21:45 / 09.04.2022
29991
O‘qituvchilarga ustama, qoidabuzarlarga jarima ballari va ochiq budjet - hafta dayjesti

Kun.uz o‘z an’anasiga muvofiq yakunlanayotgan haftaning asosiy yangiliklari sharhini taqdim etadi.

Maktablarda o‘qitish metodikasi yangilanadi

Yangi o‘quv yilidan boshlab, maktablarda dars berayotgan jami 6ta fan o‘qituvchilarida xalqaro sertifikat olgan holda maoshlarini oshirib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘tgan yildan boshlab xalqaro sertifikatga ega chet tili o‘qituvchilarini rag‘batlantirish tizimiga o‘tilgan edi. Endilikda bunday amaliyot matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari o‘qituvchilariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Bu haqda seshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. Yig‘ilishda maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanishi e’lon qilindi. Bunda, chet eldan tajribali metodistlar jalb qilinib, keyingi 3-4 yilda barcha sinf o‘qituvchilari yangi metodika asosida o‘qitiladi.

Umid qilamizki, yangicha o‘qitish uslubi orqali bolaga bilimlarni yodlatishga asoslangan sovetcha uslubdan nihoyat voz kechiladi. Ilg‘or tajribalarga ko‘ra, bolani darsliklardagi ming xil faktlarni yodlashga emas, balki fikrlashga o‘rgatish kerak. Zamonaviy ta’lim o‘quvchini aynan fikrlashga rag‘batlantirishi, unda muloqot va boshqa “yumshoq ko‘nikmalar”ni shakllantirishi, shu orqali intellektual va ijodiy qobiliyatini o‘stirishi kerak.

Prezident yig‘ilishida maktablardagi ma’naviyatchilar va direktorlar haqida ham so‘z bordi. Ma’lum bo‘lishicha, respublika bo‘ylab maktablarda 15 mingga yaqin ma’naviyatchi ishlayapti, prezident ularga qo‘yilgan talablarni qayta ko‘rib chiqishni buyurdi. Xuddi shunday, direktorlarga ham yangi talablar qo‘yiladi: 1 sentabrdan ularni sertifikatlash tizimi joriy etilib, direktorlikka nomzodlar shu tizim orqali tanlanadi.

Prezident topshirig‘iga asosan, maktablarda namunali o‘quvchilarning ota-onasiga minnatdorchilik xati va sovg‘alar berib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Yig‘ilishda ixtisoslashgan maktablarni ko‘paytirish, maktablardagi sharoitlarni yaxshilash, kompyuter va internet bilan ta’minlash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

***

Urush va inflatsiya

Rossiya boshlagan urush hammaga, xususan o‘zbekistonliklarga ham ancha qimmatga tushyapti. Migratsiya agentligining ma’lum qilishicha, Rossiyadagi o‘zbek migrantlarining ish haqini vaqtida ololmaslik holatlari oshgan. Yil boshidan beri 133 ming nafar migrant Rossiyadan O‘zbekistonga qaytib kelgan, agentlik so‘rovnomasida qatnashgan migrantlarning 40 foizi vatanga qaytmoqchi ekanini aytgan.

BMT shu hafta bergan ma’lumotga ko‘ra, mart oyida urush sababli jahon bo‘ylab oziq-ovqat narxlari rekord darajada ko‘tarilgan. Juma kuni Rossiyada inflatsiya salkam 17 foizga yetgani ma’lum qilindi. Mustaqil rus jurnalistlari ehtimoliy yaqin kelajakka ishora qilgan holda, uzoq yillardan beri sanksiyalar ostida yashayotgan Erondan reportaj tayyorlashga ham ulgurishdi.

Shu hafta O‘zbekiston Markaziy banki inflatsiya bo‘yicha ikkita hisobot e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, rasmiy inflatsiya 10,5 foiz bo‘lsa-da, narxlar qimmatlashining aholiga sezilgan darajasi 15,7 foizga yetgan. Narxlar o‘sishi bo‘yicha aholidagi kutilmalar ham oxirgi to‘rt oy ichida birinchi marta ko‘tarilib, 15 foizga chiqqan.

