18:14 / 07.04.2022
12618
YeI Rossiya ko‘miridan voz kechish muddatini ortga surdi - Reuters  

Qayd etilishicha, Rossiya kompaniyalari Yevroittifoqqa avgust o‘rtalariga qadar ko‘mir eksport qilishi mumkin. 

Foto: Andrey Rudakov/Bloomberg

Yevroittifoqda Rossiya ko‘miridan foydalanishga qo‘yilgan taqiq ilgari rejalashtirilganidan bir oy keyin – avgust o‘rtalaridan kuchga kiradi, deb xabar berdi Reuters o‘z manbasiga tayanib. 

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, 7 aprel kuni YeI mamlakatlari Rossiya ko‘miri importidan bosqichma-bosqich voz kechishni ma’qullashi ko‘zda tutilgan. 

Yevrokomissiya dastlab amaldagi shartnomalardan uch oy ichida voz kechishni taklif qilgandi, ammo keyinroq bu muddat to‘rt oygacha uzaytirilgan, deb yozadi Reuters. 

Manbaning izohlashicha, bunga Rossiya ko‘mirining asosiy importyori hisoblanuvchi Germaniyaning bosimi sabab bo‘lgan.

Sanksiyalar shu haftadan yoki kelasi hafta boshidan kuchga kirishi kutilmoqda, deya qayd etgan Reuters. Bu Rossiya kompaniyalari Yevroittifoqqa amaldagi shartnomalar bo‘yicha avgust o‘rtalariga qadar ko‘mir eksport qilishi mumkinligini bildiradi.

Avvalroq Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning beshinchi paketini tayyorlagani, yangi sanksiyalarda Rossiyaning yiliga 4 mlrd yevrolik ko‘miri importidan voz kechish ko‘zda tutilganini ma’lum qilgandi.

 

Top