19:24 / 05.04.2022
22641
«Real» «Chelsi»ga qarshi revansh ilinjida, «Atletiko» yana Manchesterda mehmon. YeChL chorakfinallari oldidan
Foto: YeChL

Uch haftalik tanaffusdan so‘ng, bugun – 5 aprel oqshomida Chempionlar ligasi madhiyasi sadolari ostida chorakfinal bahslariga start beriladi. Seshanba kuni «Atletiko» yana Manchesterga safar qilsa, «Liverpul» Portugaliyada to‘p suradi. Chorshanba oqshomida esa «Real» Londonda «Chelsi»ga qarshi saf torsa, «Bavariya» Ispaniyada «Vilyarreal» mehmoni bo‘ladi.

«Real» revansh ilinjida, «Chelsi» uyida yengilmas jamoa

Chempionlar ligasi 1/4 final qur’a natijalari «Real»ga o‘tgan yilgi mag‘lubiyat uchun «Chelsi»dan o‘ch olish imkoniyatini taqdim etdi. London klubi o‘tgan mavsumda turnirning yarimfinalida ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, Madrid klubini YeChL bilan xayrlashishga majbur qilgan edi. Bu mavsumda esa Karlo Anchelotti jamoasi musobaqa g‘olibligiga asosiy da’vogar sifatida aytilgan «PSJ»ni turnirdan chiqarib yuborgach, chempionlik uchun favoritlardan biriga aylandi. Qur’a ularga «aristokratlar»ni taqdim etgach, madridliklar revansh haqidagi ishtiyoqlarini yashirishmadi.

Ammo Londonda «Chelsi»ni mag‘lub etish hozircha «Real» bajara olmayotgan natijadir. Qolaversa, Tomas Tuxel shogirdlari joriy mavsum YeChL doirasida «Stemford Brij»dagi 4 o‘yinda umumiy 11ta gol kiritib, biror marotaba ham o‘z darvozalaridan to‘p olib chiqishmadi. Anchelotti Londondagi o‘yinda faqat Eduar Mendi darvozasini qanday ishg‘ol etish haqida emas, mezbonlar yarimhimoyachisi Ngolo Kanteni «zararsizlashtirish» haqida ham bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi. Kante «Real»ga qarshi so‘nggi ikki yarimfinal o‘yinida ham, finalda ham eng yaxshi o‘yinchi deb topilgan edi.

Foto: Getty Images

Darvoqe, Tuxel shogirdlari YeChL joriy mavsumida o‘z uyida hali umuman gol o‘tkazib yubormagan bo‘lsa-da, uch kun avval «Brentford»ga qarshi APL o‘yinida darvozadan bir emas, to‘rtta gol olib chiqishga majbur bo‘lishdi. Karlo ota APL debyutanti g‘alabasini tahlil qilishi aniq.

Klopp Lissabonga qaytmoqda

Yurgen Klopp bilan «Liverpul» o‘rtasidagi munosabatlar aynan Lissabonda boshlangan edi. 2015 yilda Yurgen Klopp Portugaliya poytaxti ko‘chalaridan birida qahva ichib o‘tirganida, unga Mersisayd klubini boshqarish taklifi bilan qo‘ng‘iroq bo‘lgandi. Qizig‘i, o‘shandan buyon Yurgen Lissabonga qaytmagan va bu 7 yillik tanaffusdan keyingi qaytishdir.

«Chorakfinalda men xohlamagan yagona narsa, bu Angliya klubiga qarshi to‘p surish», - degan edi Klopp qur’adan avval. «Liverpul»ga «Benfika» tushgach, u bundan xursand bo‘lgani aniq. Gap «Benfika»ning nisbatan oson raqib ekanligida emas. Aksincha, nemis murabbiyi «Barselona» va «Ayaks»ni ortda qoldirib, shu yergacha yetib kelgan raqib hurmatga loyiq ekanligi haqida aytgan.