Kun.uz'ning rasmiy raqamlarga asoslangan hisoblashlari shuni ko‘rsatmoqdaki, oxirgi 1 yilda O‘zbekistonda shakar 37 foizga, kungaboqar yog‘i 27 foizga qimmatlashgan. Yog‘ narxi bo‘yicha prognozlar ijobiy emas, Rossiya 15 apreldan boshlab kungaboqar yog‘i eksportiga cheklov kiritadi. O‘zbekiston esa o‘simlik yog‘iga bo‘lgan ehtiyojining 40 foizini import hisobiga qoplaydi, importning uchdan ikki qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qimmatchilikka olib kelayotgan urush tugashidan esa hali-hamon darak yo‘q. Afsuski, Rossiyada hokimiyat hozirgi egalari qo‘lida qolar ekan, sanksiyalar hali-beri yechilmaydi. Ya’ni urush tugagan taqdirda ham, u qanday yakun topishidan qat’i nazar, sanksiyalar o‘z kuchida qoladi, bu esa Rossiya iqtisodiyotiga sezilarli bog‘langan biz kabi mamlakatlar uchun ham jiddiy muammolar keltirib chiqaradi. 2023 yilda inflatsiyani 5 foizga tushirish rejasi amalga oshmasligi ham mumkin.

***

Sanksiyalar UzAuto Motors'ga ham ta’sir qildi

Xalqaro sanksiyalar fonida UzAuto Motors Rossiyaga avtomobil sotolmay qoldi. Ma’lum bo‘lishicha, buning sababi – kompaniya mikrochiplarni Janubiy Koreyadan sotib oladi, Janubiy Koreya esa Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilgan. Qolaversa, Chevrolet brendi Amerika kompaniyasiga tegishli.

Bu yangilik ichki bozorda navbatlar kamayishiga sabab bo‘lolmaydi, chunki Rossiyaning O‘zbekiston avtomobil eksportidagi ulushi o‘tgan yili bor-yo‘g‘i 1,6 foiz bo‘lgan. Eksportning 93 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.

9 aprel holatiga ko‘ra, Gentra avtomobili uchun navbat kutayotganlar soni 37 mingdan oshgan. Yana 17 mingdan ortiq xaridor Cobalt uchun navbatda turibdi. Ushbu monopoliyaga qarshi kurashgani bilan yodda qolgan amaldorlardan biri esa shu hafta ishdan ketdi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan olingan Bobur Karimov o‘z chiqishlarida bir necha bor UzAuto Motors'ga berilgan imtiyozlarni bekor qilish kerakligini aytgandi.

Antimonopol qo‘mita tekshirishi kerak bo‘lgan ayrim holatlar shu hafta ham jamoatchilik e’tiborini tortdi. Bu – Toshkent shahar hokimligining navbatdagi shov-shuvli xaridlari bilan bog‘liq.

Ma’lum bo‘lishicha, hokimlik 8 mart kuni o‘z tizimidagi ayollarni taqdirlash uchun salkam 1 mlrd so‘mga Artel maishiy texnikalarini sotib olgan. Bundan tashqari, o‘tgan yilgi O‘qituvchi va murabbiylar bayramini tashkillashtirgani uchun Autograph Event nomli kompaniyaga qariyb 757 mln so‘m to‘lab berilgan, bu kompaniya esa o‘sha vaqtda Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli bo‘lgan.

Autograph Event'ning hozirgi rasmiy egasi boshqa odam, lekin e’tiborlisi, shu odamga qarashli Profi Event nomli yana bitta kompaniya ochilganiga endigina 15 kun bo‘lgan bir paytda Toshkent shahar hokimligidan 1 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri buyurtma olgan. Shartnoma “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida qurilish, dekoratsiya va boshqa ishlar uchun tuzilgan.

