18:07 / 02.04.2022
30800

Hayot sinovlariga dosh bergan 5 qizning onasi

Besh qizning onasi, oltiariqlik 35 yoshli Zulayho Turg‘unboyevaning boshidan kechirgan mashaqqatlari qalblarni larzaga soladi. O‘g‘il tug‘ib bermading, deya turmush o‘rtog‘i boshqaga uylanib uydan chiqib ketgani, yashab turgan hovlisini qo‘shni ayol makr bilan boshqaga sotib yuborishi ortidan u 5 qizi bilan ko‘chada qolib ketgan. O‘z hovlisining bir burchagida non pishirish sexining kichik xonachasida hojatxonasiz 4 yil yashagan...

Shunday paytlar bo‘lganki, farroshlik qilib ro‘zg‘or tebratayotgan onasi farzandlari uchun bozordan meva olib kelsa, norasidalar hojatxona yo‘qligidan meva yeyishga botina olishmagan.

Yaxshilar bor ekan, makr bilan 7 ming dollarga pullab yuborilgan hovlisini yaxshilar ko‘magida 30 ming dollarga qaytarib olgan...

 (Sotib yuborilgan hovli)

Zulayho 2003 yilda turmushga chiqdi. 2016 yilda to‘rtinchi qizidan keyin beshinchi farzandi — Shukrona dunyoga keldi. Hammasi shundan boshlandi...

«Tumandagi 30-maktabda 9-sinfgacha o‘qidim. Shundan keyin Qapchig‘ay qishlog‘idagi kollejda iqtisodiyot yo‘nalishida tahsilni davom ettirdim. Talabalik davrimda onam vafot etdi. Oilada 6 nafar farzand edik. 5 qiz va bir o‘g‘il. Men uchinchi farzand edim.

2003 yilda onamning qarindoshiga turmushga chiqdim. Kelin bo‘lib tushgan uyda chol-kampir bo‘lgani uchun keksalarni parvarish qiladi, deb meni olib berishgan ekan.

2004 yilda katta farzandim Shohsanam tug‘ildi. To‘ng‘ich qizimdan keyin yana 3 qizni dunyoga keltirdim. 4-qizim dunyoga kelgunicha hammasi maromida edi. Xo‘jayinim bilan yaxshi yashaganmiz. Namunali oila edik. Mahallaning oldi kelini edim. Xo‘jayinim bilan hovlimizning bir burchagida tadbirkorlikni boshlab kichik «xleb» sexi ochgan edik.

2016 yilda 5-qizim dunyoga keldi. Orada qaynota-qaynonamlar o‘tib ketishdi. 5-qizim tug‘ilgandan keyin erim ichkilikka ruju qo‘ydi. Men xo‘jayinimni to‘g‘ri yo‘lga solmoqchi bo‘ldim, lekin uddasidan chiqa olmadim.

Xo‘jayinim o‘g‘il farzand xohlab, boshqa qizga uylanib oldi. U ayoldan o‘g‘il farzand ko‘rdi.

2016 yilning 8 dekabr kuni sud ijrosidan vakil bo‘lib bir odam hovlimizga kirib keldi. Bu paytda xo‘jayinim yangi oilasi bilan boshqa joyda yashar edi. Men esa 5 qizim bilan hovlida yolg‘iz qolgan edim», – deydi u.

 (Zulayho Turg‘unboyeva qizlari bilan)

Zulayho qahraton qish faslida 5 qizi bilan ko‘chada qoldi. U paytda qo‘lida 6 oylik chaqalog‘i bor edi. U ilojsizlikdan ota uyiga ketishga majbur bo‘ldi.

«Ijrochilar xo‘jayinim hovlini sotib yuborgani, uyni bo‘shatishimiz kerakligini aytdi. Men karaxt bo‘lib qolgandim. Mahalladan, ichki ishlar bo‘limidan odam keldi. Hovlini boshqa shaxsga sotib yuborilganidan xabarim yo‘qligi, hatto oldi-berdi shartnomasiga imzo qo‘ymaganimni aytib, uyni bo‘shatmasligimni ijrochilarga aytdim.

Bu masalalarning barchasi sudda ko‘rilishini aytishib, 5 nafar bolam bilan meni ko‘chaga chiqarib qo‘yishdi. Ota uyimga bosh olib ketdim.

Xo‘jayinimning o‘zgaga uylanib olgani, yashab turgan hovlimizning boshqaga sotib yuborilishi, boshqa bir tomonda farzandlarimning mungli ko‘zlari — bularning barchasi menga qattiq ta’sir qildi. Natijada tanamning bir tomoni ishlamay qoldi. Hassaga suyanib qoldim. FHDYo idorasida hassaga tayanganimcha farroshlik qilib farzandlarimni boqib yurdim. Mahalladan yordam ham so‘ramadim. Birovga og‘irligim tushishini xohlamasdim».

