22:29 / 04.04.2022
4393

IIV tizimida yo‘l infratuzilmasiga mas’ul jamg‘arma tashkil etilmoqda

“Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” jamg‘armasi mablag‘lari yo‘l harakatini tashkil etish sohasida undiriladigan ayrim jarima, olinadigan yig‘im va to‘lovlar, ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari uchun har yili budjet parametrlarida ko‘zda tutiladigan mablag‘lardan shakllantiriladi. Hokimliklarning maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari YHXBlarga o‘tkaziladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda IIV YHXX huzurida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 4 aprel kuni imzolangan qarorda ko‘zda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilangan:

  • yo‘l harakatini tashkil etish sohasida undiriladigan ayrim jarima, olinadigan yig‘im va to‘lovlar;
  • ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari uchun har yili budjet parametrlarida dasturlar asosida ko‘zda tutiladigan mablag‘lar;
  • jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklariga depozit hisobraqamlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
  • davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratiladigan grantlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik va xayriya tarzidagi mablag‘lari;
  • xalqaro moliyaviy institutlar va banklar tomonidan ajratiladigan kreditlar;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga sarflanadi:

  • yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalari, ularning ehtiyot qismlari, o‘rnatish uchun belgilangan konstruksiya va qurilish materiallari hamda maxsus bo‘yoqlarini xarid qilish;
  • shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalarida yo‘l chiziqlarini chizish, yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini o‘rnatish, almashtirish, saqlash, demontaj qilish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni moliyalashtirish;
  • ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan zamonaviy maxsus texnika vositalari bilan ta’minlash, ularning xodimlari uchun har oylik va bir martalik rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
  • yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalarni moliyalashtirish;
  • maktabgacha ta’lim hamda xalq ta’limi vazirliklariga qarashli maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tarbiyalanuvchi va o‘quvchilarida yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni shakllantirishga qaratilgan moddiy-texnik va o‘quv bazasini yaratish, shuningdek, mahallalarda bolalarga yo‘l harakati qoidalarini amaliy o‘rgatish maydonchalariga yo‘l belgilarini o‘rnatish va yo‘l chiziqlarini chizish chora-tadbirlarini moliyalashtirish.

Qarorga binoan, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tuzilmasida Yo‘l infratuzilmasini nazorat qilish boshqarmasi, hududiy YHXB tuzilmalarida yo‘l infratuzilmasini nazorat qilish bo‘limlari tuziladi. Bu boshqarma va bo‘limlar ichki ishlar organlarining cheklangan shtat birliklari hisobidan tashkil etiladi.

“Uzavtomotobelgi” DUKda yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yish va ushbu sohada raqobat muhitini shakllantirish vazifasi yuklatildi.

Ichki ishlar vaziriga YHXBlarga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan malakali xorijiy mutaxassislarni maslahatchi sifatida shartnoma asosida jalb qilish huquqini beriladi.

Hujjatga binoan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari hamda Toshkent shahar hokimligining Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (keyingi o‘rinlarda – ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari) ikki oy muddatda tegishincha hududiy ichki ishlar organlarining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari huzuriga o‘tkaziladi. Bunda:

  • ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalarining bino va inshootlarini, ularning yondosh hududlari, moddiy-texnika bazasini, shu jumladan, yangi zamonaviy maxsus texnika bilan ta’minlagan holda topshirish choralari ko‘riladi;
  • ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalarining mavjud kreditor va debitor qarzlari to‘lanishi, ma’nan eskirgan va yaroqsiz holga kelgan moddiy-texnika vositalari hisobdan chiqarilishi ta’minlanadi.

Ichki ishlar vazirligiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • ikki oy muddatda ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalarining faoliyatini tartibga soluvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
  • ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari tegishli bino va inshootlari, ularning yondosh hududlari, zarur moddiy-texnika bazasi bilan ta’minlangan holda qabul qilinishini tashkil etish;
  • uch oy muddatda ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalarining faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini to‘liq o‘rnatish va ularning doimiy ishlashini ta’minlash bo‘yicha yangicha ish usullarini joriy etish.

Moliya vazirligi bir oy muddatda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari boshliqlari va ularning bir nafar o‘rinbosari lavozimlari ushbu bo‘linmalarning mavjud shtat birliklari hisobidan ofitserlik tarkibidagi xodim lavozimlariga o‘zgartirilishini ta’minlashi lozim.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Avtoyo‘l”ning yo‘l belgilarini ishlab chiqishdagi monopoliyasi bekor qilinishi, yo‘l harakati vositalari sohasidagi ishlarni moliyalashtirish uchun YHXB tizimida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika va viloyat jamg‘armalari tashkil etilishi, ularga har yili kamida 400 milliard so‘m tushadigan aniq manbalarga ega bo‘lishi aytilgandi.

Top