21:21 / 06.04.2022
11260
Samarqandda tovlamachilik yo‘li bilan mansabdor shaxsdan pul undirmoqchi bo‘lgan soxta “bloger” ushlandi

U mansabdor shaxsdan tovlamachilik yo‘li bilan 15 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Narpay tumanida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan N.X., tuman hokimligi mansabdorlaridan moddiy mablag‘ undirishni maqsad qilib, ularning faoliyati xususidagi asossiz va noxolis materiallarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish yo‘li bilan tahdid qilgan. So‘ng ushbu materiallarni tarqatmaslik evaziga 15 million so‘m miqdoridagi pullarni tovlamachilik yo‘li bilan talab qilgan.

2022 yil 6 aprel kuni Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, N.X. mansabdor shaxsdan tovlamachilik yo‘li bilan 15 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqib, unga nisbatan chiqarilgan avvalgi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgandi.

Top