15:14 / 08.04.2022
17674
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkasini 17 foizga tushirdi

Rublning qisman barqarorlashuvi fonida Rossiya Markaziy banki asosiy stavkasini 20 foizdan 17 foizga pasaytirdi.

Foto: Banki.ru

Rossiya Markaziy banki direktorlar kengashi 2022 yil 11 apreldan boshlab asosiy stavkani 3 foiz punktiga pasaytirib, 17 foiz etib belgiladi. Bu Moskva birjasida rubl sezilarli darajada mustahkamlana boshlangani bilan izohlangan.

Rossiya regulyatoriga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti uchun tashqi sharoitlar og‘irligicha qolayotgan bo‘lsa-da, mamlakat moliyaviy barqarorligi uchun xatarlar o‘sishdan to‘xtagan.

«Muddatli depozitlar bo‘yicha mablag‘larning barqaror oqimi kuzatilmoqda. Narxning o‘sish sur’ati so‘nggi paytlardagi rubl kursining qisman barqarorlashuvi tufayli pasaydi. Pul-kredit siyosatining qattiqlashuvi Markaziy bank va hukumat tomonidan boshlangan kreditlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari hisobiga qisman qoplandi», deyiladi Rossiya regulyatori bayonotida.

Avvalroq, Rossiyaning Ukrainaga harbiy harakatlari boshlanganidan keyin sanksiyalar va rublning qulashi sabab Markaziy bank stavkasi 9,5 foizdan 20 foizgacha oshirilgandi.

Top