14:37 / 09.04.2022
73204
Donbass uchun jang: Rossiyaning «B» rejasi haqida nimalar deyishmoqda?

Rossiya 24 fevral kuni Ukrainaga kirganda asosiy maqsadi Ukrainani «demilitarizatsiya» va «denatsifikatsiya» qilish ekanini aytgandi, ya’ni Ukrainani millatchilardan tozalash va mamlakat harbiy imkoniyatini yo‘q qilish. Ammo ikkinchi oyga o‘tgan urush yo‘nalishi va maqsadlari ham o‘zgarib ketdi. Urush boshlanishiga sabab qilib keltirilgan ikki mujmal ibora haqida bugun hatto Rossiya tomoni muzokaralarda gapirmay qo‘ydi.

Foto: Viktor Korotayev / Kommersant’

Ukraina nafaqat Rossiya, balki butun dunyo kutganidan yaxshiroq tayyorgarlikka ega bo‘lib chiqdi, shu sabab o‘zidan bir necha barobar qudratli Rossiyaga qarshi turib berishni eplayapti. Vaziyat shunchalikka bordiki, Rossiya harbiylarini Kiyev atrofidan olib ketishga majbur bo‘ldi. Chunki u yerda juda ko‘p yo‘qotishlarga uchradi. 7 aprelga kelibgina Kreml rasmiy vakili Peskov mamlakat urushdan katta yo‘qotishlarga uchraganini tan oldi.

Donbass uchun urush

G‘arb razvedka tashkilotlari Rossiya endilikda butun e’tiborini Donbassni to‘liq egallashga qaratishi haqida yozmoqda. Xuddi shu razvedka tashkilotlari Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi haqida oktyabr oyida ma’lum qilgandi. Shu bois ular tarqatgan ma’lumotlar e’tiborga molik. Xususan, CNN bilan suhbatda bo‘lgan razvedka ma’lumotlaridan xabardor amerikalik mansabdorlar Rossiya 9 mayga qadar Donbass ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishni istayotganini aytgan. Rossiyaning «B rejasi» aynan Donbassni to‘liq egallash ekani haqida tobora ko‘p gapirilmoqda, Ukraina u yerdagi o‘z nazoratida bo‘lgan hududlardan odamlarni evakuatsiya qilmoqda. Donbass uchun keskin jang kechishi tobora haqiqatga o‘xshab bormoqda.

Ma’lumot uchun, Donbass deganda Donetsk va Lugansk viloyatlarining katta qismini o‘z ichiga oluvchi hudud tushuniladi.

Shoygu anons qilgandi

29 mart kuni 18 kun davomida ko‘rinmay qolgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu omma oldida yana paydo bo‘lib, hisobot bergandi. Shoygu Rossiyada «maxsus harbiy amaliyot» deb atash qabul qilingan urushda asosiy vazifa bajarilgani, endigi e’tibor Donbassni «ozod qilish»ga qaratilishini aytdi. Shoygu urushning ikki sababidan biri bo‘lmish «denatsifikatsiya» bosqichida qaysi millatchi to‘dalar, Rossiya Kiyevdagi hukumatni egallagan deb hisoblaydigan qaysi natsistlar o‘ldirilgani yoki qo‘lga olingani haqida ma’lumot bermadi. «Demilitarizatsiya» bosqichida Ukraina harbiy qudrati yo‘q qilingani esa shundoq ham ko‘rinib turibdi. Ayni damda Ukraina harbiy ko‘rinishda emas, partizanchasiga himoyalanmoqda deyish ham mumkin.

Ikki xil ssenariy: yoki faqat Donbass yoki Qrimgacha quruqlikdan koridor

Kiyevni tark etgan Rossiya endilikda Ukraina sharqida faollikni oshirishi deyarli aniq bo‘lib ulgurdi. Chunki 9 may yaqin, bu kun Rossiyada qanchalik katta dabdaba bilan nishonlashlari ma’lum. Putin uchun esa bu kun ayniqsa muqaddas hisoblanadi. Shu sabab ruslar aynan shu kunda urushdagi qandaydir g‘alaba haqida e’lon qilishni istashi tayin. Bu galgi janglarda Rossiya ikki maqsadni ko‘zlashini taxmin qilish mumkin. Ruslar yoki Donbassni to‘liq egallashga harakat qiladi, yoki omadi kelsa, DXR va LXRdan Qrimgacha quruqlikdan koridor hosil qilishga urinadi.