Eri 5 qizni mehribonlik uyiga topshirmoqchi bo‘ldi. Lekin Zulayho bunga rozi bo‘lmadi. U jondan aziz qizlarini mardikorchilik qilib bo‘lsa ham bir o‘zi boqishga ahd qildi.

«Ota uyimda qiynaldim. Farzandlarimning maktabi olisda qolib ketgan. Uzoqdan qatnash muammo. Men esa hujjat ishlari bilan tegishli tashkilotlarga «yugurar» edim.

Kunlarning birida otamning jahli chiqib xo‘jayinimga qo‘ng‘iroq qildi-da «farzandlaringni olib ket, xohlasang ularni mehribonlik uyiga joylashtir», deb koyib berdi. Otam menga achinganidan, meni iztirobga tushib azoblanayotganimni ko‘rib chiday olmasdan shu gaplarga aytishga majbur bo‘lgandi.

Shundan keyin xo‘jayinim hokimiyatga kelib bolalarimning mehribonlik uyiga topshirishligini aytibdi. Men bunga qarshi bo‘ldim. O‘sha kuniyoq prokuraturaga kirib hovlimiz burchagidagi «xleb» sexiga gaz ulab berishda ko‘mak berishlarini, mardikorchilik qilib bo‘lsa ham bolalarimni o‘zim boqishimni aytdim. Uy masalasa hal bo‘lgunicha yashash uchun joy yo‘qligidan sexning kichik xonasini boshpana qilishdan boshqa chora yo‘q edi.

Ota hovlimda yashashni o‘zimga ep ko‘rmadim. Bolalarimning o‘ksinib qolishini istamas edim.

Bir tomondan farzandlarimning bolaligini o‘g‘rilab qo‘ygan bo‘lsak, boshqa bir tomondan esa zurriyodlarim qiz bo‘lib dunyoga kelganidan va buning uchun boshimizga shuncha kulfatlar kelayotganidan o‘zlarini ayblashayotgandek edi».

Zulayho kunduz kunlari tokzorda ishladi. Qosh qorayganda uyga kelib farzandlari holidan xabar olib, undan keyin davlat xizmatlari markazida farroshlik qildi.

«Prokuratura yordam ko‘rsatib, sotilib ketgan hovlimiz chetidagi sexning kichik bir xonasiga gaz ulab berishdi. O‘sha sexning xonachasida 5 qizim bilan 4 yil yashadim. Bu uychaning hojatxonasi yo‘q. Chelakka hojat chiqarardik. Farzandlarim dunyoga kelgan sevimli hovlimizning bir chetida hojatxonasiz bir uychada yashar edik. Hovlimizda esa yetti yot begonalar yashashardi.

Kunduz kunlari uzum bog‘da, kechasi esa tuman davlat xizmatlari markazi binosida farroshlik qilib yurdim. Shu markazda qurilish bo‘layotgan mahal ustalarga ovqat qilib yurib oshpazlik ham qildim. Xo‘jayinimning muqim ishi yo‘qligidan uni alimentga bermagan edim. Xo‘jayinim yo‘l ko‘rsatadigan odami yo‘qligidan to‘g‘ri yo‘ldan adashgan edi.

Yoshligimda bog‘dorchilik bilan shug‘ullanganim uchun uzum parvarish qilish qo‘limdan kelardi. Tokzorda yonimga 5-6 ayollarni olib 2 yil ishladim. Erta tongdan soat 18 gacha tokzorda ishlasam, uyga kelib farzandlarim holidan xabar olib keyin davlat xizmatlari markaziga farroshlik qilish uchun ketardim. Ikki joyda ishlab ro‘zg‘ordan oz-moz pul orttirganim uchun uy masalasiga yechim topish ilinjida sudlarga qatnay boshladim. Bu orada 4-qizim «sariq kasal» bo‘lib qoldi. Uni kasalxonaga yotqizdim. Qo‘limda esa chaqalog‘im bor edi», – deydi Zulayho.

Zulayho beshinchi qizini boqishga qiynalganidan emas, yaqin dugonasining qiz farzandi yo‘qligidan berdi.

