13:38 / 04.04.2022
62396
«Biz o‘ylaganchalik arzon emas ekan» - Belarusdan O‘zbekistonga kelgan IT-mutaxassislarining dastlabki taassurotlari 

Inqiroz sababli Belarusdagi ayrim aytichilar Toshkentdan qo‘nim topishdi. dev.by nashri ularning O‘zbekiston poytaxti haqidagi dastlabki taassurotlari bilan qiziqdi.

Foto: Kun.uz / Muhammadjon G‘aniyev

Nashr Nikolay, Vitalik va Ivan, DevOPS-muhandis Anton, iOS-dasturchi Ivan va Python-dasturchi Dmitriy, aytichi Sergey va ismlari sir saqlanishini so‘ragan yana ikki mutaxassis bilan suhbatlashdi.

Nima uchun O‘zbekiston?

Suhbatdoshlar turlicha javob qaytarishdi: Gruziyaga ketishni rejalashtirgan, ammo Toshkentda kompaniyaning ofisi bor edi; O‘zbekistonda yashash arzon deb o‘ylagan; Samarqand, Buxoroni ko‘rishni anchadan buyon orzu qilgan.

Ivan O‘zbekistonga 1 mart kuni oilasi bilan kelgan va Turkiyaga ketishni rejalashtirmoqda. Uning aytishicha, O‘zbekistonda yashash juda qimmat. Nikolay ham O‘zbekistonni «boshqa mamlakatga ketish uchun o‘tkazuv punkti» deb hisoblaydi.

Ularning ko‘pchiligi uchun sharoitlar jozibali bo‘lib tuyulgan. O‘zbekistonda xususiy korxona ochib, o‘z-o‘zini band qilgan shaxs maqomini olish yoki mahalliy IT-park rezidenti bo‘lib, 7,5 foiz daromad solig‘ini to‘lash mumkin. Kompaniya buning uchun O‘zbekiston hududida yuridik shaxs tashkil etishi, «iqtisodiy asoslangan biznes-rejasi bo‘lishi va faoliyatini maxsus ro‘yxatga asosan amalga oshirishi lozim».

O‘zbekistonga qanday kelishdi?

Nikolay Toshkentga 15 mart kuni Rossiya orqali kelgan. «Moskvadan uchdim, bojxonada so‘roq qilishdi, kelishdan maqsadim, kim bo‘lib ishlayman, keyinchalik O‘zbekistonda ishlaymanmi va hokazo. Telegram, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarimni ko‘rishdi. Qo‘rqinchli emas, lekin yoqimsiz holat».

Boshqa qahramonlarni hech kim so‘roq qilmagan, ammo chipta olish muammo bo‘lgan. DevOPS-muhandis Antonni xotini, uch farzandi va ikkita iti bilan kompaniya olib kelgan.

Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab aytichilarni aeroportda mahalliy IT-park vakillari kutib olmoqda: ularni mikroavtobuslarda mehmonxonaga olib ketishmoqda.

Bank kartasi olish: 10 daqiqa va 10 dollar

Bank kartasi olish muammo emas: Anton 10 dollarga va 10 daqiqa ichida MasterCard, 10 dollarga va 3 daqiqa ichida mahalliy Uzcard kartasini olgan. Qolganlar karta ochishmagan – 1 aprelni kutishgan. Shu kundan «aytichilarning ishga joylashishi uchun yengilliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan». O‘zbekiston axborot sohasidagi investorlar, IT-kompaniyalar muassislari va mutaxassislarga hamda ularning oila a’zolariga IT-viza berishni rejalashtirgan. Jismoniy shaxslar uch yillik viza olishlari mumkin.

Viza ularga uch yil davomida O‘zbekistonga to‘siqsiz kirib-chiqish, respublikaning istalgan hududida qayta ro‘yxatdan o‘tmasdan yurish, O‘zbekiston fuqarolari uchun ko‘zda tutilgan sharoitlarda ta’lim va tibbiy xizmat olish imkoniyatini beradi. 

Bundan tashqari, IT-park rezidentlari uchun imtiyozlar ko‘zda tutilgan: barcha turdagi soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan, daromad solig‘i stavkasi 7,5 foiz, dividend solig‘i 5 foiz. 

Uy-joy kutilganidan ko‘ra qimmat

Toshkentga oilasi va itlari bilan kelgan Anton dastlab mehmonxonada besh kunga nomer olgan, so‘ngra bir oyga uzaytirgan (bir sutka turish 70 dollar, bir oyga esa 1300 dollar). Sababi kvartira topish cho‘zilib ketgan. Mahalliy ijaraga beruvchilarning 95 foizi mushuklarni uyga qo‘yishga tayyor, ammo itlar ham kiritilishiga mutlaqo qarshi. Anton oxir-oqibat 600 dollarga uch xonali uy topgan.

Suhbatdoshlarning aytishlaricha, migrantlar oqimi o‘sgani sababli Toshkentda ijara narxlari oshib ketgan. «Uylar qimmat, — deydi Ivan. — Mehmonxonalar bir tun uchun 40 dollardan boshlanadi (uni ham izlab topish kerak). Sutkalik kvartiralar ham arzon emas. Qisqa muddatga ijara takliflari kam. Uyni agensiz topish juda qiyin, agentlar esa birinchi oy to‘lovidan 30–50 foiz komissiya olishni istashadi.  

Metro liniyasida joylashgan «suvaraklarsiz 2-3 xonali uy» ijarasi 600 dollardan boshlanadi. Plyus kommunal to‘lovlar, agent komissiyasi, ba’zan garov ham bor. Men markazdan 800 dollarga kvartira topdim va u ideal deyishdan juda uzoq. Ammo shunga ham xursand bo‘ldim, mehmonxonadan to‘ygandim», — deydi u.

