14:06 / 08.04.2022
6546
“Bir bolamni yo‘qotgandim, bunisidan ham ayrilishni istamayman”: tanida va qalbida dard bilan yashayotganlar 

Ularning ko‘zlari yoshli. Ularning so‘zlarini ham ko‘zyoshsiz eshitib bo‘lmaydi. Dard yuki, g‘am zalvoridan bukilgan yelkalarga madad kerak. Farzandi oqqonga chalingan oilalarning so‘zlarini siz bilan bo‘lishamiz.

“Otasi tirik bo‘lganda bilinmagan ekan. Bolamni davolatish uchun hamma narsaga o‘zim yuguryapman. Birovni aka, birovni uka deyman”, deya o‘kinadi bemor bolaning onasi.

Otasi tirik bo‘lganda bilinmagan ekan. Birovni aka, birovni uka deyman...

Otabekka oqqon notanish emas. Bundan 6 yil muqaddam shu tashxis qo‘yilgan va yillar davomida davolash muolajalari olib sog‘aya boshlagan edi. Orada bola otasiz qolishday kulfatni boshdan kechirdi: otasi vafot etib, ikki farzand onasining qaramog‘ida qolishdi.

“Turmush o‘rtog‘im vafot etgach ro‘zg‘or yuki o‘zimning yelkamga tushdi. Ishga kirib, bir kuni ishdan qaytsam o‘g‘limni it tishlab olgan ekan. Shu sabab bo‘ldimi, yana qaytalab qolib, hamma muolajalarni qaytadan olishga majbur bo‘lyapmiz.

Otasi tirik bo‘lganda bilinmagan ekan. Bolamni davolatish uchun hamma narsaga o‘zim yuguryapman. Birovni aka, birovni uka deyman”, deya o‘kinadi onaizor.

Otabek Mahamadjonovga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0609 8905 4136 onasi Matluba Qodirova nomida

Humo: 9860 1301 7425 0337 opasi Muslima Mahamadjonova nomida 

Bir bolamni yo‘qotgandim, yana yo‘qotishni istamayman

Abdulloh 12 yoshda. Bu yoshda bolalar o‘ynab charchamaydigan, sho‘x-shodon bolalik davrini o‘tkazish bilan band bo‘lishadi. Ammo Abdulloh bilan bunday bo‘lmaydi. Chunki bolaning tanasida uning barcha umidlarini puchga chiqarishi mumkin bo‘lgan dard bor.

Bemorning onasi Odina Jakbarova bir farzanddan ayrilib yuragi zada bo‘lganlardan: “Gematologiyada davolanyapmiz. Faqat derazadan tashqariga qarab, o‘ziga gapirib yotadi. Bu holatni ko‘rish osonmas. Bir bolamni yo‘qotgandim, yana yo‘qotishni istamayman”.

Oila boshlig‘i xorijda ishlab bolasini davolatish uchun pul yuboradi. Lekin baribir oiladagi moddiy taqchillik o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qo‘ymayapti.

Abdulloh Mannabovga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0417 3896 9782 otasi Ismoiljon Jakbarov nomida 

Ona, men o‘lamanmi?

Odinaning beg‘ubor ko‘zlarida xastalikdan xavotir, o‘zining dardidan ko‘ra onasining ko‘zyoshidan o‘kinch mujassam. Qizga har oyda qon quyish orqali uning hayoti saqlab qolinadi. Onasi Shohista Mamatqulova qiziga ilik ko‘chirish operatsiyasi tavsiya qilinganligini aytadi:

“Shifokor qabuliga borganimizda bexosdan uning gaplarini eshitgan ekan, chiqqanimizdan keyin: “Ona, men o‘lamanmi?” deb savol berdi. Taskin berdik, tushuntirdik, lekin haligacha o‘sha gaplari qulog‘imga jaranglaydi. Hozir burni qonasa qaltiroq tutadi qo‘rquvdan. O‘ziga keltirguncha tamom bo‘lamiz”.

Odina Rahimjonovaga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0610 7749 6957 onasi Shohista Mamatqulova nomida 

O‘g‘lim yolg‘izgina bolasining ahvolidan qattiq stressga tushgan

4 yashar bolaning darddan iztirobli so‘zlaridan ota-onasi-yu, buvisigacha arosatda qolishadi. Buxoroning Qorovulbozor tumanidan kelib, poytaxtda ijarada kun kechirayotgan oila bolajonning shifo topishidan umid bilan yashaydi.

“O‘g‘lim yolg‘izgina bolasining ahvolidan qattiq stressga tushgan. Ikki yil farzand ko‘rmay tilab olgan farzandi edi”, degancha yig‘laydi bemor bolaning buvisi Qursiya opa.

Rustamjonning otasi Toshkentda kunlik ishlar bilan shug‘ullanadi. Uning topgani ham ro‘zg‘orga, ham ijaraga, ham bolakayning parvarishiga yetmasligi ayon. Shuning uchun oilaga moddiy yordam zarur. 

Rustamjon Hasanovga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0203 4820 3667 bobosi Hasan Bozorov nomida 

Doim muhtojlarni qo‘llagan, bemorlarga shifo tilagan xalqmiz. Bugun ehsonlar ham, ajrlar ham ikki karra oshig‘i bilan beriladigan paytda ham ular uchun ko‘makni darig‘ tutmaylik. 

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top