15:30 / 03.04.2022
8168
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Navro‘z bayrami keng nishonlandi

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida nishonlangan Navro‘z sayilida yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rgazmasi, faxriylar uchun bayram dasturi taqdim etildi.

Navro‘z — an’analar, qadriyatlar, mehr-oqibat ayyomi. Muhammad al-Xorazmiy  nomidagi  Toshkent  axborot  texnologiyalari  universitetida bu bayram  o‘zgacha  nishonlandi. “Assalom  Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbirida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi qamrovidagi barcha muassasalar faol ishtirok etishdi. Ular tomonidan o‘zbekona an’analar, qadriyatlar aks etgan tomoshalar uyushtirildi.

Chor tarafga taralgan o‘zbek taomlari ifori, tulpor-u tuyalarning savlati-yu, o‘tovlarda bezatilgan dasturxonlar haqiqiy o‘zbekona udumlarni aks ettirgan. Talabalar o‘rtasida milliy sport o‘yinlari musobaqalari bayramning yanada qizg‘in o‘tishiga xizmat qildi.

Universitet ma’muriyati ushbu tadbir doirasida bir nechta foydali maqsadlarni ko‘zlagan holda o‘z talabalari bandligini ta’minlash uchun “Bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rgazmasi” ham tashkil qildi. Joriy yilning 4 mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan ko‘rgazmada talabalar o‘z qiziqishlari va sohalaridan kelib chiqib ish topishga muvaffaq bo‘lishdi. Ahamiyatlisi ular bilan shu yerning o‘zida mehnat shartnomalari imzolandi.

Tadbirga tashrif buyurgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov bu bayram kommunikatsiya va milliy qadriyatlar uyg‘unligida o‘tayotganini aytib o‘tdi:

“Bayram bahonasida ko‘p maqsadlarni amalga oshirishni niyat qildik. Eng avvalo, yoshlarimizni ish bilan ta’minlash uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Ko‘plab IT kompaniyalari kelib, o‘z vakansiyalarini e’lon qilishyapti, ular orasida hatto Belarus kompaniyalari ham bor. Bundan tashqari sohadagi barcha korxonalar o‘z chiqishlarini namoyish etishmoqda. Bu sayillar yoshlarga AKT sohasida faqat kompyuterda o‘tirishni emas, balki o‘zbekona urf-odatlarni singdirish, o‘z tarixini anglatishga xizmat qiladi”.

Shodiyonaga kelgan talabalar o‘qish bilan birgalikda ishlab tajriba orttirish uchun bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rgazmasi doirasida ish topishganini ta’kidlashdi.

Diana Ayupova, talaba:

“Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Dasturiy injyenering fakultetining 1-kurs talabasiman. Bugun universitetimizda bayram bilan birgalikda o‘tkazilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida o‘zimga mos ish topdim. Shu yerning o‘zida mehnat shartnomasi imzolandi”.

Ayniqsa, mehr-oqibat bayrami munosabati bilan start berilgan “Inson qadri” loyihasi chindan savobli ish sanaladi. Loyiha asosida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan esdalik sovg‘alar topshirildi.

Xurshid Istamov, talaba:

“Bayram yuqori shukuhda o‘tyapti, kutmagandik bu darajada bo‘lishini. Bu ta’lim muassasasining boshqalardan farqi shundaki, biz kabi imkoniyati cheklangan yoshlar uchun alohida e’tibor qaratiladi. Bu yil bitiruvchi kursmiz, 4 yil mobaynida yaxshi sharoit va qulayliklarda tahsil oldik. Shu tomonlari bilan universitetimiz ancha ilg‘or”.

Bayram tadbirida yoshlar bilan birgalikda muassasa faxriylariga ham munosib ehtirom ko‘rsatildi. Shu sohada faoliyat yuritgan, AKT sohasi rivojida o‘z hissasini qo‘shgan barcha faxriylar uchun to‘kin dasturxon ustida konsert dasturi namoyish etildi.

“Bugungi Navro‘z sayilini o‘tkazishdan bir nechta maqsadlarni ko‘zlaganmiz. Avvalo talabalarimizni ish bilan ta’minlash – ular shu yerning o‘zida ishga qabul qilinmoqda.

Keyingi maqsadimiz – mahalla bilan ishlash. Bu yerga mahallalardan uyushmagan yoshlarni ham taklif etganmiz. Shuningdek, ta’lim dargohida o‘qiyotgan 104 nafar imkoniyati cheklangan talabalarimiz uchun ham o‘zgacha bayram bo‘lishini istadik. Bu talabalar uchun universitetda alohida auditoriyalar tashkil qilingan, dars jarayoni surdo-tarjimonlar orqali yetkaziladi.

Bugun ilk marta universitetimizning faxriylari bir joyga yig‘ilishdi. Ya’ni ikki avlod uchrashuvi ham bo‘lib o‘tyapti. Bularning barchasi kelganlarning kayfiyatini ko‘tarishga, yoshlarimizni olg‘a intilishga undaydi deb umid qilaman”, — deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Baxtiyor Mahkamov.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring:

Telegram: t.me/tuituz_official

Instagram: www.instagram.com/tuit.offi

Rasmiy sayt: tuit.uz

Universitet rektorining Telegram kanali: t.me/taturektori

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Matbuot xizmati

Top