14:17 / 09.04.2022
50127

SSSRning mag‘lubiyatga teng «g‘alaba»si: Sovet-fin urushida aslida kim g‘olib bo‘lgandi?

Ikkinchi jahon urushi boshlangach, 1939 yil 30 noyabrda SSSR Finlandiyaga bostirib kiradi. Urush nihoyasida SSSR juda katta armiya bilan ham g‘alaba qozona olmaydi. 105 kun davom etgan urushdan so‘ng har ikki mamlakat o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanadi. Unga ko‘ra Finlandiya 11 foiz hududini SSSRga berib, o‘z mustaqilligini saqlab qoladi.

Ko‘pchilik bor-yo‘g‘i 105 kun davom etgan Sovet-fin urushi haqida batafsil ma’lumotlarga ega emas. SSSR davrida, u parchalanib ketgach Rossiya tarix kitoblarida ham asosiy urg‘u fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qaratiladi. Sovet-fin urushida maqtanadigan narsaning o‘zi yo‘qligi uchun bu haqida uzuq-yuluq ma’lumotlar berish bilan cheklanishadi.

Sovet-fin urushining eng ahamiyatli tomoni shundaki, SSSRning juda katta armiyasi finlarning son jihatdan bir necha barobar kam bo‘lgan qo‘shini ustidan batamom g‘alaba qozona olmaydi. Ayrim tarixchilar sovet armiyasining Fin urushida muvaffaqiyatsizlikka uchraganini va g‘alaba qozona olmaganini ko‘rib, Hitler SSSRga hujum qilishga qaror qilgan, degan farazni ilgari surishadi. Nima bo‘lganda ham, bu urushda fin xalqi bosqinchilarga mardonavor qarshilik ko‘rsatadi va ayrim chegaradosh hududlarini SSSRga berib bo‘lsa-da, o‘z mustaqilligini saqlab qoladi.

Bugun sobiq ittifoq hududida yashayotgan ko‘pchilik Ikkinchi jahon urushi 1941 yil 22 iyunda boshlangan deb biladi. Aslida u 1939 yil 1 sentabr kuni boshlangan. O‘shanda SSSR va Germaniya armiyasi Polshaga bostirib kirgan edi. Undan keyin ikkita ittifoqdosh davlat Chexoslovakiya va Ruminiyani birgalikda bosib olib o‘zaro taqsimlashadi. So‘ng SSSR Finlandiyaga hujum qiladi.

Molotov-Ribbentrop pakti va Sharqiy Yevropaning bosib olinishi

1939 yil 23 avgustda Moskva shahrida natsistlar Germaniyasi va sovet ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik bo‘yicha shartnoma imzolanadi. Bu shartnoma har ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Vyacheslav Molotov va Ioaxim fon Ribbentrop tomonidan imzolangani uchun u «Molotov-Ribbentrop pakti» deb nomlanadi.

Molotov va Ribbentropning ana shu uchrashuvida fashistlar Germaniyasi va SSSR tomonidan Sharqiy Yevropa davlatlarini birgalikda bosib olib, o‘zaro taqsimlash masalalari ham yashirincha kelishib olinadi. Kelishuvga ko‘ra, SSSR Boltiq dengizi bo‘yida joylashgan Latviya, Litva, Estoniyani to‘liq, Finlandiya, Polsha, Chexoslovakiya va Ruminiyaning bir qismini olishi, qolgan hududlarga Germaniya egalik qilishi kerak edi.

Foto: www.alamy.com

Sovet ittifoqi fashistlar Germaniyasi bilan tuzilgan sharmandali bu kelishuv tafsilotlarini uzoq yillar davomida barchadan yashirib keladi. SSSR parchalanib ketgach, kelishuvning asli ommaga oshkor bo‘ladi.

Shartnoma imzolangandan 1 hafta o‘tib 1939 yil 1 sentabr kuni Germaniya armiyasi Polshaga bostirib kiradi. Natsistlar Polshaning asosiy qismini bosib olgach, oradan 17 kun o‘tib, 1939 yil 17 sentabr kuni sovet armiyasi Polshaga sharqdan hujum boshlaydi. SSSRda bu bosqinchilik urushi «Qizil armiyaning qardosh xalqlar himoyasi uchun harakatlari», deb nomlanadi.