«Boshimdan ko‘p musibatlar o‘tdi. Bu hayotda juda ko‘p narsa yo‘qotdim. Lekin shu paytgacha afsuslanmadim. Farzand boqib qiynalmadim, ular mening boyliklarim deyman. Alloh ularni yaratib qo‘ygan ekan, bolalarimning rizqi har tomondan keladi. Haqiqatni aytishim kerak. Bozordan bir qop un yoki yog‘ olmayman. Oltiariq tumanimizda shunday saxovatpesha insonlar borki, ular tomonidan xarajatlar tashlab ketiladi. Ularning hatto kimligini ham bilmayman.

Saxovatpesha insonlarni namozlarimda doim duo qilaman. Yolg‘iz qolganimda ko‘p yig‘layman. Qanday insonlarning kelini edim, deya. Men tushgan oila katta ehson qiluvchi, namunali oila edi. Ota-onamdan ko‘ra ham hayotda yaxshi insonlarni topganman, deb quvonib yurardim. Qaynona va qaynotamlar menga ota-onamdan ham ko‘proq mehr berishgan. Ularning duosidan men uyimni qaytarib olishga erishdim, deb o‘ylayman. Ular meni ko‘p duo qilishgan.

4 yil sex ichida yashagan paytda xo‘jayinim mahalla ahlidan oriyat qilib, qizlarini ko‘rgani ham kelmay qo‘ydi.

5-qizimni qiynalganim sababli emas, o‘zimning yaqin dugonamga qiz farzandi yo‘qligidan berdim. Dugonam qizimni olib har hafta holimizdan xabar olib turishadi. Kimlardir farzandini dugonasiga sotibdi, deb gap ham chiqarishdi. Jahl ustida xo‘jayinimga farzandlaringizni ko‘chada ko‘rsangiz ko‘ring, lekin uyga kelmang, deb aytganman. Mana uyimni qaytarib ham oldim. Hozirgi hayotim yaxshi. Allohga shukr, nolimayman».

Zulayho uylari qanday qilib sotilib ketganini ham gapirib berdi. U xo‘jayini bilan birga «xleb» sexini yurgizish uchun kredit olgan ekan. Bozorda un narxi ko‘tarilib ketishi ortidan sex kasodga uchragan. Oila kredit to‘lashda qiyinchilikka duch kelgan. Yulduz ismli qo‘shni ayol kreditni to‘lab bermoqchi bo‘ldi...

«Hovlimizda sex ochgan paytda ba’zi bir jihozlarga pul yetmay qolganidan kredit olgan edik. «Xleb» seximiz avvalida yaxshi yurdi. Bozorda un narxi ko‘tarilib ketishi ortidan seximiz kasodga uchradi. Keyin sexni yopib qo‘ydik.

Orada xo‘jayinim ichagidan rak bo‘lib qoldi. Shifokorlar bu jiddiy kasallik ekani, buning oxiri o‘lim bilan tugashi haqida aytishib bizni qo‘rqitishdi. Kasallik bilan jiddiy kurashib erimni davolatdik. Xo‘jayinim tuzalib ketdi. Lekin sexni yurgizish uchun olingan kredit to‘lovi to‘lanmay qolib ketgan edi.

Men u paytda dalaga paxta tergani chiqardim. Bir kuni daladan qaytsam (u paytda qaynonam hayot edi) so‘rida o‘tirgan qaynonam kelganimni ko‘rib «yaxshiyamki mahallamizda yaxshi insonlar bor ekan», deb qoldi. Qaynonamdan gap nima haqida ekanini so‘raganimda qo‘shni ayol Yulduzxon uyga chiqib sexni nega yurgizishmayotganini so‘ragani, xo‘jayini kredit to‘lovi sabab to‘xtatib turilganini qo‘shni ayolga aytganida qo‘shni ayol birovlarning qo‘lida katta puli borligi, kredit to‘lovini to‘lab berishligi, sex ishini davom ettirishlarini aytgan. Buning evaziga esa qo‘shni ayol sexni garovga qo‘yib berasiz, degan.

Davlatdan kredit olish uchun sex o‘rni bo‘lgan 2 sotix yerni hujjatlashtirib o‘sha joy garovga qo‘yilgan edi. Qo‘shni Yulduz opaga joy allaqachon garovga qo‘yilganini xo‘jayinim aytganida bu masalani maslahatlashib ko‘ramiz, deb chiqib ketgan ekan.

Qo‘shni ayolning bu taklifini eshitib xo‘jayinimga kalta o‘ylamang, bu ayol juda ko‘pchilikni chuv tushirgani haqida eshitganman deb aytdim. Shu shu bu mavzu yopilib ketgan edi».

