10:44 / 01.04.2022
29388
Xato ism-familiyalar: buni bartaraf etishni istaganlarga soddalashtirilgan tizim va jarayon kerak
Foto: Kun.uz

Bugun Sirdaryo viloyati tuman va shaharlari hokimlarining o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan rahbarlar ro‘yxatiga daf’atan ko‘zim tushib qoldi.

11 rahbardan faqat ikki nafarining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zbek tilida to‘g‘ri, xatolarsiz yozilgan. Qolganlarning yo familiyasida, yo otasining ismida xato bor. Ismlar esa ko‘pincha to‘g‘ri yoziladi.

To‘g‘risini tan olish kerak, 80 foiz holatda hujjatlarda fuqarolarimizning ismi familiyasi yo otasining ismi xato yozilgan. Hattoki o‘zimning ham ismim metrikam va pasportimda «Shuxrat» deb noto‘g‘ri yozilgan.

Albatta, ko‘p hollarda bu u qadar ko‘zga tashlanmaydi. Lekin turli ro‘yxatlarga ko‘zingiz tushsa, masalan, davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar ro‘yxati bilan tanishgan chog‘ingizda muammo borligini his qilasiz. Jahonda birorta xalq o‘z ism-familiyasini bu qadar xato yozmasa kerak.

Sobiq ittifoq davrida tug‘ilgan fuqarolarimizning aksariyatining ismi familiyasi ruscha ko‘rinishda yozilgan. Familiyalarda o‘zbekcha «J» harfi — ruscha «Dj», «Q» — K, «G‘» — «G», «O» — «A», «O‘» — «U» yoki «O», «H» — «X», «E» — «I» ko‘rinishiga do‘ngan va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarga tushirilgan. Shu sababli Djumayev, Gaffarov, Xodjayev, Kalandarova, Butayev, Umurzakov, Babayeva, Ishmatov va h.k. va sh.k. ism-familiyalar vujudga kelgan.

Mustaqil bo‘ldik, dunyoga chiqdik. Pasportlarda ingliz tilida kirillcha «X» harfi «Kh», «Dj» — «Dj» ko‘rinishda transliteratsiya qilinib, HASANJONOV kabi yozish mumkin bo‘lgan familiyalar KHASANDJANOV kabi ko‘rinishlarda ifoda etilmoqda.

Xo‘sh, buni to‘g‘irlash mumkinmi?

O‘zbekistonda Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 23-bandiga ko‘ra, bolaning tug‘ilganligini qayd etishda unga familiya ota-onasining kelishuviga ko‘ra ota yoki onaning familiyasi, shuningdek milliy an’analarga muvofiq ota yoki ona tomonidan boboning ismi bo‘yicha beriladi.

Yuqorida qayd etilganidek, sobiq ittifoq davrida tug‘ilgan ajdodlarning noto‘g‘ri yozilgan ismlari farzandlarga, undan so‘ng nevaralarga qo‘yilmoqda. Xato yozilgan shajara davom etmoqda.

Mustaqillik yillarida tug‘ilgan farzandlarning ismlari aksariyat hollarda to‘g‘ri yozib kelinmoqda. Hozirga kelib, ko‘p hollarda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ismi va otasining ismi o‘zbekchada to‘g‘ri yozilgan holatga yetdik. Familiyalarda esa hamon muammo bor. Chunki bobolar SSSRda tug‘ilishgan.

Osongina ish emas

Albatta, inson familiyasi qanday yozilishi, o‘qilishi, uni o‘zgartirish-o‘zgartirmaslik o‘zining ishi. Kimlargadir Xolboyeva emas Xalbayeva, Xolto‘rayev emas Xalturayev bo‘lish yoqadi.

Shunday holatlar bo‘ladiki, ism-familiyasini o‘zbekchada to‘g‘irlab yozganimizda o‘sha inson xuddi hujjatdagidek xato yozilishini talab qilgan vaqtlar bo‘lgan. Bunday ism-familiyalarning matbuotda, internet-saytlarda aylanishi ham o‘zbek tilida xato yozilgan ismlarning targ‘ib bo‘lishiga xizmat qilyapti.

Ammo ismini o‘zbekcha ko‘rinish va talaffuzga o‘zgartirish istagida bo‘lganlar ham bor, lekin hujjatini to‘g‘rilashga kirishganida ham bunga osongina erisha olmaydi.

