22:07 / 08.04.2022
50740

Urushning 44-kuni: Donbassdagi shaharlar zarba ostida, Sumi oblasti to‘liq Ukraina nazoratida

Ukraina qurolli kuchlari Sumi oblasti ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi, Donbassda bir necha shaharlarga zarba berildi, Donetsk oblastining Ukraina nazoratidagi qismida joylashgan Kramatorsk shahrida evakuatsiya boshlanishini kutib turgan minglab kishilar to‘plangan vokzalga raketa tashlandi va o‘nlab kishilar qurbon bo‘ldi.

Ukraina Sumi oblastini to‘liq nazorat qilmoqda

Ukraina qurolli kuchlari Sumi oblastini Rossiya bilan chegaragacha to‘liq o‘z nazoratiga qaytardi. Bu haqda ushbu hudud ma’muriyati rahbari Dmitriy Jivitskiy ma’lum qildi. «Hududlar bosqinchilardan ozod etildi», degan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida.

Jivitskiy aholini hozircha shaharga qaytmay turishga chaqirgan, hududlar minalardan tozalanmoqda: «Hudud xavfsiz emas. Minalangan va hozirga qadar tozalanmagan ko‘plab uchastkalar bor».

Rossiya bilan chegaraga yaqin joylashgan shahar bosqinning ilk kunlarida kuchli bombardimon qilingan va shahar uchun qaqshatqich janglar olib borilgandi.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Rossiya harbiy qismlari Ukraina shimolidan to‘liq olib ketilganini tasdiqlagan, bu qismlar Ukraina sharqiga jo‘natilishi taxmin qilinmoqda, ammo buning uchun kamida bir hafta vaqt ketadi. Britaniya mudofaa vazirligi Ukraina shimolidan olib chiqilgan qismlarning aksari jiddiy to‘ldirilishga muhtoj ekanini qayd etgan.

Britaniya harbiy razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Xarkov oblastidagi qo‘shinlari Izyum shahridan janub tomon harakatlanmoqda.

Donbassdagi shaharlar o‘qqa tutilishi

Rossiyaliklar keng ko‘lamli hujumga o‘tishi kutilayotgan Donbassdagi shaharlar zarbaga uchrashi davom etmoqda.

Slavyansk shahri aholisi yerto‘lalar va bombapanagohlarga tushishga majbur bo‘lmoqda, shaharda doimiy ravishda havo hujumidan ogohlantiruvchi signallar yangramoqda. Shuningdek, shaharga artilleriyadan zarbalar yo‘llanmoqda.

Ukrainalik harbiylar nazoratida qolgan Donbassning eng sharqiy shahri Severodonetsk ham raketa zarbalariga duchor bo‘lmoqda.

Payshanba kuni Rossiya harbiylarining temiryo‘lga aviazarbalari tufayli to‘xtab qolgan evakuatsiya jarayoni yo‘l ta’mirlanganidan keyin tiklangan.

Donetsk oblastidagi Kramatorsk shahri vokzaliga raketa zarbalari berildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu hujum qurbonlari soni 50 nafarga yetgan, vokzal hududida 38 kishi halok bo‘lgan, shifoxonada 12 kishi jon bergan. Qurbonlarning besh nafari bolalar. 98 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonada qolmoqda.

Ukraina hukumati ma’lum qilishicha, vokzalda evakuatsiya uchun minglab kishilar to‘plangan vaqtda ikki raketa kelib tushgan.

Prezident Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, vokzalga «Tochka-U» raketasi bilan zarba berilgan, raketada «Za detey» yozuvi aks etgan.

O‘tgan tunda, «Ukrainskaya pravda» nashrining yozishicha, Xarkovga zarbalar berilgan, buning oqibatida bir kishi halok bo‘lib, 14 kishi yaralangan. Lugansk oblastidagi Lisichansk shahriga berilgan zarbalar oqibatida ham bir kishi qurbon bo‘lgan.

YeI amaldorlari Kiyevga keldi
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen YeI diplomatik korpusi rahbari Jozep Borrel va Slovakiya bosh vaziri Eduar Geger bilan birgalikda Ukrainaga keldi.

Ular dastlab Buchada bo‘lishdi, Ukraina bosh vaziri Dmitriy Shmigal ularga shaharda rossiyaliklar okkupatsiyasi vaqtida paydo bo‘lgan birodarlik qabristonini ko‘rsatgan. Yevropa yetakchilari qurbonlarni xotirlashgan.

Shundan so‘ng ular Volodimir Zelenskiy qabulida bo‘lishdi.

Yevrokomissiya rahbari bu uchrashuvda Vengriya agar Rossiya energiya resurslari uchun rublda to‘lov qiladigan bo‘lsa, YeI sanksiyalariga xilof ish tutgan hisoblanishini aytdi.

Avvalroq fon der Lyayyen bo‘lajak safari haqida e’lon qilib, «Ukraina xalqi bizning birdamligimizga munosib» degan edi.

