10:58 / 08.04.2022
252
Jizzaxda 6 sotix yerni uch kishiga 185 million so‘mga sotib firibgarlik qilgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

U 6 sotix yer uchun uch kishidan pul olgan va yerni ulardan biriga rasmiylashtirib berib, qolgan ikki kishining pulini o‘zlashtirib yuborgan.

Foto: Shutterstock

IIV huzuridagi tergov departamentining xabar berishicha, 2020 yil noyabr oyida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashovchi 39 yoshli Z.Z. tanishi 31 yoshli D.D.ga o‘ziga tegishli bo‘lgan 6 sotix yerni sotishini aytib, undan jami 86 million so‘m pullarini qo‘lga kiritib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, Z.Z. o‘zining jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, 2021 yil may oyida aynan shu 6 sotix yerni Sharof Rashidov tumanida yashovchi 33 yoshli A.B.ga 75 million so‘mga sotishni va’da bergan. Uning ishonchiga kirib, kelishilgan puldan 24 million so‘mni qo‘lga kiritgan. So‘ng yerni hujjatlashtirib bermasdan, keyinchalik uni Sharof Rashidov ko‘chasida yashovchi 40 yoshli S.E.ga 75 million so‘mga sotib, uning nomiga hujjatlashtirib bergan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Z.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top