g‘olib bo‘ldi. 3-o‘rin uchun   o‘yinda Tojikiston Qirg‘izistonni minimal hisobda mag‘lub etdi.

Do‘ppi kiydirish bilan boshlangan, super atmosferada o‘tgan quvnoq finaldan olingan fotosuratlarni tomosha qiling.

Boymirza Xalilov olgan suratlar

Top