Qo‘shni ayol Zulayhoning erining boshini aylantirib kreditingni to‘lab beraman, evaziga yashab turgan hovlingni garovga qo‘yib berasan, deb notariusdan tasdiqlatib oldi. Bu ish Zulayhodan yashirincha amalga oshirildi...

«Bir muddat o‘tib qaynonam vafot etdi. Xo‘jayinim kasal bo‘lib qolganida davolatmoqchi bo‘lib bo‘sh turgan tomorqamizni sotib yuborgan edik. Sotilgan puldan 400 dollar olib qaynonamga shifokorlar rakning davosi yo‘q deyishayotgani, mana bu pulni olingda ehtiyot shart erimning marosimlariga ishlatishga olib qo‘ying, deb bergan edim. Bu pullarni qaynonam kamzulining cho‘ntagida ehtiyotlab yurdi. Qaynonam kasal bo‘lib qoldi orada. Buning ustiga xo‘jayinimni 3-marta operatsiya qilishimiz kerak edi. Pul topa olmay qaynonamdagi 100 dollarni olib ishlatdim. Qaynonamning qulog‘iga sirg‘a olib bergan edim. Uni ham sotdim. Shu pullarni ishlatib qaynonam va xo‘jayinimni shifoxonadan sog‘-omon olib chiqdim.

Oradan bir oz vaqt o‘tib qaynonam og‘irlashib qoldi. Qaynonam kamzulidagi qolgan 300 dollarni olib yon qo‘shnimiz xo‘jayinimning amakisi Hoshim xojining yoniga kirib xo‘jayinim yoki qaynonamga bir narsa bo‘lib qolgudek bo‘lsa, o‘limtigiga ishlatasiz deb berdim.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay qaynonam vafot etdi. O‘sha pulga ularning barcha marosimlarini o‘tkazdim. Aynan mana shu marosimlar bilan ovora bo‘lib qolganimda qo‘shni Yulduz opa xo‘jayinimni ko‘cha boshidagi notariusga olib chiqib kreditingni to‘lab beraman, evaziga yashab turgan hovlingni garovga qo‘yib berasan degan. Xo‘jayinim uyimni garovga qo‘ymayman deganida ayol unda ishonchnoma yozib berasan, deb amallab ko‘ndirgan ekan. Mening ishtirokimsiz va imzomsiz notariusda hovliga ishonchnoma qildirilgan. Mahalla komitetidagilar xo‘jayining uyingga Yulduzga ishonchnoma qildirib beryapti, deb bir og‘iz aytishmagan.

Bu paytda homilador edim. 2016 yil 24 iyunda beshinchi qizim dunyoga keldi. Kenjam chaqaloqligida ijrodan odam kelgan edi. O‘z hovlimdan chiqarib tashlashdi».

Qo‘shni ayol Yulduz Xonqiz degan qishloqda yashovchi Davlat ismli tanishidan 7000 dollar qarzdor bo‘lib, u hovlining Davlatning nomiga o‘tkazib berib, o‘sha qarzidan qutulmoqchi bo‘lgani keyinroq oydinlashadi....

«Hovlini qaytarib olish uchun sudlarga qatnadim. Uy uchun to‘polonlar qildim. Qo‘limga sotilgan uy pulini olmaganman-ku. Ishonchnomaga meni qo‘l qo‘ygan, deyishdi. Lekin keyinchalik qo‘l qo‘ymaganligim o‘z isbotini topdi. Menga kredit to‘lashga deb aldab imzo qo‘ydirib olishgan ekan. Kredit to‘lab beramiz, deb aytishib hovliga ishonchnoma tayyorlatib hovlini boshqasiga sotib yuborishgan ekan.

Yulduzning Xonqiz degan qishloqda yashovchi Davlat ismli tanishidan 7000 dollar qarzi bor ekan. Yulduz hovlimizning Davlatning nomiga o‘tkazib berib, o‘sha qarzidan qutilmoqchi bo‘lgan.

Men bu paytda sexning kichik bir hojatxonasiz xonasida 5 farzandim bilan yashar edim. Sudlarga shu masalada uchrasam faqat Davlat tomoniga hal qilib berdi. Sud haqiqatni yuzaga chiqarib bermadi. Hech kim holatni aniq kelib o‘rganmagani alam qildi. «Ayb o‘zlaringda»dan boshqasiga o‘tishmadi.

Qaysi tashkilotga uchramay, qay bir shaxs bilan gaplashmay ular uyimni baribir qaytarib ololmasligimni aytishardi».

Mahalla ahli Zulayhoni besh farzandi bilan hech qayoqqa ketmaydi, deya qo‘riqlashgan. Hattoki, tuman hokimi bergan uyning kalitini ham rad etishgan.