Gvardiola Simeonega qarshi

So‘nggi dekadada jahonning eng yaxshi murabbiyilari qatorida e’tirof etiladigan Xosep Gvardiola va Diyego Simeone hozirga qadar bor yo‘g‘i uch marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Ikki o‘yinda ispan, bir bahsda esa argentinalik mutaxassisning qo‘li baland kelgan. Futbolda qarama-qarshi taktikalar tarafdori bo‘lgan murabbiylar bahsi katta intrigani keltirib chiqarishi aniq.

«Atletiko» uch hafta avval Manchesterda «Yunayted»ni mag‘lub etib, chorakfinal yo‘llanmasini nishonlagan edi. «Siti»ga qarshi bu shahardagi ikkinchi tashrifda ham jamoa Madridga xursand qayta oladimi – seshanba oqshomida kuzatamiz.

«Vilyareal» «Bavariya»da xavotir uyg‘otmoqda

YeChL nimchorakfinali javob bahsida «Vilyarreal»ning Turinda «Yuventus»ni yirik hisobda mag‘lub etib, turnirdan chiqarib yuborgani Ispaniyaning kamtarona klubi aksiyalarini sezilarli darajada oshirdi. Bu natija «Bavariya»da ham e’tiborsiz qolmadi. Turindagi o‘yinni tomosha qilgan Tomas Myuller «Bunday raqibga qarshi soniyaga ham xotirjamlikka berilmaslik zarur», - deb aytgan. 

«Vilyarreal» katta jamoalarga qarshi yaxshi natijalarga erishmoqda. «Bavariya» esa avvalgidek barqaror ko‘rinayotgani yo‘q. Myunxen jamoasi nimchorakfinal dastlabki bahsida «Zalsburg» maydonida zo‘rg‘a mag‘lubiyatdan qutulgan edi, o‘z maydonida esa raqibni yakson qildi. Unai Emeri jamoasi esa o‘z uyida barqaror to‘p surib, mehmonda sensatsiya qayd eta olishini Turinda ko‘rsatdi. Shunday ekan, 1/4 final to‘qnashuvlarida oson juftlikning o‘zi yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Foto: YeChL

YeChL. 1/4 final. Dastlabki o‘yinlar

5 aprel (seshanba)

«Manchester Siti» - «Atletiko»

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: «Sport»

«Manchester Siti»: Ederson; Joau Kanselu, Lyaport, Stounz, Zinchenko; Bernardu Silva, Rodri, de Bryuyne; Mahrez, Foden, Sterling

«Atletiko»: Oblak; Lorente, Savich, Felipe, Reynildu, Renan Lodi; Koke, Kondogbia, Lemar; Grizmann, Joau Feliks

«Benfika» - «Liverpul»

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: «Mahalla»

«Benfika»: Vlaxodimos; Jilberto, Otamendi, Vertongen, Grimaldo; Vaygl, Taarabt, Joau Mariu; Darvin Nunes, Gonsalu Ramush, Rafa Silva

«Liverpul»: Alisson; Aleksander-Arnold, Matip, van Deyk, Roberson; Fabino, Henderson, Tyago Alkantara; Saloh, Mane, Dias

6 aprel (chorshanba)

«Chelsi» - «Real»

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: «Sport»

«Chelsi»: Mendi; Aspilikueta, Chaloba, Ryudiger; Jyeyms, Kante, Jorjino, Alonso; Kovachich, Havers, Pulishich

«Real»: Kurtua; Karvaxal, Eder Militao, Alaba, Mendi; Kroos, Kazemiro, Modrich; Valverde, Benzema, Vinisius Junior.

«Vilyarreal» - «Bavariya»

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: «Mahalla»

«Vilyarreal»: Ruli; Foyt, Albiol, Pau Torres, Pedrasa; Trigeros, Kapu, Parexo; Lo Chelso, Jyerar Moreno, Danjuma

«Bavariya»: Noyyer; Pavar, Zyule, Upamekano, Ernandes; Kimmix, Goretska; Sane, Myuller, Koman; Levandovski. 

Top