14:58 / 31.03.2022
16706

Sirdaryoda o‘quvchi-qizlar o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Instagram’dagi haqorat sabab bo‘lgani aytildi

Orani ochiq qilmoqchi bo‘lgan qizlar Guliston shahridagi 4, 5 va 18-sonli umumta’lim maktablarining o‘quvchilari ekani aniqlangan.

Telegram’da Sirdaryoda o‘quvchi qizlar o‘rtasida yuzaga kelgan janjal aks etgan video tarqaldi. Videoda maktab formasidagi bir necha nafar qizning boshqa bir o‘quvchi qizni kaltaklayotgani, shu joyda bo‘lgan yigitlar esa jarayonni shunchaki tomoshabin sifatida kuzatib turgani aks etgan.

Xalq ta’limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova internetda tarqalgan videoga munosabat bildirib, Sirdaryo viloyati Guliston shahrining 5-sonli maktab o‘quvchilari o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik deb aytilayotgan holat mutasaddilar tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qilgandi.

Sirdaryo viloyati IIB tomonidan olib borilgan surishtiruv davomida voqeaning barcha ishtirokchilari, videodagi qizlarning shaxsi aniqlangan. Qayd etilishicha, o‘quvchilarning janjali hodisaga guvoh bo‘lgan yigitlar tomonidan videoga olingan.

“Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali bir-birini haqorat qilgani natijasida Guliston shahridagi 4, 5 va 18-sonli umumta’lim maktablarining o‘quvchi qizlari o‘rtasida janjal kelib chiqqani va qizlar bir-biriga tan jarohati yetkazgani, janjalni ikki o‘quvchi videotasvirga olib, Telegram orqali tarqatib yuborgani aniqlandi. Hozirgi kunda mazkur holatlar bo‘yicha mas’ul xodimlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi viloyat IIBning videobayonotida.

Qizlarning ota-onalari va vasiylari ularning tarbiyasiga yetarli darajada e’tibor bermaganliklarini tan olib, uzr so‘rashgan va kelgusida ularning xulqi hamda yurish-turishini nazoratga olishlarini ta’kidlashgan.

Viloyat IIBning ma’lum qilishicha, hodisa yuzasidan mas’ul idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan surishtiruv natijasiga ko‘ra janjalda ishtirok etgan shaxslar va ularning ota-onalariga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi.

Top