«Hovlimni qaytarib olaman deb oldimga qat’iy maqsad qo‘ydim. Hokimbuva Qiziltepadan hattoki uy beraman, deb kalitlarigacha qo‘limga tutqazdi. Lekin rozi bo‘lmadim. Mahalla ham men tomon bo‘lib bu yerdan chiqib ketmaysiz, deb turib olishdi.

Mahalla ahli hokimning yoniga borib, «Besh qizi bilan bu ayolni hech qayerga chiqarmaymiz», deyishdi. Ayol besh qizi bilan begona joyga chiqib ketsa, qizlari chiroyli, o‘zi esa yosh juvon, ona ishga chiqib ketsa qizlarini tergaydigan odam yo‘q, har qanaqa isnodli vaziyatlar bo‘lishi mumkin, deya mahalla men uchun, oilam uchun jon kuydirdi.

Qachonki o‘z uyini qaytarib oladi o‘shanda uyiga kiradi, ungacha pekarniy ichida yashaydi deb turib olishdi. Mahalla ahli doim moddiy yordam berib turdi».

Zulayhoga «Mehrjon» ayollarni himoya qilish markazidan yordam taklif qilindi. U bu tashkilot muammoni hal qilib berishiga ishonmas edi. Zulayho uyga o‘t qo‘yishga ham majbur bo‘lgan kezlar bo‘ldi.

«Mahallamizda Vali aka degan kishi bor. Shu aka menga «Mehrjon» degan jamg‘arma borligi, himoyaga muhtoj ayollarga jamg‘arma yordam berajagi haqida aytdi.

Oradan bir muddat o‘tib «Mehrjon» jamg‘armasidan Xurshida ismli ayol qo‘ng‘iroq qilib oilamni o‘rganishlarini, yordam berishlarini aytdi. Ertasi kuni ular men ishlaydigan tokzorga borishdi. Xurshida opa bilan mahallamizda yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda uyimizni aldab sotib yuborgan Yulduz ham ishtirok etdi. Uyimizni 7000 dollar hisobiga olgan Davlat ismli bola Poloson qishlog‘ida yashovchi Nuriddin Bo‘ronovga 15 000 dollarga sotib yuborgan ekan. Nuriddin sotib olgan uyida yashab yurdi. Uyning yangi xo‘jayini bilan urishdim. Alamimni ichimga sig‘dira olmay hatto bir kuni uyga benzin bilan yoqib yubordim ham. O‘tni darhol o‘chirishdi...» – deydi Zulayho.

Zulayho jigar sirrozi kasaliga chalindi. U bu hayotda farzandlari uchun ham yashashi kerakligini anglab yetdi. Kasallikka qarshi astoydil kurashdi...

«Yangi ko‘chib kelgan xonadon egasi mahallani chaqirib osh bermoqchi bo‘ldi. Lekin oshiga hech kim chiqmadi. Biz qanday qilib osh yegani kiraylik? Besh bolasi bilan tirik tul bir uychada tiqilib o‘tiribdi, deb qo‘shnilar chiqishmagan.

Mahalladagi yoshi kattalarni o‘z otamdek ko‘raman. Kichiklarni esa akamdek. Ular qizlarimni tergasa men doim xursand bo‘lganman. Mahalla mening otam va onam. Mazam qochsa, hayoting uchun shuncha kurashding, deya birma bir hamma yo‘qlab chiqadi.

Yaqinda qattiq betob bo‘lib qoldim. To‘satdan butun tanam shishib ketgan edi. Apparatga tushsam jigar sirrozi tashxisi qo‘yishdi. Jigar sirrozi bo‘lsam o‘lib qolar ekanman, deb tushkunlikka tushib qoldim. Davolandim lekin foydasi bo‘lmadi. Mahalladan issiqxona qurib berishgan edi oilamizga harna bo‘lar deb. Issiqxonada 3 marta ko‘chat qilib sotib pulini ehtiyotlab qo‘ygandim. Shu pulga qolip va pech olib seximizga ishga tushiraman deb yurgan edim. Qolip olishga ulgurdim, lekin pech olishga kelganida pullarimni davolanishga sarfladim.

Farg‘ona shahridagi xususiy klinikaga borib vrachga turmush o‘rtog‘im yo‘qligi, besh qizim uchun ham hali yashashim kerakligini aytdim. U yerda aniq tashxis qo‘yisha olmadi. Chunki bir oy davomida ichim yurmadi. Qornim shishib, rangim sarg‘ayib ketgan edi. Keyingi tekshirish natijalari asab buzilishidan ko‘p sohalarning ishlash tizimi sustlashganini ko‘rsatdi. Yaratganga shukr ancha yaxshi bo‘lib qoldim. Masjidlardan yordam berishdi o‘sha paytda. Hozir ham yordam berib turishibdi».