1939 yil 28 sentabr kuni natsistlar armiyasi Varshavani egallaydi. Ana shu kuni Moskvada SSSR va Germaniya o‘rtasidagi chegara va do‘stlik shartnomasi imzolanadi. Shartnomada tomonlar Polshani qanday tarzda bo‘lib olishni kelishib olishadi. 6 oktyabr kuni Polsha armiyasi batamom taslim bo‘ladi.

SSSR Polshadan bosib olingan hududning bir qismini Ukrainaga, yana bir qismini Belarusga qo‘shib beradi. Yana bir qismi esa o‘sha paytda hali mustaqil davlat bo‘lgan Litvaga tortiq qilinadi.

Foto: livejournal.com

Polsha bo‘lib olingach sovet armiyasi Chexoslovakiyadan G‘arbiy Ukrainaning yana bir qismini, Ruminiyadan Moldaviyani tortib oladi va bu hududlar SSSRga qo‘shiladi. Shundan so‘ng navbat Finlandiyaga keladi.

SSSRning Finlandiyaga qo‘ygan talablari

1939 yil 5 oktyabr kuni «ba’zi bir siyosiy masalalar»da muzokara o‘tkazish uchun Finlandiya tashqi ishlar vaziri va mudofaa vazirligi qo‘mondonlaridan iborat vakillar Moskvaga chaqiriladi. Ana shu muzokaralarda Finlandiyaga bir qancha og‘ir shartlar qo‘yiladi.

Jumladan:

1. Finlandiya o‘z chegarasini Leningraddan 90 kilometr nariga surishi va o‘rtadagi hududni SSSRga berishi;

2. Hanko yarimorolida 30 yillik ijara bilan SSSR harbiy-dengiz bazasini joylashtirishi uchun yer berilishi;

3. SSSR harbiy dengiz kuchlariga Hanko yarimorolidagi Lappoxya portidan foydalanish imkoniyatini taqdim etishi;

4. Boltiq dengizidagi Gogland, Lavansaari, Tyutyarsaari va Seyskari orollarini SSSRga berishi;

5. O‘zaro hujum qilmaslik haqida sovet-fin paktini imzolash va uchinchi tomon bostirib kirganda bir-biriga harbiy yordam berish;

6. Har ikkala davlat ham Kareliya bo‘ynidagi istehkomlardan qurol-yaroqlarini olib chiqib ketishi va shu kabi bir qancha talablarni qo‘yadi.

Foto: AiF

Finlandiya hukumati bu talablarni qabul qila olmas edi. Qolaversa, mamlakat parlamenti va sovetlarning og‘ir talablari haqida xabar topgan fin xalqi ham ularning bajarilishiga qarshi chiqadi.

1939 yil 31 oktyabr kuni SSSR Oliy kengashida nutq so‘zlagan tashqi ishlar vaziri Molotov Finlandiya SSSRga hujum qilishni rejalashtirayotgan uchinchi davlatga Kareliya bo‘ynidan Leningradga hujum qilish uchun imkoniyat yaratib berishi mumkinligini va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytadi.

Sovet-fin muzokaralarining ikkinchi bosqichi 3 noyabrda boshlanadi va uning avvalida fin delegatsiyasi sovetlar qo‘ygan talablarni bajara olmasligini ma’lum qiladi. Shu tariqa muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. 9–12 noyabr kunlari o‘tkazilgan muzokaralar ham natijasiz tugaydi. Moskva o‘z talablarida qattiq turib oladi, finlar esa yon berishni xohlamaydi.

Urush arafasida tomonlarning harbiy qudrati

1939 yilda Finlandiya qurolli kuchlari tarkibida askarlar va harbiy texnikalar soni sovetlarniki bilan solishtirganda bir necha barobar kam edi. Ammo urush boshlangach Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSh finlarga salmoqli harbiy yordam ko‘rsatadi. Ammo shunda ham farq juda katta bo‘lib qolaveradi. Masalan, o‘shanda SSSRda qariyb 1500 ta tank bo‘lsa, finlarda bor-yo‘g‘i 64 dona bo‘lgan.

