11:29 / 01.04.2022
15040
Jizzaxda fuqaroni «samosud» qilib yechintirgan shaxslar ushlandi

Ular fuqaroni yechintirib videotasvirga olishgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishgan.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 15 mart kuni soat 00:30 larda Sharof Rashidov tumanida yashovchi noma’lum kimsa fuqaroga qo‘ng‘iroq qilib ko‘chaga chaqiradi. Fuqaro ko‘chaga chiqqach, uni ikki nafar shaxs mashinaga o‘tqazadi va Sharof Rashidov tumanining So‘loqli mahallasidagi bo‘sh binoga olib boradi.

U yerda fuqaroni avval kaltaklashadi va yechintirib videoga olishadi. So‘ng videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishadi.

Viloyat IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv natijasida fuqaroni «samosud» qilgan shaxslar topiladi. Ushbu jinoyatni Jizzax shahrining Do‘stlik va Tinchlik mahallalarida yashovchi shaxslar qilgani aniqlanadi.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, ushbu shaxslarga jabrlanuvchining Jizzax shahrida yashovchi qiz bilan tushgan suratni ijtimoiy tarmoqlarda joylagani yoqmagan. Shundan so‘ng ular tanish qiz uchun jabrlanuvchidan o‘ch olishga qaror qilishgan.

Qayd etilishicha, fuqaroni «samosud» qilgan shaxslarga qonunan chora ko‘riladi.

Top