Tuman hokimi fermerlardan 10000 dollar, imom xatib atrofdan 20000 dollar yig‘ib, 7000 dollarga sotilgan hovlini 30000 dollarga qaytib sotib olib berishdi. Zulayho maqsadiga yetdi.

«Farzandlarimni xafa bo‘lishini xohlamayman. Menga tosh otilsa ham ko‘taraman. Lekin farzandlarimning bir tomchi ko‘z yoshini ko‘tara olmayman. Chunki ularning bolaligini ularning hayotlarini afsus nadomatga tushirib qo‘yganmiz. Farzandlarim bolalik gashtini surmadi, deb hisoblayman. Bular yosh bo‘lsa-da, mashaqqatlarni ko‘rib turib ulg‘ayib qolishgan.

Kunlarning birida bog‘dagi ishni tugatib uyga keldim. Qarasam ikkinchi qizim xafa bo‘lib yig‘lab o‘tiribdi. «Nega yig‘layapsan?» deb so‘rasam uyimizni sotib olgan Nuriddin so‘kib, haqorat qilganini aytdi. U qizlarimni «haromilar» deb koyigan ekan.

Xo‘rligim kelib idishdagi benzinni oldim-da eshigini tepib to‘g‘ri uyiga kirib bordim. Eshik yonidagi bog‘lab qo‘yilgan it ham uyga kirishimga to‘sqinlik qila olmadi.

Uyga benzinni to‘kdimda jahl ustida, agar yana bir marta qizlarimni xafa qiladigan bo‘lsang uyingga o‘t qo‘yaman, bir kun kelib uyimni baribir qaytarib olaman, deb nola qildim. O‘zimni to‘xtata olmas edim bu paytda. Uyga to‘kilgan benzin ustiga esa gugurt chaqib tashladim. Uyda olov alanga oldi. Darhol Ichki ishlar xodimlari uyga yetib kelishdi. Mahalladan ham tumonat odam yig‘ildi.

Ichki ishlar xodimlariga sizlar ham bir kun men yashayotgan uyda hojatxonasiz yashab ko‘ringlar, bolalaringni garshokka o‘tirg‘izib, uni kech soat 12 da tashqariga to‘kib kelinglar, mening holatimni keyin tushunasizlar, dedim. Ichki ishlar xodimlariga bir kun kelib uyimni albatta qaytarib olishimni aytdim. Ular mening holatimni tushungandek bo‘lishdi.

Bolalarim tug‘ilgan uyni farzandlarim xohishiga ko‘ra qaytarib olish birdan bir tilagim edi. Janjal bo‘lib o‘tgan kuni xo‘rligim kelib barcha hujjatlarni taxt qilib, Mehrjon jamg‘armasi rahbari Xurshida opaning yoniga bordim. Xurshida opaga uyni qaytarib olish zarurligi, hujjat ishlari va yo‘lkira uchun pul to‘plab qo‘yganimni aytdim. Mahalla ahli ham jim qarab turishmadi. Sud va advokatlik ishlari uchun pul yig‘ib berishdi, baraka topishsin.

Xurshida opa Tanzila Norboyevaning qabuliga borish kerakligini tushuntirdi. Tanzila Norboyeva qabulidan chiqqanimdan keyin Umid ismli advokatga uchrashish lozimligini tushuntirishdi. Advokat qabuliga kirdim. U agar hovli hadya tarzida hujjatlashtirilgan bo‘lsa qaytarib olish muammo ekanini uqtirdi. Advokat Davlatnazar ismli jurnalist borligi, Oltiariqqa kelib ziddiyatli holatni o‘rganish kerakligini aytdi.

Oradan bir muddat o‘tib, Xorazmdan Davlatnazar Ro‘zmetov kelib holatni o‘rgandi. Farzandlarimdan ham intervyu oldi. Tayyorlagan intervyuni internetga chiqarib yubordi. Saytda chiqqan lavhadan keyin barcha rahbarlar harakatga tushib qolishdi. Buning ortidan juda ko‘plab odamlar tomonidan menga yordam taklif qilingan. Ba’zilar uy kalitlarini berishib hovlingizni qaytarib olguningizcha yashab turing deya takliflar berishgan. Rozi bo‘lmadim.

