19:40 / 04.04.2022
13600
Tashabbus ko‘rsating, ovoz bering: jamiyat hayotida ishtirok eting

Televizorda rivojlangan demokratik davlatlarning parlamentlaridagi janjal, to‘polon va hatto mushtlashuvlarni ko‘rgan chiqarsiz? TV suxandonlari sizga uni qanday tushuntirganidan qat’i nazar, o‘sha janjallar asnosida deputatlar asosan budjet puli taqsimoti ustida tortishayotgan bo‘lishadi.

Bizda ham deputatlarimiz parlamentda, mahalliy kengashlarda budjet taqsimoti ustida «yoqa yirtishadigan» kunlarga yetib kelarmikanmiz? Unisini aniq bilmayman, lekin hozir xalq o‘rtasida mashhurlashayotgan «Tashabbusli budjet»dan ham xursand bo‘laverishimiz kerak. Chunki Ella Ostrogorjskayalar budjetga xo‘jayin bo‘lgan davrlarda bunaqasini tushimizda ko‘rardik.

Ha, odamlarimiz o‘zlarining ovozi jamiyatda nimanidir hal qilishda muhim o‘ringa egaligini tobora anglab, his qilib borishmoqda. Bu albatta, yaxshilikdan darak.

Tashabbus qanday shakllanadi va qancha mablag‘ ajratilgan?

«Ochiq budjet» portaliga 2022 yil 1-yarim yillik mavsumi uchun qariyb 70 mingta tashabbus jo‘natilgan. Ularni qo‘llash uchun 6,7 million ovoz berilgan. 2215ta tashabbus g‘olib deb topilgan.

Xo‘sh, ular qanday tashabbuslar? Asosan, ichki yo‘llar, ichimlik suvi tortish, ijtimoiy soha obektlarini ta’mirlash. Ilgari surilgan tashabbusga ketadigan mablag‘ miqdori 1 mlrd so‘mdan oshmasligi kerak.

Har bir tuman/shahar tasdiqlangan budjetining 5 foizi hamda qo‘shimcha mablag‘ining kamida 30 foizi hisobidan tegishli mablag‘lar «Tashabbusli budjet» jarayoni uchun ajratiladi. Moliya vazirligiga ko‘ra, ushbu mablag‘lar har bir hududda turlicha shakllanadi va o‘rtacha 5-10 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bu pul o‘sha aholining tashabbuslari uchun bo‘linadi.

Respublika bo‘ylab 2022 yilning birinchi yarim yilligi uchun g‘olib deb topilgan loyihalarga jami 1,1 trln so‘m ajratilgan.

Tashabbusli budjet jarayonlari 2022 yilda ikki marta amalga oshiriladi. Birinchisi o‘tib bo‘ldi.

Unda:

1 fevral – 22 fevralda batafsil ko‘rinishda taklif qoldirildi;

23 fevral – 4 mart oralig‘ida takliflar moderatsiya qilindi;

5 mart – 1 aprel davrida saralangan takliflar bo‘yicha fuqarolarning ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

Xullas, moderatsiya bosqichidan o‘tib, har bir fuqaro O‘zbekistondagi istalgan manzildan ko‘rsatilayotgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishi mumkin. Bu jarayon portalda ro‘yxatdan o‘tib yoki SMS xizmati orqali amalga oshiriladi. Bir fuqaro faqat bir marta ovoz bera oladi.

Ovoz berish jarayoni

Albatta, tizimning soddaligi ham odamlar katta qiziqish bilan ovoz berish jarayonlarida qatnashishiga turtki bo‘ldi. Tashabbus havolasi tushirilgan postlar ijtimoiy tarmoqlarda aylantirildi, blogerlar ham baholi qudrat yordam berishdi.

Reklama bukletlari va flayyerlari tarqatilgan, bozorlar va boshqa odam gavjum joylarda tashabbus havolasiga QR-kod tushirilgan bannerlar qo‘yilgan, hattoki ovozlar uchun pul mukofotlari ham taklif qilingan holatlar uchradi.

Bizga Surxondaryo viloyati Uzun tumanining olis Bobotog‘ tog‘i etagidagi Xo‘jaqulsin mahallasiga eltuvchi yo‘lga tosh-shag‘al aralashmasi tashlab, tekislanishini so‘rab qilingan murojaat kelgan edi. Surxondaryoga safarimiz chog‘ida surishtirganimizda, bu qishloqqa borish juda qiyinligi, u yerga faqat «Niva» avtomashinasida ikki kunda borib qaytish mumkinligi, yo‘llar loy, yomg‘irli kunda sel yuvib ketishini aytishgandi. Uzun tuman hokimi o‘rinbosari bu borada rahbarlarning xabari borligi, kunlar isiy boshlasa ishlar boshlanishini aytgandi. Biz vaqtimiz tig‘izligi va noqulay ob-havo tufayli borolmagan edik.