Ular uchun Qrimgacha koridor tashkil qilish ideal g‘alaba bo‘lishi aniq, ammo bu oson bo‘lmaydi. Chunki bu uchun butun Azov bo‘yidagi shaharlarni egallash kerak bo‘ladi. Birgina Mariupol hamon taslim bo‘lmayotgani ushbu vazifa qanchalik qiyinligini ko‘rsatib turibdi. Rossiya Mariupol markazini qo‘lga olganini ma’lum qildi, Ukraina strategik muhim shaharning janubi-g‘arbinigina nazorat qilmoqda. Mariupol qo‘ldan ketishi urush taqdiriga jiddiy ta’sir qiladi.

Ruslarda yangi qo‘mondon bo‘ladimi?

CNN bilan suhbatda bo‘lgan amerikalik harbiylar Rossiyaning urushdagi muvaffaqiyatsizligiga sabablardan biri sifatida umumiy operatsiyani boshqaradigan qo‘mondon yo‘qligini aytgan. Amerikalik harbiylar Rossiya Donbass uchun janglarga qo‘shinni boshqaradigan bosh qo‘mondon tayinlashini taxmin qilgandi va aftidan bu haqiqatga yaqin, chunki Rossiya qo‘shinlarini «maxsus harbiy amaliyot»ning keyingi bosqichida Suriyadagi urushlarda faol bo‘lgan general Aleksandr Dvornikov boshqarishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. General Dvornikov Rossiya Janubiy harbiy okrugi bosh qo‘mondoni hisoblanadi.

BBC bilan suhbatda bo‘lgan g‘arblik siyosatchining aytishicha, Rossiyaning hozirgacha bo‘lgan harakatlarida tarqoqlik ko‘zga tashlangan. Dvornikovning asosiy vazifasi qo‘shinlar o‘rtasidagi birdamlikni ta’minlash bo‘ladi. Suhbatdoshning aytishicha, Dvornikov bosh qo‘mondon bo‘lishi tarqoqlikni bartaraf etishi kutilmoqda.

Aleksandr Dvornikov 1978 yildan buyon Rossiya armiyasida xizmat qilib keladi. Armiya generali (general-polkovnikdan baland, marshaldan past lavozim) harbiy darajasiga ega. Ikkinchi chechen urushida va Suriyadagi urushda ishtirok etgan. 2016 yil Rossiya qahramoni unvoni bilan taqdirlangan. Putin bilan yaxshi munosabatda ekani aytiladi.

Kreml Sergey Shoygu haqidagi mish-mishlarni rad etdi, ammo Dvornikov Donbass uchun urushda chindan bosh qo‘mondon bo‘lsa, bu Putin tomonidan Sergey Shoyguga ishonchsizlik bildirilganidan nishona bo‘ladi.

Ukraina nima qilmoqda?

Ukrainada anchadan buyon Rossiya Donbassga urush boshlashga tayyorlanayotgani haqida gapirishmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, G‘arb Ukrainaga qo‘shimcha qurollar bermasligi va Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llanmasligi Donbassda urush boshlash uchun ruslarga berilgan signal bo‘ladi: «Agar hozir bizga qo‘shimcha qurollar bermasangiz, Rossiyaga qarshi jiddiy sanksiyalar kiritmasangiz, Rossiya buni Donbassda qonli urush ochish uchun ruxsat deb qabul qiladi. O‘tgan yildayoq sanksiyalar kiritilishi kerak edi, bunday qilinmadi va oqibatini ko‘rdingiz», degandi Zelenskiy.

Urushdagi Ukraina mudofaasining asosiy harbiy me’mori ekani aytilayotgan harbiy razvedkachi Aleksey Arestovich 12 martda Rossiya uch hafta ichida navbatdagi yurishni boshlashi mumkinligini aytgandi. Arestovich o‘shanda Rossiya Ukrainaga qarshi urush uchun atagan 90 ta taktik batalonning uchdan biri yo‘q qilingan yoki urushga yaroqsiz holatga kelgani, qolganlar boshqa yerlarga band qilingani haqida gapirgan. Bugun o‘sha boshqa joylardagi harbiylar Belarusga va Rossiyaning Ukrainaga yaqin bo‘lgan joylariga olib ketilgan. Ular qayta tayyorgarlikdan o‘tgach, Donbass uchun jangga tashlanishi kutilmoqda.

Shuningdek, Rossiyaning barcha hududlarida ko‘ngillilar yig‘ish boshlab yuborilgan, mahalliy hokimliklar ularni urushga kuzatayotgani haqida videolar ochiq e’lon qilinmoqda. Arestovichning aytishicha, butun Rossiya bo‘ylab zaxiradagi harbiylarni ham yig‘ish boshlangan. Tuva respublikasidan urushga ketayotgan ko‘ngillilarni kuzatish marosimida ko‘rish mumkinki, odamlarga «ulug‘ vatan urushi»ga ketayotgani aytilgan. Ularga ortga «fashistlar ustidan g‘alaba qilib» qaytishni tilashgan.

