07:38 / 04.04.2022
9301
Pokistonda milliy assambleya tarqatib yuborildi

Pokiston prezidenti Orif Alvi bosh vazir Imron Xonga nisbatan ishonchsizlik bildirish bo‘yicha votum to‘sib qo‘yilgach, parlament quyi palatasini tarqatib yubordi. 90 kundan keyin mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazilishi kutilmoqda.

Foto: AP

Pokiston prezidenti Orif Alvi 3 aprel, yakshanba kuni mamlakat parlamenti quyi palatasi – milliy assambleyani tarqatib yubordi. Bungacha Pokiston parlamenti vitse-spikeri Qosim Xon Suri bosh vazir Imron Xon hukumatiga ishonch bildirish masalasi bo‘yicha ovoz berish jarayonini bekor qilib, bu konstitutsiyaga zid bo‘lishini ko‘rsatgan edi.

Endi Pokistonda 90 kundan keyin navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazilishi kutilmoqda. Ma’lum qilinishicha, saylovni tashkil etish bo‘yicha rasmiy so‘rov allaqachon prezidentga yuborilgan.

Muxolifat Pokiston bosh vazirini samarasiz iqtisodiy boshqaruv va korrupsiyada ayblamoqda. Shu hafta boshida Xon koalitsiyadagi asosiy hamkorlarning yordamini yo‘qotdi va natijada parlamentdagi ko‘pchilikdan mahrum bo‘ldi. Taxminlarga ko‘ra, agar ishonchsizlik votumi bo‘yicha ovoz berish jarayoni o‘tkazilganida, u o‘z lavozimini yo‘qotgan bo‘lardi.

Bosh vazirning o‘zi esa uni hokimiyatdan chetlatishga qaratilgan urinishlar ortida AQSh turganini, ushbu davlatga uning Xitoy va Rossiya bilan yaxshi munosabatlari yoqmayotganini aytdi. Vashington bu ayblovlarni rad etgan.

Mavzuga oid
Top