Endi ma’lum bo‘ldiki, Xo‘jaqulsin mahallasiga eltuvchi 15 km yo‘lni shag‘allashtirish ham tanlovga qo‘yilgan, Telegram kanallarda qayta-qayta reklama qilingach, g‘olib bo‘libdi.

Bildirilayotgan tashabbuslarga e’tibor bersangiz, uchdan bir qismini maktablarni ta’mirlash, jihozlash kabi loyihalar egallagan. Har to‘rtinchi loyiha ichki yo‘llarni ta’mirlash bilan bog‘liq. Keyingi o‘rinlarda maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash turibdi.

«Bu — yuzimizga tutilgan ko‘zgu. Haqiqatan ham yo‘llarimiz, maktablarimiz juda katta investitsiyaga muhtoj, davlat budjetini taqsimlayotganda hukumat ham ushbu muammolarni tizimli hal qiladigan mexanizmlar ustida bosh qotirishi kerak», deb yozadi DavletovUZ.

«Ochiq budjet ideal mexanizm emas, lekin u takomillashib boraveradi. Ammo baribir bizga kuchli, mustaqil parlament, mahalliy deputatlar kerak. Ular amalda budjetni taqsimlay olishi lozim. Yo‘qsa, qaytadan velosiped kashf qilishda davom etaveramiz», — degan bloger.

Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi – «Ochiq budjet»ning dilni xira qiluvchi tomonlari

O‘z-o‘zidan eng ko‘p bildirilgan taklif maktablar ta’miri bo‘lgani uchun, hokimlar va maktab direktorlari odatdagidek o‘qituvchilarni xonadonma-xonadon yurib, ovoz yig‘ishga majburlashdi. Bu holat barcha viloyatlarda kuzatilgan.

Nima bo‘lsa ham shu bahonada maktabi yo bog‘chasi ta’mirlanib, jihozlanib qolishini istagan direktorlar, mudirlarni ayblab bo‘ladimi bu o‘rinda?

Ijobiy tomonlari baribir ko‘proq

Chunki odamlar «Bersang – yeyman, ursang – o‘laman», degan davrlar o‘tganini his qilishi kerak. Bunday tashabbus ortidan ijtimoiy faol fuqarolar rag‘batlantiriladigan bo‘ldi. Xo‘jaqulsinga o‘xshash, chetdagi, aholisi ham biroz kamroq qishloqlar— loqayd bo‘lmagan bloger va jurnalistlarga chiqib ovoz yig‘ishlari mumkin bo‘lmoqda.

Ya’ni odamlarda jamiyat hayotiga daxldorlik hissi uyg‘onmoqda. Targ‘ib qilish nima, ovoz to‘plash nima, qanday usullarda reklama va targ‘ibot qilish kerakligini, g‘alaba qozonish uchun qanday qonuniy yo‘llardan foydalanish kerakligini o‘rganishmoqda, bilishmoqda.

Navbatdagi vazifa — o‘sha ajratilgan pullarning to‘g‘ri sarflanayotganini nazorat qilishni ham odamlarga qo‘yib berish.

Ko‘ryapmizki, ayrim rahbarlarimiz bot-bot takrorlab kelishayotgani — «odamlarimiz ochiq saylovlarga tayyor emas», «xalq hali demokratiyaga tayyor emas», deganlariga ters o‘laroq jamiyatimiz pishib yetilgan. Eng yaxshisini tanlab ololadi, o‘z haqini ajrata oladi.

Shuning uchun partiyalarning, saylanadigan mahalliy hokimiyat organlari rolini oshirish, mahalliy hokimlarni saylash jarayonini tezroq joriy qilish kerak. Buni birdaniga, yoppa bo‘lmasa ham, sekin-asta tumanlarda sinov tariqasida boshlash uchun fursat yetildi, deb o‘ylayman.

Toki, odamlarimiz budjet taqsimlash uchun ko‘cha-ko‘yda ovoz yig‘ib yurishmasin. Deputatlarimiz mahalliy parlamentlarda pul taqsimoti uchun yoqa yirtishsin. Ana shunda idealga yaqin, inson qadri baland demokratik jamiyat bo‘lgan bo‘lamiz.

* * *

Hali bizni 2022 yil uchun qizg‘in ikkinchi bosqich kutmoqda. Hal bo‘lishi mahallangizdagi ko‘pchilikka foydasi tegadigan muammolarni saralab turing. Endigi gal albatta sizning ham ovozingiz nimanidir o‘zgartira olishiga amin bo‘lasiz.

Tashabbus ko‘rsating, ovoz bering, jamiyat hayotida ishtirok eting! 

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Top