Tuman hokimi fermerlardan 10000 dollar, imom-xatibimiz atrofdan 20000 dollar yig‘ib, uyni qaytib sotib olib berishdi. Mahalla oqsoqollari va mahalladoshlarning barchasi pul yig‘ishda o‘z hissalarini qo‘shishdi.

7000 dollarga sotilgan hovlini qo‘ldan qo‘lga o‘tib 30000 dollarga qaytarib sotib oldik. Uyning oxirigi egasi hovlimizning chap tomonida qurilgan barcha imoratlarni buzib, materiallarigacha o‘zi bilan olib ketdi. Uyni buzayotganlarida janjal ko‘targanimda oqsoqollar shashtimdan qaytarishgan».

Zulayhoning qizlari «qornimiz og‘rib qolgudek bo‘lsa hojatxonaga qayerga boramiz?» deb u bozordan olib kelgan mevalarini atay yeyishmas edi... Buni keyinchalik qizlaridan biri aytib berdi.

«Surunkali gepatitim bo‘lgani uchun qizlarim mening siqilishimni xohlashmaydi. Ular otasini ich-ichidan sog‘inib tursalar-da, buni menga bildirmaslikka harakat qilishadi. Farzandlarim menga siz sabab bo‘lib uyimizni qaytarib oldik deb ko‘p aytishadi.

Bu narsa butun umr xotiramda qolsa kerak: hovlimizga qaytib kirgan paytimiz kichik qizim «urra endi bizning ham hojatxonamiz bor», deb hojatxonaga yugurgan. Bu holatdan allanechuk bo‘lib ketganman.

Biror tanishim bilan uchrashib qolsam, ularning uyimni ta’mirlash kerak degan gapini eshitib qolgudek bo‘lsam, hozirgacha xojatxonalaring bo‘lsa bu sizlarning boyliklaring deyman. Chunki pekarniyda yashagan paytimizda bog‘da ishlab yurgan kezimda uyga quruq kelmas edim. Bolalarim o‘ksimasin deya ularga bozorning oldi narsasini yedirardim. Olib kelgan mevalarni tozalab yuvib bolalarimning yoniga qo‘yar edim. Lekin negadir ular yeyishmas edi...

(4 yil davomida oilaga boshpana bo‘lgan pekarniy)

Keyinchalik uyni qaytarib olganimizdan keyin qizlarimdan biri bir gap aytsam xafa bo‘lmaysizmi, deb qoldi. Pekarniyda yashaganimizda qornimiz og‘rib qolgudek bo‘lsa qayerga hojatxonaga boramiz, deb olib kelgan mevalaringizni atay yemas edik...

Bu gaplardan keyin namozni o‘qiyotib, o‘ksinib yig‘ladim. Keyin yaxshilab eslab ko‘rsam rostdan ham qizlarim o‘sha paytda olib kelgan mevalarni yeyishmas edi. Bularning barchasini qizimning gapidan keyin esladim. Mevalarni mahalla bolalariga berar edim.

Xalq yonida, barcha-barchaning yonida men qizlarimdan kechirim so‘rayman. Chunki biz yoshlik qilganmiz. Birov bizga yo‘l ko‘rsatmagan. Mening oriyatim kuchlilik qilgan o‘zgadan yordam so‘ragani. Farzandlarim uchun ham uyimizni qaytarib oldik. Butun Oltiariq xalqiga, tuman imom-xatibiga, hokim va prokurorlarga, umuman menga yordam bergan barcha-barchaga rahmatlar aytaman. Ular meni hozirgacha qo‘llab-quvvatlab kelishadi. Uyda xarajatim bo‘lsa-da, ular yana olib kelishadi. Ular kasalligim tufayli meni ayashib farzandlaring uchun ham sog‘liging kerak, og‘ir mehnat qilma deb doim uqtirib kelishadi».

Zulayho garchi o‘zi va farzandlarini tashlab ketgan bo‘lsa ham, xo‘jayini keyingi turmushidan ko‘rgan o‘g‘li bilan baxtli yashashini xohlaydi.

«Xo‘jayinimni kimdir shu yerda, yana kimlardir Rossiyada deydi. Yana kimlardandir uning qidiruvda ekanini eshitganman. Xo‘jayinimning hayoti men uchun umuman qiziq emas, chunki buyog‘iga o‘zim oyoqqa turishga harakat qilaman.

Katta qizim otasi bilan gaplashib turadi. Telefon nomerimni atay ko‘p almashtiraman. Nomerimni bilib qolib telefon qilsa, raqamimni darhol yangisiga almashtirib olaman. Xo‘jayinim bilan gaplashishni ham xohlamayman. U insonning taqdiri meni qiziqtirmaydi. Uning niyati o‘g‘il ko‘rish edi. Eng yaxshi kunlarini o‘sha farzandidan ko‘rsin, deyman. Boshqa unga yomon tilagim yo‘q.

