09:15 / 05.04.2022
3285

2021 yilda “O‘zbekinvest” xalqaro sug‘urta bozorida operatsiyalari hajmini 3 barobarga oshirdi

Xalqaro LIoyd`s sug‘urta bozoriga "O‘zbekinvest" EISK AJning faol kirib kelishi natijasida kompaniya 2021 yilda dunyo miqyosidagi sug‘urta bozorida o‘z faoliyati va ko‘rsatadigan xizmatlari turini kengaytirib, qayta sug‘urtalash bo‘yicha yalpi yig‘imni 20 million AQSh dollariga teng ekvivalentda ta’minladi va biznes hajmlarining dinamik o‘sishini 2020 yil natijalariga nisbatan 304 foizga oshirdi.

Foto: O‘zbekinvest

Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha kompaniya respublikada yetakchi o‘rinni egallagan bo‘lib, kiruvchi qayta sug‘urtalash (xizmatlar eksporti) orqali 15,5 million AQSh dollar miqdorida sug‘urta mukofotlari yig‘ilishini ta’minladi, bu esa 2021 yil mobaynida respublika sug‘urta kompaniyalari tomonidan yig‘ilgan qayta sug‘urta mukofotlari umumiy hajmining 49 foizini tashkil etdi.

Shuni ta’kidlash lozimki, so‘nggi 5 yilda kompaniyaning sug‘urta portfelidagi xizmatlar eksportining ulushi 0,1 foizdan 43 foizga oshgan.

Xususan, “Allianz SE” (Germaniya), “Zurich Insurance Group” (Shveytsariya), “Tokio Marine & Nichido Fire Insurance Co” (Yaponiya), AXA (Fransiya), “People Insurance Company of China” (Xitoy), “Korean Reinsurance Company” (Koreya), “Marsh” (AQSh), “AON”, “UIB”, “Consilium Insurance Brokers Ltd” (Buyuk Britaniya) kabi dunyo miqyosida tan olingan, mashhur transmilliy sug‘urta va global qayta sug‘urtalash kompaniyalari hamda brokerlari bilan 477 ta qayta sug‘urtalash shartnomalari tuzilgan.

Bu ko‘rsatkichlarning barchasi xalqaro sug‘urta bozorining ishtirokchilari va xorijiy hamkorlari, jumladan, dunyoning LIoyd`s xalqaro sug‘urta bozori tomonidan ham “O‘zbekinvest” kompaniyasining tan olingani, uning faol va nufuzli ishtirokchisi sifatida e’tirof etilganidan dalolat beradi.

Joriy yilda “O‘zbekinvest” kompaniyasida sug‘urta va qayta sug‘urtalash xizmatlari hajmini kengaytirish, mijozlar va xalqaro hamkorlar uchun jahon standartlari darajasida tezkorlik, xizmat ko‘rsatish sifati va ishonchliligini ta’minlash yo‘nalishlarida qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi davom etadi.

 

“O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi AJ axborot xizmati Ⓣ

Top