13:20 / 01.04.2022
21220

Vazirlik 2 yoshli bolalar davlat bog‘chalariga qanday tartibda qabul qilinishi borasida ma’lumot berdi

Maktabgacha ta’lim vazirligiga ko‘ra, 2 yoshli bolalar faqatgina qamrovi past bo‘lgan bog‘chalarga borishi mumkin va 3-7 yoshli bolalar navbati shakllansa, kichik yoshlilar guruhlari tugatiladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2 yoshli bolalar qanday tartibda bog‘chalarga qabul qilinishi haqida ma’lumot berildi.

“Bolalarni 2 yoshdan to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat bog‘chalariga qabul qilish mumkin. Masalan, agar davlat MTT 400 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa, biroq unga 400 bola qatnamayotgan va bu bog‘chaga 3-7 yoshli bolalar navbatda turmagan bo‘lsa, mana shunday bog‘chaga 2-3 yoshli bolalar qo‘shimcha pullik xizmat asosida qabul qilinishi mumkin”, deya ma’lumot berdi Maktabgacha ta’lim vazirligi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va strategik rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Noroy Soatova.

Davlat MTTlarining to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani haqida vazirlikning maxsus platformasida ma’lumotlar mavjud.

Qayd etilishicha, barcha MTTlarda kuzatuv kengashlari bor. Kuzatuv kengashlarida ota-onalar davlat MTTlari direktorlari va tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limlari bilan birgalikda narxlarni ishlab chiqishadi va tasdiqlashadi.

“Yana bir holatni aytish lozim: to‘la quvvat bilan ishlamayotgan bog‘chaga 3-7 yoshli bolalar navbati shakllansa va 1-guruh uchun jami 20 nafar bola yig‘ilsa, 2-3 yoshli bolalar guruhi tugatib yuboriladi. Bunda ilk rivojlanish guruhi (2-3 yoshlilar) tugatilishidan oldin ota-onalar ogohlantiriladi”, dedi Noroy Soatova.

Eslatib o‘tamiz, 2 yoshli bolalarning qamrovi kam bog‘chalarga qabuli bugun, 1 apreldan boshlanadi. 

Top