SSSRda birgina harbiy samolyotlar soni 1000 donadan oshiq bo‘lsa, finlarda fuqaro aviatsiyasida xizmat qilayotganlari bilan qo‘shib hisoblaganda 100 taga ham yetmagan. Shu sabab urush boshlangach Buyuk Britaniya va Niderlandiya qariyb 200 ta samolyot yetkazib bergan.

O‘sha paytda SSSRda qariyb yarim million harbiy bo‘lgan bo‘lsa, finlarda 50 mingdan oshiq bo‘lgan. Keyinchalik ular SSSR bajarib bo‘lmas talab qo‘ygan paytda urush ehtimoli tufayli aholini harbiy xizmatga chaqira boshlagan va askarlar sonini 200 ming nafardan oshirgan.

Urushning boshlanishi

1939 yil 26 noyabr kuni SSSR chegara hududlaridan birida fin askarlari sovet hududini artilleriya bilan o‘qqa tutgani haqida Finlandiya hukumatiga norozilik notasini yuboradi. Aslida esa chegarada bunday hodisa bo‘lmagan, bu Finlandiyaga bostirib kirish uchun bir bahona edi. Tabiiyki, finlar anglashilmovchilik bo‘lganini va chegara hududlaridan SSSRga o‘q uzilmaganini ma’lum qiladi.

Oradan 7 kun o‘tib 29 noyabr kuni Finlandiyaning Moskvadagi elchisi tashqi ishlar xalq komissariatiga chaqiriladi va unga so‘nggi nota topshiriladi. Elchiga Helsinkidan sovet elchilari chaqirib olinayotgani va fin elchixonasi xodimlari ham zudlik bilan Moskvani tark etishlari lozimligi aytiladi.

Ertasiga, 30 noyabr kuni ertalab sovet armiyasi Leningrad yaqinida chegarani kesib o‘tib Finlandiyaga bostirib kiradi. Shu tariqa sovet-Fin urushi boshlanadi. SSSRda sovet qo‘shinlarining Finlandiyaga bostirib kirishini «fin xalqini kapitalistlardan qutqarish uchun olib borilayotgan harbiy harakatlar», deb targ‘ibot qilishadi.

Foto: Rus.Team

Jumladan, urush boshlangach Leningrad harbiy okrugi qo‘mondoni Kirill Meretskov va Leningrad oblast partiya qo‘mitasi birinchi sekretari Andrey Jdanov «Biz Finlandiyaga bosqinchilar sifatida bormayapmiz. Balki fin do‘stlarimizni kapitalistlar va pomeshchiklar zulmidan ozod qilish uchun boryapmiz», deyishgandi.

Urush boshlangach vaziyat Moskvada rejalashtirilganday bo‘lmaydi. Garchi Finlandiya armiyasi kichik va yaxshi qurollanmagan bo‘lsa-da, bosqinchilarga qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Qolaversa, oddiy aholi ham sovet armiyasiga qarshi partizanlik urushini boshlab yuboradi. Shu tufayli sovet qo‘shinlari tomonidan Finlandiyani bosib olish yoki uning ko‘proq hududlarini qo‘lga kiritishning iloji bo‘lmaydi.

O‘shanda nafaqat Finlandiya armiyasi va finlar, balki urush ketayotgan joyda yashayotgan karellar ham bosqinchi sovet armiyasiga qarshi chiqishadi.

SSSR Finlandiyaga bostirib kirgandan bir necha kun o‘tib bosqinchi davlat sifatida Millatlar ligasi tashkiloti a’zoligidan haydaladi. Jahondagi aksariyat davlatlar SSSRning bu bosqinchilik urushini qoralab chiqishadi.

