15:04 / 05.04.2022
25089

AQSh yangi atom suvosti kemasini namoyish qildi

AQSh harbiy dengiz kuchlari pandemiya sabab ikki yilga ortga surilgan taqdimot marosimini o‘tkazdi. Delaverda o‘tkazilgan marosimda ushbu shtatdan uzoq yil davomida senatga saylangan amaldagi prezident Jo Bayden ham ishtirok etdi.

Foto: Reuters

Taqdimotda «Delaver» nomli yangi atom suvosti kemasi namoyish etildi. 2020 yil o‘tishi rejalashtirilgan namoyish koronavirus pandemiyasi sabab ortga surilgan edi.

«Delaver» AQSh harbiy dengiz kuchlarining yangi turdagi submarinasi bo‘lib, «Virjiniya» sinfidagi 18-tezkor zarbavor suvosti kemasiga aylandi. U dushman suvosti va suv ustidagi kemalarini topib yo‘q qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, 136 nafar ekipajdan iborat bo‘ladi. AQSh harbiy dengiz kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, yangi suvosti kemasi «Tomagavk» qanotli raketalari bilan zarba bera oladi.

Foto: AP

115 metr uzunlikdagi kema suv tubiga 245 metrgacha sho‘ng‘ib, 25 uzel tezlikda harakat qila oladi. «Delaver» yadro yonilg‘isini 30 yilgacha almashtirmay harakatlanishi mumkin. XXI asrda ilk marta harbiy kemaga Delaver shtati nomi berilgan. AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden 36 yil davomida mamlakat senatiga aynan Delaver shtatidan saylangan.

Taqdimotda qatnashgan Bayden rafiqasi bilan kemaga chiqib nutq so‘zladi: «Bosh qo‘mondon sifatida shuni aytmoqchimanki, qaynoq nuqtalarga yuborilayotgan askarlarimizni yaxshi tayyorgarlikdan o‘tkazish, ortga qaytgach, ular va oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilish millat sifatida bizning vazifamizdir», degan Bayden.

AQSh prezidenti mart oyi oxirida Polshaning Ukraina bilan chegadagi Jyeshuv shahriga borib, AQSh armiyasining 82-havo desantchi kuchlari diviziyasi harbiylari bilan uchrashgan edi.

Yangi atom suvosti kemasi taqdimoti Ukrainadagi urush fonida va AQSh mudofaa uchun rekord miqdorda (795 milliard dollar) pul sarflashini e’lon qilgan 2022 yilga to‘g‘ri keldi. Kentukkilik senator Mitch Makkonnellning aytishicha, katta pul ajratilganiga qaramay, inflatsiya sabab AQSh mudofaa tizimi «joyida turib qolishi» ham mumkin.

Top