15:53 / 11.04.2022
12102

Ota-onam boks bilan shug‘ullanishimga qarshilik qilishgan - andijonlik chempion

15 yoshli Sobiraxon Shaxobiddinova Iordaniya poytaxtida (Amman) o‘tkazilgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. U 6 yoshidan boks bilan shug‘ullanib keladi.

Shu davr mobaynida ikki karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan. Qahramonimiz Andijon tumanidagi 33-maktabda tahsil oladi. Uning boks bilan shug‘ullanishiga oilasi dastlab qarshilik bildirgan.

“Oldin uydagilar boksga qarshilik bildirishgan. Keyin boraman deganim uchun ruxsat berishgan. Boksga tog‘am qiziqtirgan. Boks bilan 9 yoshimdan beri shug‘ullanaman. Oldin sinfdoshlarim, ustozlarimiz ham aytgan qiz bolaga boks to‘g‘ri kelmaydi degan. Lekin shu sportni tanlaganimdan afsuslanmayman” – deydi bokschi.

Sobiraxon Shaxobiddinova Osiyo chempionati finalida xitoylik raqibini 2-raundda texnik nokautga uchratgan. U o‘z oldiga Jahon va Olimpia chempioni bo‘lishni maqsad qilib qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, Boks bo‘yicha o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi rekord darajadagi sovrinlar soni va ahamiyati bo‘yicha ham umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan. Hammasi bo‘lib 46 ta medal qo‘lga kiritildi, ulardan 20 tasi eng yuqori darajada edi.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top