18:21 / 05.04.2022
8034

«Davlatimiz rahbari hech bo‘lmasa bir nechta sohani korrupsiyasiz soha qilib beringlar, deganlar» – Tanzila Norboyeva

Prezident tomonidan berilgan tavsiyalar asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim va davlat xaridlari sohalarini korrupsiyasiz sohaga aylantirish bo‘yicha harakat qilmoqda. Bu haqda, bugun, 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Milliy kengash va Senat raisi Tanzila Norboyeva aytib o‘tdi.

«Hurmatli kengash a’zolari, xabaringiz bor, biz to‘rtta sohani… bu davlatimiz rahbarining bizga bergan tavsiyalari bo‘lgan. Hech bo‘lmasa bir nechta sohani olib, korrupsiyasiz soha qilib beringlar, deganlar, mana shu kengashga vazifa qo‘yganlar.

Shuning uchun 4 sohani: qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim va davlat xaridlari sohalarini korrupsiyasiz soha, deb e’lon qilganmiz. Soha deb e’lon qilmadik, mana shu… korrupsiyasiz sohaga aylantiramiz, degan g‘oyani e’lon qildik. Bu bo‘yicha tegishli yo‘l xaritalari ishlab chiqilgan va kerakli chora-tadbirlar belgilangan.

Biz avvalgi majlisimizda qurilish bilan oliy ta’lim sohasidagi ishlarni va qabul qilingan xaritalarning ijrosini muhokama qilgan edik.   Ularga bir qator topshiriqlar berganmiz. Ular hozir bu bo‘yicha ishlarni olib borishyapti», – dedi Tanzila Norboyeva.

Shuningdek, kengash raisi sohadagi yo‘l xaritalarining ijrosi, qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, vazirlik va idoralar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni o‘z muddatida, sifatli bajarishga sovuqqonlik bilan qarayotganini, buning yaxshilik bilan tugamasligini ta’kidladi.

«Tahlillar, shuni ko‘rsatdi: dasturlar, yo‘l xaritalari va boshqa chora-tadbirlar rejalari qabul qilinmoqda, vazifalar belgilanmoqda. Lekin ularni bajarishda ancha sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Sohaga mas’ul vazirliklar tomonidan yo‘l xaritalarida belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi tizimli tahlil qilinmayapti. Qolaversa, bevosita sohaning egasi bo‘lgan Moliya va Sog‘liqni saqlash vazirliklari yo‘l xaritalaridagi korrupsiyani bartaraf qilishga xizmat qiladigan, boshqa tashkilotlarga yuklatilgan vazifalar ijrosiga yetarlicha mas’uliyat bilan yondashmayapti.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatida, biz tushunamiz, o‘zgarish bo‘ldi. Lekin juda ko‘p o‘rinbosarlar anchadan beri ishlashyapti, ularga alohida savollarimiz bo‘ladi. Umuman olganda ijro intizomi bo‘yicha biz har safar takrorlab gapiramiz, ko‘plab vazirlik va idoralar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni o‘z muddatida, sifatli bajarishga sovuqqonlik bilan yondashayotganlarini ham biz ko‘ryapmiz. Bilasizlarmi, bu masalada sovuqqonlik qilish yaxshilik bilan tugamaydi.

Shuning uchun vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlaridan o‘z tizimlaridagi xodimlar mas’uliyatini oshirish hamda ijro intizomini ta’minlash choralarini ko‘rishni so‘raymiz», – deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, bugungisidan farqli ravishda 2021 yil 10 noyabr kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisiga mustaqil OAV vakillari chaqirilmagan edi.

Yig‘ilish bo‘lgan joyning sig‘imi kamligi bilan izohlangan Milliy kengash majlisida oliy ta’lim va qurilish vazirlarining sohada korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hisobotlari eshitilgan.

Ma’lumot uchun, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi 2020 yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi o‘rniga tashkil etilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining raisi – Senat raisi Tanzila Norboyeva, uning o‘rinbosari – Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov hisoblanadi. Bundan tashqari, Milliy kengash tarkibidan deyarli barcha vazirlar va davlat tashkilotlarining rahbarlari o‘rin olgan.

Top