Birovning yonida xo‘jayinimni yomon demayman, chunki undan yomonlik ko‘rmaganman. Hayotda erkak kishi adashsa uni Alloh ham kechiradi, deyishadiku. Ayol kishi adashmasin deyman. Ayol kishining adashishi to‘g‘ri kelmaydi, chunki men shu kungacha beshta farzandimning kelajagini o‘ylab ish tutganman. Qiynalsam ham shu farzandlarimni halol yo‘l bilan boqishga harakat qilaman. Chunki halollik bo‘lsa Alloh yetkazaveradi bandasiga. Men bu narsani o‘zimning boshimdan o‘tkazdim. To‘g‘ri yurib, to‘g‘ri turganim uchun yonimda ming so‘m pulim qolsa, ko‘p sinayman, besh dona qurut bo‘lsa ham olib kelib bolalarimga beraman», – deydi u.

Zulayho besh qizi bilan novvoyxonada yashagan kezlarda farzandlarining eski-tuski usti boshlarini yoqib, uychani isitar edi. U hozir bu damlarni xuddi tushida ko‘rgandek eslaydi...

«Haligacha qish faslida pekarniyda yashagan damlar ko‘z o‘ngimdan o‘tadi. Huddi qo‘rqinchli tushga o‘xshaydi. Ba’zida gaz bo‘lgan, ba’zida bo‘lmagan. O‘tin olib kelsam uni qo‘ygani joy bo‘lmagan. Farzandlarimning eski tuski usti boshlarini yoqib uyni isitar edim. Xleb pechi bor edi uni yoniga temir pechka qo‘yib turib, dimoxodidan pechning trubasini ulab kun ko‘rganmiz. Lekin shunda ham afsuslanmaganman.

Men hayotimdan afsuslanmaganman, chunki farzandlarim chiroyli aqlli, xushli. Men bormanki, hayotda farzandlarimga muammo yo‘q deganman. Hayot uchun kurashganman. Bundan keyin ham kurashaman. Ko‘pchilik qiziqib so‘rashadi to‘rtta farzandni qanday qilib boqyapsiz deb. Bizning turmush o‘rtog‘imiz turib yetkaza olmaymiz deyishadi. Men ko‘proq Allohga ishonaman, eng ko‘pi ibodatlarimda surayman halolidan, g‘oyibidan rizq bergin deb. Hech kimga og‘irligimni tushirmagin Alloh deyman. Alloh yetkazadi. Alloh g‘oyibidan beradi, deb jim o‘tirmayman. Harakat qilyapman...».

Yaxshilarning ko‘magi bilan o‘z uyini qaytarib olgan Zulayho tinch o‘tirgani yo‘q. Uning olam-olam rejalari va orzulari bor.

«Kimdir kelib somsa yoki patir qilib bering, deb buyurtma qiladi. Kimdir qatlama qilib bering deydi yoki kimdir opa bugun ishim bor edi, bolamga qarab turing, deya farzandlarini tashlab ketishadi. Ularga enagalik qilaman.

Davlat tomondan issiqxona qurib berilgan. Erta bahorda ko‘chat qilamiz. Hovliga uzum ekib qo‘yganman. U yerga ham issiqxonali tok qilmoqchiman. Issiqxonaning ichida ham uzum bo‘ladi, ham bodring. Pomidor eksa ham bo‘ladi.

Oldinda rejalarim juda ko‘p. Birinchi navbatda sexni yurgizmoqchiman.

Uyda enagalik qilaman bekor o‘tirgandan. Davlat ishida ishlaydigan insonlarning farzandiga qarayman. To‘ylarga patir, somsa buyurtma berishadi, qilib beraman.

Endi nasib bo‘lsa uy egasi tomonidan buzilib ketgan uy o‘rniga bog‘cha qilmoqchiman. Yoniga esa hojatxona hammom, hamma sharoiti ichida qilib ikki qavatli uy qurmoqchiman. 1-qavatini uy bog‘cha qilmoqchiman, tepasini chevarxona, IT markazi tashkil qilaman», – deydi Zulayho.

***

Oilaning qizlari ota-onasi vaqtincha tashlab ketgan bolajonlarni o‘ynatib hovli sahnida yurar, Zulayho esa tomorqadagi ekinlarni parvarish qilardi. Bir qarashda mashmashalardan bezgan hovli ham chinakam egasini o‘z bag‘riga olganidan sevingandek edi...

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Top