Foto: alamy.com

SSSR armiyasi qishning sovuq kunlarida juda katta yo‘qotishlar evaziga Finlandiyaning ozgina hududini egallaydi. So‘ng egallangan hududlarda Finlandiya demokratik respublikasi tuzilgani e’lon qilinadi. Qisqa kunlarda yangi davlatga qo‘g‘irchoq rahbar tayinlanadi, hukumat shakllantiriladi. Sotqinlar Moskvada sovetlar qo‘ygan talablarga roziliklarini bildirib, SSSR bilan sulh tuzish uchun muzokaralarni boshlab yuborishadi. Bu yoqda esa qaqshatqich janglar ketayotgandi.

Bundan tashqari, sovetlar «Fin xalq armiyasi» tuzilganini e’lon qilishadi. Aslida esa bu armiyaning tarkibi Leningrad harbiy okrugi askarlaridan iborat edi.

Yangi tuzilgan davlatni hech kim tan olmaydi. Biroq Finlandiya armiyasi garchi Yevropaning bir qancha davlatlaridan harbiy va gumanitar yordam berilayotgan bo‘lsa ham sovet armiyasi hujumiga oxirigacha dosh bera olmasligi aniq edi. 1940 yil 13 mart kuni sovet armiyasi og‘ir janglardan so‘ng Finlandiyadagi ikkinchi yirik shahar Viborgni qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng Finlandiya hukumati mamlakat mustaqilligini saqlab qolish uchun sovetlar bilan tinchlik sulhi uchun muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘ladi.

Sulh muzokaralari

Mart oyiga kelib ikki tomonning armiyasi ham holdan toyadi. Finlar o‘zlaridan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan sovet qo‘shiniga qarshi oxirigacha tura olmasligini anglab turardi. Sovetlar esa bahorda hamma yoq botqoqliklarga aylangan Finlandiyada barcha qo‘shinlarini tashlab ham oldinga siljiy olmas edi. Ana shunday vaziyatda ikki tomon uchun ham sulh tuzish eng maqbul ish bo‘lib ko‘rinadi.

Foto: alamy.com

1940 yil 7 mart kuni muzokara o‘tkazish uchun Moskvaga Finlandiya delegatsiyasi keladi. 12 may kuni esa ikki tomon tinchlik shartnomasini imzolaydi.

Tinchlik shartnomasiga ko‘ra sovet qo‘shinlari tomonidan egallangan Ladoga ko‘lining shimol va g‘arb tomonidagi yerlar SSSRga o‘tadi. Shuningdek, Finlandiya shimoliy-sharqidagi Laplandiya viloyatining Salla shahriga tutash hududlari va shimolda, Murmansk viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan yerlarni ham sovetlar oladi. Shu tariqa Finlandiyaning Shimoliy muz okeaniga chiqish yo‘li to‘siladi. Bundan tashqari, Fin ko‘rfazidagi Goglend oroli va Hanko yarimoroli sovetlarga beriladi (Hanko yarimoroli 1944 yilning 19 sentabrida Finlandiyaga qaytarib beriladi).

Shu tariqa, Finlandiya jami 40 ming kilometr kvadrat yer maydonidan, Viborg, Sortavala va Keksholm (hozirgi Priozyorsk) shaharlaridan va yana ko‘plab qishloqlaridan ayriladi. SSSRga berilgan hududda 227 ta katta va kichik korxona, jumladan, yirik tsellyuza ishlab chiqarish korxonasi va 19 ta GES bor edi.

O‘shanda finlar SSSRga jami 11 foiz hududini berishga majbur bo‘ladi va shu yo‘l bilan o‘z mustaqilligini saqlab qoladi. Aks holda voqealar rivoji SSSR Finlandiyani to‘liq bosib olib ittifoqdosh respublikaga aylantirishi yoki mamlakatga qo‘g‘irchoq rahbar tayinlab, uni Moskvadan boshqarishi ehtimoli katta edi.

Finlandiya o‘z hududining bir qismini SSSRga berishga majbur bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘rtada tuzilgan tinchlik shartnomasi bu davlat uchun g‘alaba sifatida baholanadi. Garchi finlardan ancha yer olib qo‘yilgan esa-da, sulh Moskva uchun g‘alaba emas edi. Shu sababli o‘shanda ko‘pchilik urush sovetlarning muvaffaqiyatsizligi va mag‘lubiyati bilan yakun topgan deb hisoblaydi.