Shu o‘rinda yana bir ma’lumot, qurilganiga ikki yil bo‘lgan “G‘alaba bog‘i” ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari sabab shu hafta vaqtincha yopildi.

***

Budjetni taqsimlash odamlarning o‘ziga qo‘yib berilganida...

“Tashabbusli budjet”ning ilk mavsumi g‘oliblari e’lon qilindi. Loyihada ishtirok etgan fuqarolarning soni ko‘pchilik kutganidan ham yuqori bo‘ldi, deyish mumkin. Kelib tushgan takliflardan 40 mingtasi ovozga qo‘yilgan bo‘lsa, ularga 6 mln 718 mingdan ko‘proq ovoz to‘plandi.

“Ochiq budjet” portalida bitta telefon raqam orqali faqat bitta tashabbusga ovoz berish mumkin. Shundan kelib chiqib, shartli ravishda, bir kishi bitta ovoz bergan deb hisoblasak, loyihada 18 yoshdan oshgan o‘zbekistonliklarning uchdan bir qismi ishtirok etgani ma’lum bo‘ladi. Bu darajadagi faollikni, ochig‘i, hech kim kutmagan edi. Ayni shu raqamlar “xalqimiz tayyor emas” degan faraz asossiz ekanini yana bir bor isbotladi. Guvohi bo‘ldikki, agar imkoniyat berilsa, xalqimiz budjet mablag‘lari to‘g‘ri taqsimlanishida faol ishtirok etishga tayyor ekan.

Loyiha doirasida yo‘llarni asfaltlash, ichimlik suvi tarmog‘ini tortib kelish, maktablarni ta’mirlash kabi takliflarga pul ajratilishi uchun tashabbuskorlarning harakatlari e’tiborga loyiq. Faollar g‘oliblik uchun alohida rejalar ishlab chiqishdi, turli taktika va strategiyalar qo‘llashdi: uyma-uy yurib, flayerlar tarqatildi, ovoz berganlarga maqtov yorliqlari topshirildi, ayrim hududlarda ovoz berganlik uchun pul mukofoti ham berildi.

Loyihada aholining faolligi rahbarlarni ham befarq qoldirmadi. Prezident qarori bilan 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan tashabbuslarning hammasi g‘olib deb e’lon qilindi. Natijada g‘oliblar soni yana 139taga ko‘paydi.

“Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumi iyul oyida start oladi.

***

Pensiyani plastikda oluvchilarga bir foizlik bonus

Pensiya va nafaqalarni plastik karta orqali olishga rag‘batlantiruvchi prezident qarori e’lon qilindi. Qarorga binoan, pensiya va nafaqani plastik karta orqali oluvchilarga 1 maydan boshlab qo‘shimcha 1 foiz haq to‘lanadi. Chunki shu sanadan boshlab bankomatlar orqali pensiya va nafaqani naqdlashtirganda 1 foizlik komissiya joriy etiladi.

Masalan, plastik karta orqali 1 mln so‘m pensiya oluvchi fuqaroga endilikda 1 mln 10 ming so‘m to‘lanadi. Agar u ushbu mablag‘ini naqdlashtirmasa, 10 ming so‘m o‘zining yonida qoladi.

Shuningdek, pensioner va nafaqaxo‘rlar plastik kartadagi pulini naqdlashtirish uchun tuman markaziga borib yurishiga ham hojat qolmaydi: Xalq bankining sayyor kassalari mahallalarga borib, xohlovchilarning pullarini naqdlashtirib beradi.

Pensiya va nafaqalarni naqd pulda yetkazib bergani uchun Xalq bankiga 1 foiz miqdorda budjetdan xizmat haqi to‘lanadi. E’tibor bering, bu mablag‘ pensionerlardan ushlab qolinishi haqida tarqalgan ma’lumotlar asossiz.

Shuningdek, xorijdan 1800ta bankomat olib kelinib, ular asosan olis tumanlarda o‘rnatiladigan bo‘ldi.

