16:21 / 06.04.2022
3397
“OTMlarga kirish imtihonlarida testlar bekor qilingani yo‘q” – DTM  

Davlat test markazi ijtimoiy tarmoqlarda OTMlarga kirishda test sinovlari bekor qilinishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgani, biroq bu xabarlar noto‘g‘ri ekani haqida ma’lumot berdi.  

Foto: Kun.uz

“Davlat test markazi tomonidan 2020 yilda “Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi tayyorlangan.

Qaror loyihasida dastlab tajriba-sinov tariqasida Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan hududdagi umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining, keyinchalik esa barcha umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari unifikatsiya qilinib, yagona test sinovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan”, deyiladi DTM munosabatida.

Qayd etilishicha, qaror loyihasida avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatganlar belgilangan muddatlarda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar va majburiy fanlardan test sinovlari topshirishi belgilangan.

Ya’ni imtihonlar unifikatsiya qilinishi OTMlarga kirish imtihonlarining to‘liq bekor bo‘lishini anglatmaydi, balki umumta’lim muassasalari bitiruvchilari 2 marotaba imtihon topshirish (yakuniy davlat attestatsiyasi va OTMlarga kirish test sinovlari) o‘rniga yagona test sinovi orqali yakuniy davlat attestatsiyasini topshirib, shu test natijasi bilan OTMlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishini bildiradi.

Ushbu qaror loyihasida belgilangan maktablar uchun bitiruv imtihonlari 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab DTM tomonidan olinishi belgilangan. Biroq qaror hali qabul qilinmagan. DTM matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lumot berishicha, loyiha ayni paytda Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqilyapti.

Top