07:47 / 09.04.2022
4539
Davlat korxonalariga asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan yangi ko‘chmas mulk obektlarini sotib olish yoki qurish taqiqlandi

Prezident “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiyotdagi ishtirokini cheklash va qisqartirish maqsadida, ularga O‘zbekiston prezidenti va hukumati qarorlarida nazarda tutilmagan hollarda:

  • asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan yangi ko‘chmas mulk obektlarini sotib olish yoki qurish;
  • raqobat rivojlangan sohada asosiy faoliyatidan tashqari qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanish;
  • asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalida ishtirok etish yoki undagi ulushni sotib olish taqiqlandi.

Belgilanishicha, davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan asosiy faoliyatiga xos bo‘lgan yangi ko‘chmas mulk obektlarini sotib olish yoki qurish hamda xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi ulushni sotib olish, shuningdek, asosiy faoliyatidan tashqari qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanish kuzatuv kengashi qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tijorat banklari tomonidan mulkni begonalashtirish, uni sotish shakli va mexanizmi, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning tarkibidagi korxonalar ustav kapitaliga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandum va boshqalar) majburiy tarzda ushbu korxonalar kuzatuv kengashi bilan kelishilgandan keyin tuziladi;

davlat ishtirokidagi korxonalarning homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerak hamda bu xarajatlar ular biznes-rejasining o‘tgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi ko‘rsatkichlari bajarilganda amalga oshiriladi (bundan O‘zbekiston prezidenti va hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno).

Top