Uning adashi Telegram-chatda 800 dollarga kvartira topgan va to‘rt nafar hamkasbi bilan yashamoqda. Mahalliy riyeltorlar haqida salbiy fikrda: riyeltorlarning ishi kvartira egasi bilan kelishayotganingda sening yoningda turish va unga «bular tuzuk odamlar, kvartirani beraylik» deyish xolos. 

Dmitriyning ta’kidlashicha, «oxirgi paytda uzoq muddatga ijara rasmiylashtirgan chet elliklarning uylariga politsiya kelmoqda». Ammo suhbatlar «juda xushmuomala» o‘tadi. Shunchaki hududlarida kim yashayotganini bilish uchun kelishganini aytishadi.

Internet: past tezlik va ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi 

Nikolayning aytishicha, «shahardagi internetga chidasa bo‘ladi, faqat kovorkinglarda bemalol ishlash mumkin». Vitalik «kovorking kuniga 100 ming so‘m atrofida (8,60 dollar)»ligini aytdi.

«Internet — unchalikmas, oyiga 120 ming so‘m (10,4 dollar), 50 Mb/s, lekin ping juda yuqori – 200-300 atrofida. Ammo aksariyat kovorkinglarda chilim bor: 18:00-19:00dan keyin bu yer gavjum bo‘ladi, chilim chekish ham mumkin», — deydi Vitalik.

«Internet sifati dahshat, bloklashlar kuchli. Buyurtmachining resurslariga VPN orqali kirishda muammolar paydo bo‘lishiga tayyor turish kerak. Vaqti-vaqti bilan internetdan rouming orqali foydalanishga to‘g‘ri keladi, chunki boshqa variantlar ishlamaydi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Ivan 100 Mb/s tezlikdagi internet unga oyiga 180 ming so‘mga (15 dollar) tushayotganini aytdi. Ammo «soat 21:00dan keyin tezlik 25 Mb/sgacha tushib ketadi». Dmitriy ham shunday fikrda — kechki payt internet tezligi pasayib ketadi.

Mamlakatda Twitter, TikTok va «VKontakte» bloklangan.  

Toshkentda yashash qanchaga tushadi?

Metroda yo‘lkira 1400 so‘m (12 sent), avtobusda — 1700 so‘m (15 sent). «Yandeks.Taksi» o‘rtacha 20–25 ming so‘mgacha (1,7–2 dollar).

Mutaxassislardan birining so‘zlariga ko‘ra, kafelarda xizmat ko‘rsatganlik uchun umumiy hisobdan foiz olinadi. «Cho‘chqa go‘shtini topolmadim, tovuq, qo‘y, mol go‘shti serob. Baliq ham bor. Ko‘plab do‘konlarda Rossiya mahsulotlarini ko‘rish mumkin. Bozorlarda savdolashsa bo‘ladi», — deydi u.

«Men ikki katta yoshli va bir yosh bola bilan kafeda ovqatlandim – hammamiz uchun 12–15 dollar bo‘ldi. Arzonroq choyxona yaqinida yashasang, uyda ovqat qilmasang ham bo‘ladi. Katta tovoqdagi osh 2-3 dollar turadi», — deydi Ivan.

«Mahalliy aholi pul sarflashga tayyor odamlar kelganidan xursand»

Suhbatdoshlar toshkentliklar juda mehmondo‘st va xushmuomala ekanliklarini aytishdi. «Mahalliy aholi pul sarflashga tayyor odamlar sinfi kelganidan xursand», — deb hisoblaydi Anton. «Belaruslarga nisbatan munosabat yaxshi, mahalliy IT-parkdagi yigitlar ularning moslashishiga yordam berishmoqda», — deya qo‘shimcha qiladi Dmitriy.

«Umuman olganda, bir necha yil avvalgi Minskni eslatadi. Toshkent infrastrukturasi sovet davrida qurilgan infrastrukturaga o‘xshaydi. Bir qarashda barchani qoniqtiradigan o‘sha avtoritarizm. Mahalliy davlat gazetasini ko‘zdan kechirdim – 2020 yilga qadar chiqqan «Sovet Belorussiya»si gazetasiga o‘xshaydi».   

Dmitriy, Python-dasturchi.

«Mahalliy aholi bizni mehmon deb ataydi. Ilgari qanday yashagan bo‘lsak, shunday yashashimiz mumkin. Asosiysi, “to‘g‘ri” bo‘lsang bo‘ldi. Ko‘pchilik rus tilida gaplashadi yoki tushunadi», — deydi Vitalik. Va qo‘shimcha qiladi: «O‘zbekistonni doimiy yashash joyi sifatida tanlamagan bo‘lardim, ammo bu yer albatta kelishga arziydi».

O‘zbekistondagi hayot haqida yana ayrim fikrlar

«Kun va tun juda tez almashadi, 18:00dan keyin bu yerdagilar yarim uyquda yurishadi, ammo uyg‘onish juda oson».

«Bu yerda hamma mashinalar bir xil – oq rangli Chevrolet. Haydovchilar juda tez va zich yurishadi. Yo‘lni kesib o‘tayotganda hushyor bo‘lish kerak, piyodalarga yo‘l berishni xohlashmaydi».

«Shahar muhiti juda bahstalab. Parklar ko‘p, lekin bu yerda piyodalar hech kim emas. Yo‘llar keng, ba’zan kesib o‘tish joyini topish uchun kilometrlab yurish kerak. Kesib o‘tish joylarida svetofor yo‘q va hech kim senga yo‘l berishga shoshilmaydi».

«Bu yerda hamma mehmondo‘st, uylariga chaqirishadi, palov bilan mehmon qilishadi».

«Ko‘chalarda formali odamlar ko‘p».

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top