17:01 / 09.04.2022
26879

Turar joy majmuasi ichida “diskoteka” - Chilonzorda aholi 1-qavatdagi restoran faoliyatidan norozi

Muqimiy ko‘chasidagi mashhur “Golden House” brendi ostida bunyod etilgan “Novza” turar joy majmuasi aholisi bir necha yildan buyon ko‘p qavatli uyning birinchi qavati va yerto‘lasida faoliyat yuritadigan restorandan aziyat chekayotganini bildirmoqda.

Tahririyatga murojaat qilgan Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasi, “Novza” turar joy majmuasida yashovchi fuqarolar 20V-uyning yerto‘lasi va birinchi qavatida joylashgan “MYaTA” kafe-restorani faoliyati ustidan bir nechta idoralarga qayta-qayta murojaat qilgani, ammo natijadan darak yo‘qligini bildirdi.

Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, “MYaTA” kafe-restoran deb atalgan bo‘lsa-da, u o‘z faoliyatini tungi klub sifatida olib bormoqda va u yerda qo‘yiladigan musiqaning shovqini hamda boshqa holatlardan ko‘p qavatli uyda yashovchilar aziyat chekmoqda.

Restoran aholining tinchini buzib, kechasi ham, kunduzi ham baland shovqin ko‘tarib faoliyat yuritib kelayotganiga mutlaqo qarshimiz. Tungi klub atrofida va ichida yengiltak ayollar yig‘ilyapti, jamiyatda yurish-turish qoidalari buzib kelinyapti.

Noqonuniy harakatlarni to‘xtatishni so‘rab, kafe-restoranning ma’muriyatiga qilgan murojaatlarimiz befoyda bo‘ldi. Bundan tashqari, bir necha bor “102” raqami orqali ichki ishlar organlariga qilgan murojaatlarimiz ham befarq qoldirilmoqda”, – deyiladi jamoaviy murojaatda.

Kun.uz'ga taqdim etilgan materiallarda kafe-restoran rostdan ham kun-u tun faoliyat yuritib kelgani, undan chiqayotgan shovqin turar joy majmuasining yuqori qavatlariga ham yetayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Shuningdek, videotasvirlarda yarim tunda kafe-restoran tashqarisida to‘plangan mijozlarning janjal ko‘targani, ko‘p qavatli uy yonginasida unda yashovchilarga xavf tug‘dirib mushakbozlik qilingani, turli uyatsiz harakatlar sodir etilgani ko‘rinadi.

Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 24 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘p kvartirali uylardagi yashash uchun mo‘ljallanmagan joylardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 12-bandida mulkdor yoki ijaraga oluvchilarga soat 23:00 dan boshlab soat 8:00 gacha yashovchilarning tinchligini buzuvchi shovqin chiqaruvchi qurilmalardan foydalanish taqiqlangan. Ushbu bandga ko‘ra, nafaqat tunda, balki kunduzi ham qattiq shovqin va tebranish hosil qiluvchi, fuqarolarning normal hayot faoliyatiga xalaqit beruvchi ishlarni bajarish taqiqlanishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 15 oktyabrdagi 648-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 11-bandida ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasida soat 23:00 dan keyin ham ishlaydigan umumiy ovqatlanish korxonalari, restoranlar, kafelar, kafeteriylar, barlarning faoliyat yuritishi mumkin emasligi, 20-bandida soat 23:00 dan boshlab soat 8:00 gacha yashovchilarning tinchligini buzuvchi shovqin chiqaruvchi qurilmalardan foydalanish mumkin emasligi, shuningdek sutkaning istalgan vaqtida qattiq shovqin va tebranish hosil qiluvchi, fuqarolarning normal hayot faoliyatiga xalaqit beruvchi ishlarni bajarish taqiqlanishi belgilangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasiga asosan, tungi vaqtda – soat 23:00 dan 06:00 gacha fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish, ya’ni baland ovoz bilan qo‘shiq aytish, musiqa chalish, tovush signallari berish va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalardan foydalanish fuqarolarga BHMning uchdan bir qismi, mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi qayd etilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, yarim tunda shovqin ko‘targanlik uchun kafe-restoran xodimlariga nisbatan bir necha marta ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llangan. Biroq shovqinlar davom etavergan.

  • Restoran xodimiga qo‘llanilgan jarima ushbu tashkilot uchun arzimagan xarajat hisoblanadi. Shu tufayli, tungi klub jarimalardan keyin ham doimiy ravishda qonunni buzgan holda faoliyatini davom ettirmoqda.
  • Ichki ishlarga telefon qilamiz, kelib tekshirgan bo‘ladi, shovqinlar ma’lum vaqt tinchiydi. Keyin yana davom etadi. Hammasi befoyda. Bular butunlay ko‘chib ketmaguncha tinch yasholmaymiz”, – deydi ko‘p qavatli uy aholisi.

Qo‘shimcha qilinishicha, ko‘p qavatli uyda yashovchilarning:

  • Bosh prokuraturadan holatni jiddiy nazoratga olishni;
  • Ichki ishlar vazirligidan kafe-restoranda har kuni doimiy 23:00 dan keyin tekshiruv va reyd o‘tkazishni, qonunbuzilishi holati aniqlanganda doimiy jarimaga tortishni, ko‘rilgan choralar haqida murojaatchiga ma’lumot berishni;
  • Chilonzor tumani hokimligidan kafe-restoran faoliyatini vaqtincha to‘xtatishni va uning “Novza” turar joy majmuasidan boshqa joyga ko‘chib chiqib ketishini ta’minlashni so‘rab yozgan murojaatlari natija bermagan.

Biz holat bo‘yicha izoh olish maqsadida “MYaTA” brendi ostida faoliyat yuritib kelayotgan restoran mas’ullari bilan bog‘landik. Restoran ma’muriyatining bildirishicha, ular o‘z faoliyatida qonunlarga rioya qilib keladi, biroq ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolardan biri o‘z shaxsiy adovati tufayli bir necha yildan beri restoranning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilishga urinmoqda.

Izohda aytilishicha, bugungi kunga qadar restoran faoliyati ustidan ushbu fuqarodan tashqari birorta qo‘shnidan shikoyat kelib tushmagan. Shu sabab hozirgacha restoran 84 mln so‘m zarar ko‘rgan va shu fuqaroga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun bosh prokuror nomiga ariza berilgan.

Biroq ta’kidlash lozim, Kun.uz'ga kelib tushgan jamoaviy murojaatga 10 nafar, Bosh prokuratura, IIV va Chilonzor hokimligiga yuborilgan jamoaviy murojaatga 30dan ortiq fuqaro imzo qo‘ygan.

Xullas, fuqarolar tinchligi va xotirjamligi buzilishiga sabab bo‘layotgan holatlardan bezor bo‘lishgan. Bu besaramjonlik oqibatlarini bartaraf etish uchun shikoyat qilinmagan idora qolmagan, hisob. Har ikki taraf ham osonlikcha “taslim bo‘lgisi” yo‘q. Masalaga uzil-kesil nuqtani qo‘yuvchi organ topilmas ekan, taraflarning o‘zaro kurashi hali uzoq cho‘ziladigan ko‘rinadi.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Abbos Salaydinov,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top