14:20 / 08.04.2022
1047
Termiz shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari pora olayotganda ushlandi

U fuqarodan subsidiya ajratish uchun xabarnoma berish evaziga 3 million so‘m talab qilib, pullarni olayotganida qo‘lga olingan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, 2022 yil 5 aprel kuni departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda, Termiz shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari G‘.N. fuqarolarning biridan pora olayotganda ushlangan.

G‘.N. Termiz shahrida subsidiya to‘lanadigan talabgorlarni tanlab olish bo‘yicha komissiyasi mas’ul kotibi ekanidan foydalanib, fuqaro N.ga uy-joy olish maqsadida subsidiya ajratilishi uchun yakuniy xabarnoma berishni va’da qilgan.

So‘ng buning evaziga 3 million so‘m pora talab qilgan va muqaddam 1 million so‘mni olib, qolgan 2 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top