Eng murakkab joyi — hujjatni to‘g‘rilagan fuqaro agar yaqin qarindoshlarining ham ism-familiyasi o‘zgartirilmasa notarial hujjatlar rasmiylashtirishda qiyinchiliklarga duch keladi.

Masalan, o‘zim duch kelgan misol: mening hujjatdagi ota ismim «Shokirjonovich», ukamning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasida negadir «Shakirjonovich» yozilgan. Otamning hujjatdagi ismi esa Shokirjon. Ukamga guvohnoma yozishda FHDYo xodimi ataylab «A» orqali yozib bergan. Mana shu hol notariusda ishonchnoma rasmiylashtirishda muammo bo‘ldi.

Aytaylik, ism-familiyasini Boboyev Jasur Jo‘raqulovich qilib to‘g‘irlatgan uka, hali hujjatda Babayev Djavlan Djurakulovich bo‘lib qolayotgan akasi bilan qondosh qarindosh hisoblanmaydi notariuslarimiz nazdida. Chunki Jasur tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasida otasining ismi va familiyasini ham o‘zgartirgan bo‘lib chiqadi. Busiz familiya va nasab (otchestvo) o‘zgarmaydi.

Hujjatlarni to‘g‘irlashga ozmuncha vaqt va pul ham ketmaydi. Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani FHDYo bo‘limida yangilash — 0,5 BHM (135 ming so‘m) bo‘ladi. Bu holatda familiyani to‘g‘irlab yozish uchun bobosidan boshlab FHDYo mudiri nomiga ariza yozib, ismlarni to‘g‘irlab kelish kerak. Ya’ni avval Djumamurat bo‘lgan bobo Jumamurodga aylanishi kerak, keyin ota Djumamuratovichdan Jumamurodovichga aylanadi, so‘ngra nevaraning familiyasi Djumamuratovdan Jumamurodovga aylanadi.

Bu ishning qanchalik tashvish ekanligini tasavvur qilyapsizmi? Albatta, har qanday istak va rag‘batni o‘ldiradi.

Osongina ish bo‘lishi kerak

Masalan, o‘z ism-familiyasini o‘zbek tilida to‘g‘ri ko‘rinishga keltirishni istagan odam avvalo otasi (ayrim holatlarda onasining ham) ism-familiyasini to‘g‘rilashi kerak (bobolari olamdan o‘tgan bo‘lishi kerak, yo‘qsa ular ham qo‘shiladi). Keyin o‘zinikini, so‘ngra farzandlarinikini ham to‘g‘irlab berishi kerak. Kelgusida biror tushunmovchilik kelib chiqmasligi uchun u tug‘ishgan aka-uka, opa-singillarinikini ham to‘g‘rilashga targ‘ib qilishi kerak.

Albatta, nikoh qayd etilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ham to‘g‘irlab chiqiladi, so‘ngra pasport va haydovchilik guvohnomasi ham almashtiriladi. Maktabni bitirganlik to‘g‘risidagi attestatlar, mayli, shart emasdir, lekin Oliy yoki o‘rta maxsus o‘quv yurtini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplomni ham almashtirishga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin (Lupa bilan hujjat tekshiradigan kadrlar bo‘limi xodimi tushib qolsa).

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunining 15-moddasida O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslar, o‘z millatidan qat’i nazar, o‘z ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar, deb belgilab qo‘yilgan.

Shunday ekan, qonunda belgilangan huquqqa keng yo‘l ochib, ushbu jarayonni nihoyatda osonlashtirish kerak. Toki o‘z oilasining ism-familiyasidagi xatolarni to‘g‘irlamoqchi bo‘lgan inson barcha ajdodlari va qarindoshlaridan yuridik jihatdan uzilib qolmasin. Ya’ni ota-onasini, aka-ukasini FHDYo idorasiga sudrab yurmasin.

Masalan, notarius va pasport ma’lumotlari bazalarda eski — xato yozilgan ism-familiya ham saqlanib qolib, qachon yangi familiyaga o‘zgartirilgani qayd etilsa, kifoya. Bu albatta o‘tish davri uchun muhim. Sekin-asta yangi tug‘ilayotgan avlod to‘g‘rilangan yangi familiyaga o‘ta boshlaydi, 2-3 avlodda hamma g‘alizsiz yozilgan ism-familiyaga ega bo‘ladi.

