13:10 / 02.04.2022
7759
Fitch Ratings O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha prognozni pasaytirdi

Fitch Ratings 2022 yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati 3,1 foiz bo‘lishini prognoz qilmoqda. Agentlikning avvalgi prognozida YaIM o‘sishi 5,5 foizga baholangandi. Mamlakatning suveren kredit reytingi BB- (barqaror) darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Foto: Getty Images

2022 yilning 1 aprel kuni Fitch Ratings xalqaro agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini chop etdi, deya xabar bermoqda Moliya vazirligi axborot xizmati.

Hisobotga ko‘ra, respublika suveren kredit reytingining bahosi VV- (barqaror kutilma) darajada tasdiqlangan.

«O‘zbekistonning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralari, mo‘’tadil davlat qarzi darajasi va BB reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari respublika suveren kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillar bo‘lgan», deyiladi xabarda.

Shu o‘rinda, mamlakatning xomashyo tovarlariga bog‘liqligi, institutsional va boshqaruv sifati darajalari sustligi, yuqori inflatsiya darajasi va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsuloti (YaIM) pastligi respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida keltirilgan.

Qayd etilishicha, jahonda yuzaga kelgan vaziyat O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish pasayishiga, 2022–2023 yillarda joriy operatsiyalar hisobi defitsiti va inflatsiya darajasi ortishiga olib keladi.

Agentlikning yangilangan prognoziga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati 3,1 foizni tashkil qiladi. 2021 yilning 8 oktabr kuni e’lon qilingan hisobotda bu ko‘rsatkich 5,5 foizga baholangandi.

Mazkur prognoz pul o‘tkazmalari kamayishi tufayli uy xo‘jaliklari iste’moli kamayishi, investitsiya loyihalari kechikishi, tashqi qarz jalb qilish shartlari qat’iylashishi, valutaning ko‘proq qadrsizlanishi va yuqoriroq inflatsiya kutilmalari bilan izohlangan.

Fitch’ning kutilmalariga ko‘ra, fiskal siyosat va xomashyo (oltin, mis va gaz) eksporti uchun qulay narxlar shok ta’sirini yumshatishga xizmat qiladi.

Agentlikka muvofiq, milliy valuta kursi pasayishi, yuqoriroq inflatsiya kutilmalari va oziq-ovqat narxlari sababli 2022 yilda inflatsiya darajasi o‘rtacha 12,7 foizni tashkil qiladi.

Shuningdek, 2021 yilda yuqori iqtisodiy o‘sish, barqaror valuta kursi va qarz jalb qilish sur’ati pasaygani sababli davlat qarzining YaIMga nisbati kamaygani e’tirof etilgan. 2021 yil yakunida hukumatning likvid aktivlari yuqori darajada (YaIMga nisbatan 23,5 foiz) saqlab qolingan.

O‘zbekistonning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:

  • makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlagan holda yuqori iqtisodiy o‘sishga erishilganda va aholi jon boshiga YaIM miqdorining BB reytingiga ega davlatlar bilan farqi kamayganda;
  • «qonun ustuvorligi», «aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik», «tartibga solish sifati» va «korrupsiyani nazorat qilish» kabi boshqaruv standartlari sezilarli yaxshilanganda;
  • fiskal va tashqi zaxiralar sezilarli oshganda.

O‘zbekistonning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda pasaytirilishi mumkin:

  • tashqi moliyaviy ko‘rsatkichlar yomonlashganda, pul o‘tkazmalari doimiy kamayishi, tashqi savdo defitsiti oshishi va to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sof hajmi kamayishi sababli joriy operatsiyalar hisobi manfiy saldosi ortishi, xalqaro zaxiralarning sezilarli darajada kamayishi yoki tashqi majburiyatlarning tez oshishi;
  • iqtisodiy o‘sish sur’atining davomiy sekinlashishi, davlat qarzining YaIMga nisbati keskin oshishi yoki suveren fiskal buferlar kamayishi.
Top