18:20 / 03.04.2022
30380

“Tashabbusli budjet” loyihasining ilk mavsumi g‘oliblari e’lon qilindi

Moliya vazirligi “Tashabbusli budjet” loyihasining 2022 yil 1-yarim yillik mavsumi uchun g‘oliblar tasdiqlanganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 69,7 mingta tashabbusdan 40,2 mingtasi moderatsiyadan o‘tib ovozga qo‘yilgan va ular jami 6 718 133 ta ovoz yig‘gan. Ular orasidan 2215ta tashabbus g‘olib deb topildi.

G‘olib deb topilgan loyihalardan namunalar / Openbudget.uz saytidan skrinshot

Mazkur tashabbuslarni amalga oshirish uchun budjetdan 1,1 trln so‘m ajratilgan.

Tashabbuslar hududlardagi ijtimoiy muammolar yechimi yuzasidan bo‘lib, mahalliy yo‘llarni asfaltlash, ijtimoiy muassasalar – maktab, bog‘cha, shifoxonalarni ta’mirlash, mahallalarni ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi takliflar shular jumlasidan.

Fuqarolar tomonidan takliflar 1 fevraldan 22 fevralgacha qabul qilingan edi. Qabul qilingan tashabbuslar moderatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgach, ovoz berish jarayoni 5 martdan 1 aprelgacha davom etdi.

Ovoz to‘plash jarayoni qizg‘in kechganini ta’kidlash lozim.

Faol va o‘z hududiga befarq bo‘lmagan fidoyi insonlar har bir tashabbus bo‘yicha alohida rejalar ishlab chiqishdi, turli taktika va strategiyalar qo‘llashdi. Joylarda targ‘ibotning turlicha usullari qo‘llandi. Mahalla raislari uyma-uy yurib ishladi.

Joylarda fuqarolar o‘z loyihalarini faol tashviqot qildi, bunda tashviqotning qonun bilan taqiqlanmagan turli yo‘llaridan foydalanildi. Ayrim hududlarda ovozlar uchun pul to‘lash holatlari ham kuzatildi, bunda bitta ovoz uchun 2 ming so‘mdan boshlab narx taklif qilindi. Shu bilan birga, mahalliy hokimliklar tomonidan turli ma’muriy yo‘llar bilan tanlangan takliflarga ko‘proq ovoz yig‘ilgan holatlar ham bo‘ldi.

Ilk bor o‘zbekistonliklar birdamlik bilan budjetni taqsimlash jarayonida qatnashishdi. Budjet pullari xalqniki ekanligini tanasida his qilishdi va bu pullarni sarflashda ishtirok etishdi. Eng muhim deb hisoblangan loyihalar qo‘llab-quvvatlandi.

Aytish mumkinki, bu loyiha o‘zbek xalqining salohiyatini ko‘rsatib berdi. Bu o‘zbekistonliklar davlat pullari qanday ishlatilishiga befarq bo‘lmasliklari, budjetdan qanday foydalanilishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatishni o‘rgana boshlaganidan dalolat bo‘ldi.

Respublikaning turli nuqtalarida qizg‘in kurashlarda qatnashgan aholi vakillari endi o‘z mehnati samarasini ko‘radi. G‘olib bo‘lgan loyihalar ishtirokchilari g‘alabani katta xursandchiliklar bilan nishonlashmoqda. 

Xususan, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidagi Katta Qashqar mahallasi g‘alabani karnay-surnay bilan nishonladi.

Andijon viloyati Oltinko‘l tumani “Bo‘ston” mahallasi aholisi Yog‘du ko‘chasini asfalt qilish loyihasi “Tashabbusli budjet”da g‘alaba qozonganini salyut otib nishonladi.

“Tashabbusli budjet”ning 2-mavsumi iyul oyida start oladi. Unda har bir fuqaro tashabbuskor va ovoz beruvchi bo‘lishi mumkin. Birinchi mavsumda ishtirok etgan va yetarli ovoz to‘play olmagan loyihalar dolzarbligini yo‘qotmagan bo‘lsa, ikkinchi mavsumda takroran ishtirok etadi.

Top