«Men Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashdan og‘ishmasligimiz va ularning umumiy qadriyatlarimiz uchun jasorat bilan kurashayotgani haqida kuchli signal yo‘llashni xohlayman», deya qayd etgandi fon der Lyayyen.

O‘tgan haftada Ukrainaga Yevroparlament spikeri Robert Metsol tashrif buyurgandi - bu urush boshlanganidan buyon Ukrainaga YeI tarkibidagi tashkilot rahbarining ilk tashrifi bo‘lgandi.

Shuningdek, 15 mart kuni, rossiyalik harbiylar poytaxt atrofidan ketishidan ancha oldinroq Chexiya, Polsha va Sloveniya rahbarlari Kiyevga kelishgandi.

Urush yaqin kunlarda tugamaydi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yaqin haftalar ichida Rossiya harbiylari Donbassda faollashishini kutmoqda.

«Bu urush, afsuski, yaqin kunlarda tugamaydi», degan Makron RTL radiosiga bergan intervyusida va Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan qandaydir diplomatik yon berish kutilmayotganini qo‘shimcha qilgan.

Makron, G‘arbdagi boshqa yetakchilar kabi, Rossiya qo‘shinlarining Kiyev atrofidan olib ketilishi asosiy e’tiborni mamlakatning sharqi va janubidagi hududlarga qaratish va Donbassdagi tan olinmagan respublikalar va Qrim o‘rtasida quruqlikda yo‘lak ochish maqsadi bilan bog‘liq ekanini taxmin qilgandi.

«9 may - Rossiyaning milliy bayrami, muhim harbiy voqea va Putinning rejasiga ko‘ra 9 may g‘alaba kuni bo‘lishi kerak. Ular o‘z kuchlarini Donbassga to‘plamoqda va yaqin kunlar va haftalarda bizni juda og‘ir sahnalar kutadi», degan Makron.

Makron 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin bir necha marta Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, xususan - o‘qqa tutilayotgan shaharlar aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalasida, ammo bu muloqotlarda aytarli muvaffaqiyatlarga erishilmadi.

Ammo u o‘zining Putin bilan muloqotlari samarasiz ekani haqidagi tanqidlarga javob berib, bunday muloqot harbiy harakatlar yakunlanganidan keyingi geosiyosiy barqarorlikni ta’minlash uchun zarurligini aytgan.

«Agar biz ertangi kunga tayyorlanmasak, Yevropada tinchlik bo‘lmaydi», degan u.

Britaniya Ukrainaga qo‘shimcha qurollar yubormoqda

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Kramatorskdagi vokzalga yo‘llangan «sharmandali» raketa zarbasidan keyin Ukrainaga qo‘shimcha qurol yetkazib berishga qaror qilganini ma’lum qildi.

Xususan, gap havo hujumiga va tankka qarshi tizimlar haqida ketmoqda.

Bundan biroz avvalroq Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Ukrainaga Mastiff tipidagi zirhli mashinalar yetkazib berilishini aytgandi.

«Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun Mastiff rusumli zirhli mashinalarni yetkazib beramiz. Muhimi, biz Ukrainaga yordam berish uchun qo‘limizdan kelganini qilishda davom etishimiz zarur. Ular qandaydir qurol so‘rasa, agar u bizda bo‘lsa yoki boshqa yo‘l bilan ta’minlay olsak, buni qilishimiz kerak», degan Uolles Sky News uchun intervyusida. 

Bu vaqtda Ukrainaga Avstraliyadan Bushmaster rusumli zirhli texnikalarning ilk partiyasi yetib kelgan. Ularda Ukraina bayrog‘i ranglari aks etgan.

BMT tinch aholi orasidagi qurbonlar bo‘yicha hisobotini yangiladi

BMTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga bosqin boshlanganidan buyon bu yerda tinch aholi vakillari orasida 1611 kishi halok bo‘lgan, shundan 131 nafari bolalar. Yaralanganlar soni 2227 kishini tashkil etadi.

Qurbonlarning - 409 nafari erkaklar, 240 nafari ayollar, 25 nafari qizlar va 43 nafari bolalar ekani aniq, shuningdek 63 bola va 831 nafar katta yoshli kishilarning jinsi aniqlanmagan.

Hisobotda aniqlik kiritilishicha, Donetsk va Lugansk oblastlarining Ukraina nazoratidagi qismida 425 kishi halok bo‘lgan. DXR va LXR nazoratidagi hududlarda 67 kishi qurbon bo‘lgan. BMT hisobotida Ukrainaning boshqa hududlarida halok bo‘lganlar soni 1119 kishi ekani keltirilgan.

Xabarda aytilishicha, tinch aholi orasidagi o‘lim holatlarining aksari artilleriya zarbalari, baravar o‘t ochish tizimlaridan berilgan zarbalar, raketa va aviatsiya zarbalari oqibatida sodir bo‘lgan.

BMT qurbonlarning haqiqiy soni bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligi, hisobotga faqat tasdiqlangan holatlar kiritilishicha, janglar davom etayotgan hududlardagi ma’lumotlarni operativ tekshirishning imkoni yo‘qligini qayd etgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top