Yodingizda bo‘lsa, bundan 15 yillar ilgari tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar uch tilda: o‘zbek, rus va ingliz tillarida yoziladigan qilinuvdi. Nimadir bo‘ldi-yu, metrika yana SSSR vaqtidagidek, o‘zbek yo rus tillarida yoziladigan ko‘rinishga qaytdi.

O‘sha uch tillik variant juda ma’qul edi. Menimcha, uch tillik variantni qayta tiklash kerak. FHDYo bo‘limlari xodimlari uchun ism-familiyalarni to‘g‘ri yozish bo‘yicha seminarlar o‘tish kerak.

Buning uchun eng avvalo to‘g‘ri yozilgan eng keng tarqalgan ismlar reyestrini shakllantirib borish lozim. Ma’lum bir o‘zgarmas qoida shakllantirib olinishi kerak. O‘sha reyestrda ismlarning rus va ingliz tilidagi transliteratsiyasi ham yonma-yon turishi kerak. Quyida ba’zi misollarni keltiraman:

  • «O» harfi — rus va ingliz tillarida «A» ko‘rinishida: Boboyev, Babayev, Babayev;
  • «X» harfi — rus tilida «X» va ingliz tilida «Kh» ko‘rinishida: Xo‘jayev — Xodjayev — Khojayev
  • «Q» harfi — rus tilida «K», ingliz tilida «Q» ko‘rinishida: Qosimov — Kasimov — Qasimov
  • «O‘» harfi — rus tilida vaziyat va ohangga qarab «U» yoki «O», ingliz tilida «U» yoki «O» ko‘rinishida: O‘rinov — Urinov — Urinov; O‘roqov — Orakov — Oraqov
  • «H» harfi — rus tilida «X», ingliz tilida «H» ko‘rinishida: Hotamov — Xatamov — Hatamov
  • «G‘» harfi — rus tilida «G», ingliz tilida «Gh» ko‘rinishida: G‘afforova — Gaffarova — Ghaffarova
  • So‘z boshi va ochiq bo‘g‘inda kelgan «Ye» harfi — rus tilida «Ye», ingliz tilida «Ye» ko‘rinishida: To‘rayeva — Turayeva — Turayeva; Yefimova — Yefimova — Yefimova
  • «E» harfi — rus tilida «E», ingliz tilida «E» ko‘rinishida: Eshmonov — Eshmanov — Eshmanov; Eshonqulov — Eshankulov — Eshanqulov
  • «J» harfi — rus tilida «Dj», ingliz tilida «J» ko‘rinishida: Jo‘ramurodova — Djuramuradova — Juramuradova
  • Ruscha ism-familiyalardagi «J» harfi — o‘zbek tilida «J», ingliz tilida «Zh» ko‘rinishida: Jdanova — Jdanova — Zhdanova
  • Ruscha ism-familiyalardagi «SHCH» harfi — o‘zbek tilida «Shch», ingliz tilida «Schch» ko‘rinishida: Shchedrin — SHCHedrin — Shchedrin
  • Qoraqalpoqcha va ruscha ism-familiyalardagi «Y» harfi — o‘zbek tilida «I», ingliz tilida «Y» ko‘rinishida: Malisheva — Malysheva — Malysheva

Albatta, yuqoridagilar tasavvur hosil bo‘lishi uchun shunchaki bir misol edi. Bu ishga yetuk filolog-mutaxassislar jalb qilinsa, qabul qilinadigan qoidalar yanada sayqallanadi.

Adliya vazirligidagi mas’ul xodimlar ushbu holatga birrov e’tibor berishsa yaxshi bo‘lardi. Takror ta’kidlamoqchiman: gap yoppa hammaning familiyasini o‘zbekcha ko‘rinishga keltirish haqida ketmayapti. Lekin o‘zi va farzandlarining ism-familiyasini o‘zbekcha ko‘rinishga keltirishni istovchilarga yengillik yaratish lozim. Kelgusida hujjatlar bilan bog‘liq muammolar vujudga kelmasligi uchun jarayonni osonlashtirish kerak.

Shuhrat (hujjatda Shuxrat) Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid
Top