***

Haydovchilarga qoidabuzarlik uchun jarima ballarini hisoblash 1 dekabrdan boshlanadi

Hafta boshida Shavkat Mirziyoyev yo‘llardagi xavfsizlikni oshirish bo‘yicha qaror imzoladi. Unga ko‘ra, haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash 2022 yil 1 dekabrdan boshlanadigan bo‘ldi. Agar haydovchining jarima ballari 12 oy davomida belgilangan limitdan oshib ketsa, u haydovchilik huquqidan mahrum qilinadi. Qoidabuzar fuqaro jazo muddati tugagandan keyin haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish uchun imtihon topshirishga majbur bo‘ladi.

Qarorga binoan, Toshkent va Nukus shaharlari hamda barcha viloyatlar markazlaridagi yirik chorrahalarga raqamli boshqaruv tizimlari joriy etiladi. Yo‘l belgilari va svetoforlar ko‘paytiriladi, tuman va shaharlar yo‘llarning xavfsizligiga qarab “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi. Shuningdek, hokimlarga o‘z hududida radar o‘rnatish huquqi beriladi. Ana shu radarlar orqali kelib tushgan jarimalarning 30 foizi shu hududdagi yo‘llarni yaxshilashga sarflanadi.

7 aprel kungi yig‘ilishda prezident ichki yo‘llarni ta’mirlashni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Yig‘ilishda yangragan asosiy yangilik – endilikda mahallalarning ichki yo‘llarini ta’mirlashda sement-betondan kengroq foydalanishga o‘tiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yo‘llardagi “avariya”lar soni oshishda davom etyapti. 2021 yilda 10 001 ta YTH ro‘yxatga olingan, ularda 9 230 kishi jarohat olib, 2 436 kishi halok bo‘lgan. O‘lganlar soni 2019 yil bilan solishtirganda sezilarli ko‘p.

***

Yakunlanayotgan haftada yana nimalar ro‘y berdi?

Qozog‘iston o‘z qo‘shnilari, xususan O‘zbekiston bilan ham yerusti chegara punktlarini 11 apreldan boshlab ochadigan bo‘ldi. Mamlakat chegaralari ikki yil oldin, koronavirus sabab yopilgan edi. Qozog‘istonga kirish uchun manfiy PZR-test sertifikati yoki emlanganlik pasporti bo‘lishi kerak. Eslatib o‘tamiz, 30 mart sanasidan boshlab Rossiya ham Qozog‘istondan kirish punktlarini ochgan edi.

Alisher Sultonov energetika vaziri lavozimidan ozod etildi. Rasmiy izohga ko‘ra, u salomatligi sabab boshqa ishga o‘tkaziladi. Sultonov Energetika vazirligini uch yil davomida boshqardi.

Oliy sud Otabek Sattoriy ishini ko‘rib chiqib, hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Eslatib o‘tamiz, surxondaryolik bloger o‘tgan yili bahorda 6,5 yilga qamalgan edi.

Avtoyo‘llar qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev va Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov hukumat majlisida ogohlantirildi. Vazirlar Mahkamasi ularni jamoatchilik bilan to‘g‘ri aloqa o‘rnata olmagan deb topdi. Eslatib o‘tamiz, muammolar yuzasidan izoh olish uchun Bahrom Haydarovning oldiga borgan jurnalistlar allaqanday ayolning hujumiga duchor bo‘layotgan edi.

Zangiota tumani hokimi yordamchisi 16,5 ming dollar bilan qo‘lga tushdi. Ma’lumot uchun aytib o‘tamiz, xuddi shu hokimning sobiq o‘rinbosari ayni paytda qidiruvda, u ham korrupsion jinoyatda ayblanmoqda.

1 iyuldan boshlab bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar faqatgina qonun asosida beriladigan bo‘ldi. Bu yaxshi yangilik albatta. Biroq kelgusida nafaqat bojxona imtiyozlari, balki bojlarning o‘zi ham qonun asosida belgilanadi va stavkalar pasaytiriladi, deya umid qilib qolamiz. 

Top