Sovet armiyasining muvaffaqiyatsizligiga sabab bo‘lgan omillar

Bosqinchi sovet armiyasining bu urushda katta muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga eng birinchi noqulay ob-havo sabab bo‘ladi. Urush boshlangandan 2–3 hafta o‘tib Finlandiyada qalin qor yog‘adi va havo harorati keskin sovib ketadi. Joylarda sovuq –40 darajaga yetadi.

Foto: alamy.com

1940 yil fevral oyigacha havo harorati –23 darajadan yuqoriga ko‘tarilmaydi. SSSRning turli hududlaridan harbiy xizmatga chaqirilgan sovet askarlari bunday sovuqqa umuman dosh bera olmaydi va ularning ma’lum bir qismi muzlab halok bo‘ladi.

Ikkinchi sabab esa sovet armiyasiga qarshi qaqshatqich janglar olib borgan fin partizanlari edi. Ular qo‘lbola qurollar yordamida sovet armiyasiga katta talafotlar yetkazishadi. Masalan, ular shishaga yonilg‘i quyib tayyorlanadigan «Molotov kokteyli»dan urushning oxirigacha yarim million dona tayyorlab sovet tanklariga qarshi ishlatishadi.

Uchinchi sabab Finlandiyaning geografik joylashuvi va tabiati edi. Finlandiya armiyasi va fin partizanlariga qalin o‘rmon bilan qoplangan o‘z yerlarida sovet armiyasiga qarshi jang qilish birmuncha oson edi. Ular sovet askarlariga nisbatan sovuqqa chidamliroq edilar. Qolaversa, sovet armiyasi noqulay tabiiy sharoit tufayli oziq-ovqat, yonilg‘i va o‘q-dori ta’minotida jiddiy muammolarga duch keladi.

Foto: alamy.com

Fevral oyining oxiri, martning boshlarida esa frontning janubiy qismida qorlar eriy boshlaydi va hamma yoq botqoqlikka aylanadi. Ana shu omillar tufayli sovet armiyasi front liniyalarida umuman oldinga siljiy olmay qoladi.

Tomonlarning talafotlari

Sovet tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, bu urushda Finlandiya harbiylar va tinch aholini qo‘shib hisoblaganda jami 49 ming nafar odamini yo‘qotadi. Qariyb 159 ming kishi yarador bo‘ladi. Finlandiyaning rasmiy ma’lumotlarida esa 20–40 ming atrofida odam halok bo‘lgan. Yana 40 ming odam yaralangan.

NKVDning rasmiy ma’lumotlarida sovetlardan bor-yo‘g‘i 1341 nafar harbiy halok bo‘lgani, 320 nafari bedarak yo‘qolgani, SSSR jami 2500 nafar harbiylarini yo‘qotgani qayd etilgan. Keyinchalik bu urushda SSSR 95 ming harbiylarini yo‘qotgani ma’lum qilingan. Shundan 65 ming askar janglarda, 16 ming askar hospitallarda halok bo‘lgani, 14 ming harbiy bedarak yo‘qolgani aytilgan.

Foto: alamy.com

SSSR Mudofaa vazirligining sovet-fin urushidagi yo‘qotishlar bo‘yicha tuzgan ro‘yxatida harbiylarning 71 ming nafari janglarda, 16,2 ming nafari hospitallarda halok bo‘lgani, 39,3 ming askar esa bedarak yo‘qolgani qayd etilgan. Jami yo‘qotishlar esa 126 ming nafarni tashkil etgan.

Bundan tashqari, SSSR bu urushda o‘zining ko‘plab harbiy texnikalaridan, jumladan, tanklar, samolyotlar va brontexnikalaridan ayrilgan. Qisqa qilib aytganda, garchi Moskvadagilar o‘zlarini finlar bilan olib borilgan urushda qo‘lga kiritilgan yerlar hisobiga g‘olib sanashgan bo‘lishsa-da, aslida mag‘lubiyatga uchragandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top