18:34 / 01.04.2022
7613

Shanhayda lokdaun muddati uzaytirildi

Payshanba kuni Shanhayda COVID-19ga chalinish bilan bog‘liq 4,5 mingdan ortiq holat qayd etilgan.

Foto: REUTERS/Aly Song

Shanhayda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat to‘liq nazoratga olinmaguniga qadar lokdaun davom etishi ma’lum qilindi, deb xabar berdi Reuters.

Shaharda koronavirus yuqtirish holatlari keskin o‘sgani sababli 28 mart kuni lokdaun joriy etilgandi.

Dastlab karantin tadbirlari ikki bosqichda: 28 martdan 1 aprelgacha shaharning sharqiy, 1 apreldan 5 aprelgacha g‘arbiy qismida o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. 

Ammo bemorlar sonining o‘sishi sababli g‘arbiy rayonlarda lokdaun rejalashtirilganidan ikki kun avval joriy etildi. 

Shahar hokimiyatining bildirishicha, 5 apreldan keyin ham butun shahar bo‘ylab lokdaun davom etadi.

Payshanba kuni Shanhayda COVID-19ga chalinish bilan bog‘liq 4,5 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Undan avvalgi kuni 5,6 ming kishida koronavirus aniqlangandi.

Top