12:00 / 02.04.2022
6726
“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh geologiya-qidiruv, burg‘ilash ishlari va tabiiy gaz qazib chiqarilishi holatini o‘rganish maqsadida Ustyurtda bo‘ldi (Foto)

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari tomonidan Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida tabiiy gaz konlari va quduqlarida olib borilayotgan ishlar holati, vaxta rejimida ishlayotgan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

O‘rganish ishlari dastavval “Sharqiy Berdaq” kompleksidan “Buxoro-Urol” magistral gaz quvurigacha bo‘lgan gaz quvurining gaz o‘tkazish quvvatini oshirish maqsadida, qo‘shimcha 22 km (diametri 530 mm) gaz quvuri qurilish-montaj ishlaridan boshlandi.

Hozirda ushbu gaz quvuri qurilish-montaj ishlari uchun zarur bo‘lgan diametri 530 mm bo‘lgan gaz quvuri uchun 22 km po‘lat quvurlar yetkazib berilgan bo‘lib, mas’ullar payvandlash ishlari 97 foizga bajarilgani hamda boshqa qilingan ishlar bo‘yicha hisobotlarini taqdim qilishdi.

Boshqaruv raisi o‘rganish jarayonida qurilish-montaj ishlarini yanada tezlashtirish hamda buning uchun zarur choralar ko‘rilishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Quvur armaturalari yetkazib berilishi, gaz quvurini 15 may kuniga qadar bosim ostida sinash ishlarini yakunlash bilan ishga tushirish bo‘yicha boshqarma rahbariyati va departament boshliqlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Ustyurt regionida uglevodorodlar zaxirasini o‘stirish Dasturi doirasida olib borilayotgan burg‘ilash ishlarini o‘rganish maqsadida “Jagiz” maydonidagi 1-sonli, “Sirsuar” maydonidagi 2-sonli va “G‘arbiy Quyi Surgil” konidagi 2-sonli izlov qidiruv quduqlarida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari bilan yaqindan tanishib chiqildi.

“Quyi Surgil” va “Surgil” konlarida gaz qazib chiqarish holati konlardagi quduqlarda qazib chiqarish jarayonlarini joyiga borib o‘rganish vaqtida tahlil qilindi.

Ustyurt boshqarmasi reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi va quduqlarni burg‘ilash, kapital ta’mirlash, texnologik obektlarni ishga tushirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar “Arslon” konida tashkil etilgan shtabda o‘tkazilgan yig‘ilish davomida muhokama qilindi.

Muhokama chog‘ida, 2022 yilning yanvar-mart oylarida boshqarmada 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilib, reja ko‘rsatkichi 100 foizga bajarilgani, shuningdek o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 132,5 foizni tashkil etgani e’tirof etildi.

Tabiiy gaz qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlashga qaratilgan jami 21 ta geologo-texnik tadbirlar amalga oshirilgani, shundan 8 ta yangi gaz quduqlari burg‘ilashdan ishga tushirilgani, 11 ta mavjud gaz quduqlarida kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari olib borilgani va texnologiya yo‘nalishida 2 ta tadbirlar bajarilgani borasida Boshqaruv raisiga tahliliy hisobot berildi.

Boshqarmada gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish uchun yangi ishlatish quduqlarini burg‘ilash, kapital ta’mirlash va texnologik obektlarda olib boriladigan modernizatsiya, rekonstruksiya ishlari va gaz quvurlarini ishga tushirish bo‘yicha loyihalar mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.

Fevral oyida Ustyurt regioniga qilingan tashrif davomida “Arslon gazni kompleks tayyorlash qurilmasi”ni 1 ta qo‘shimcha kunlik 3 mln kub metr gazni tayyorlash quvvatiga ega bo‘lgan texnologik tarmog‘ini qurish loyihasini ichki imkoniyatlardan kelib chiqib qurish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar o‘rganilib, Muborak va Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari hamda zavodlardan texnologik uskunalarni olib chiqish, parallel ravishda umumiy qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

Boshqaruv raisi tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida yangi burg‘ilash quduqlarini va texnologik obektlarni ishga tushirish uchun loyiha ishlab chiqish ishlari, zarur bo‘lgan 22 km uzunlikdagi diametri 426, 530 va 168 mm hajmdagi quvurlarni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib yetkazib berish, zarur quvur armaturalarini xarid qilish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha tegishli departament boshliqlariga va boshqarma rahbariyatiga alohida vazifalar belgilab berildi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari tomonidan Ustyurt regionidagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Top