Arestovich Rossiyaning eng zo‘r harbiylari mag‘lub etilgani, yangi chaqirilganlar esa ulardan kuchli emasligini aytgan. Uning taxminicha, Ukraina barchasini to‘g‘ri bajarsa, Rossiya tez orada himoyalanuvchi rolida paydo bo‘ladi va bir oydan ortiq mudofaalanishga chiday olmaydi. Boshqa ekspertlar kunlar isishi Ukraina foydasiga ishlashini aytishmoqda, chunki Rossiyaning og‘ir tanklari yer yumshagach harakatlanishga qiynaladi, yer loy bo‘lsa, botib qolishi ham mumkin.

Ukrainaga S-400 berildi

Agar Rossiya yana yerdan urishishda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, raketa zarbalariga ishonishga majbur bo‘ladi. Rus raketalaridan himoyalanish uchun esa Ukrainaga rus raketa kompleksi berishdi. Slovakiya nihoyat Ukrainaga va’da qilingan S-400 raketa komplekslarini yuborayotganini e’lon qildi. Slovakiya AQSh evaziga o‘zida ishlab chiqarilgan raketa komplekslarini beradigan bo‘lsa, Ukrainaga o‘zida mavjud S-400 havo hujumidan himoya qiluvchi zenit raketa komplekslarini berishga roziligini aytgandi. Demak, tomonlar kelishib olgan ko‘rinadi, chunki Slovakiya mudofaa vazirligi komplekslar Ukrainaga yuborilayotgani tasvirlangan video e’lon qildi.

Qo‘shimchasiga Avstraliya ham Ukrainaga zirhli mashinalaridan yuborishini e’lon qildi. AQSh juda katta partiya «Javelin» yuborishini aytgandi. Agar ular yetib kelsa, Ukraina rus tanklaridan ko‘p tankka qarshi «Javelin» raketalariga ega bo‘ladi.

Urushdan chiqish uchun yo‘l

G‘arbda Donbass uchun jang Rossiya uchun urushdan chiqish chorasi deb o‘ylayotgan ekspertlar ham yo‘q emas. Ularning fikricha, Putin Ukrainani qiyinchiliksiz, ortiqcha texnika va odamlarini yo‘qotmay taslim qilaman deb o‘ylagan, ammo voqealar kutilmaganda uning rejalaridan chiqib ketgan. Bu ekspertlarga ko‘ra, Rossiya Donbassni to‘liq olib shu tariqa urushga mantiqiy yakun yasamoqchi bo‘layotganini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Bu taxminda ham jon bor, chunki G‘arb sanksiyalari Rossiyaning har bir sohasiga zarba bermoqda, harbiy ishlab chiqarishga ham. Bu esa oddiy qurol yetkazib berish, texnikalarni ta’mirlashda jiddiy muammolar keltirib chiqaradi. Ya’ni urush cho‘zilishi Rossiya uchun zararga ishlaydi.

AQSh razvedka ma’lumotlarini beradi

Pentagon rahbari Lloyd Ostinning aytishicha, AQSh Rossiyaning Donbassga yurishi haqida razvedka ma’lumotlarini Kiyev bilan bo‘lishadi. CNN bu amerikalik rasmiylarning urushdagi ishtiroki haqida birinchi bayonoti bo‘lganiga e’tibor qaratdi, ammo Vashington urushda ishtirokini rad etayotgandi deb bo‘lmaydi. AQSh rasman e’lon qilib yuborayotgan qurollar bo‘lmaganda, Ukraina bugungi kungacha oyoqda turishi qiyin bo‘lardi.

«Xuddi ikkinchi jahon urushiday eslab yurishadi»

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba NATO majlisida chiqish qilar ekan, Rossiyaning Donbassga hujumi ikkinchi jahon urushini eslatishini aytdi. «Bizga yoki shu kunlarda yordam berasiz, yoki juda kech bo‘ladi», degan Kuleba. Uning aytishicha, Donbassga hujum amalga oshsa, odamlar uning dahshatini ikkinchi jahon urushini eslaganday eslab yurishadi. Ukraina TIV rahbarining aytishicha, Rossiya Donbassni egallashga minglab tanklar, samolyot va zirhli texnikalar bilan kirishadi.

O‘tkir Jalolxonov.

Mavzuga oid
Top