21:15 / 11.04.2022
19054
O‘zbekistondagi uy-joy narxi eng qimmat hududlar ma’lum qilindi

2022 yilning I choragida uy-joy narxining eng yuqori o‘sishi Sirdaryo (18 foiz), Xorazm (14,4 foiz) va Surxondaryo (13,1 foiz) viloyatlari va Toshkent (15,1 foiz) shahrida qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

2022 yilning yanvar-mart oylarida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 75,7 mingta bitim tuzilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,4 foizga ko‘pdir. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan 2022 yilning I choragi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori sharhida keltirib o‘tilgan.

Joriy yilning dastlabki uch oyi davomida narxlar oshishiga asosan quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan:

  • Xavfsiz aktiv sifatida ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabning o‘sishi;
  • 2021 yilda uy xo‘jaliklari daromadlarining oshishi;
  • Mart oyining oxiriga kelib devalvatsiya kutilmalarining ortishi.

Ikkilamchi bozor

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishda davom etgan va mart oyining oxiriga kelib o‘sish sur’ati 10 foizga yetgan.

Yanvar–fevral oylarida narxlarning oshishiga qo‘shimcha to‘lovlar va pul o‘tkazmalari bo‘yicha daromadlarning oshishi, mart oyida esa milliy valuta kursining o‘zgarishi ta’sir ko‘rsatgan.

Ikkilamchi bozordagi uy-joy narxining choraklik eng yuqori o‘sishi Sirdaryo (18 foiz), Xorazm (14,4 foiz) va Surxondaryo  (13,1 foiz) viloyatlari va Toshkent (15,1 foiz) shahrida qayd etilgan.

Ikkilamchi bozorda narxlar indeksining o‘zgarishi

Birlamchi bozor

Birgina mart oyining o‘zida birlamchi bozordagi ko‘chmas mulk narxlari fevral oyiga nisbatan 4,6 foizga qimmatlashgan. Bu asosan, qurilish materiallari narxining oshgani va ikkilamchi uy-joy sotib olish uchun imtiyozli ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning vaqtincha to‘xtatilishi sabab birlamchi bozordagi uylarga talabning ko‘paygani bilan izohlangan.

Narxlarning eng yuqori o‘sish sur’ati Toshkent shahri (9 foiz) va Farg‘ona (9 foiz) va Samarqand (8 foiz) viloyatlarida qayd etilgan. Shu bilan bir qatorda, Sirdaryo (11 foiz), Jizzax (6 foiz), Namangan (5 foiz) va Andijon (5 foiz) viloyatlarida narxlar arzonlashgan.

2022 yil I chorak yakunlariga ko‘ra, hududlar kesimida uy-joy narxlarining eng baland qiymati Toshkent shahri (1 kv metr uchun 8 mln 963 ming so‘m), Samarqand (8 mln 258 ming so‘m) va Toshkent (5 mln 618 ming so‘m) viloyatlarida, eng past narxlar esa Sirdaryo (2 mln 872 ming so‘m), Xorazm (3 mln 327 ming so‘m) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (3 mln 268 ming so‘m) qayd etilgan.

Shuningdek, Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, birgina mart oyining o‘zida 100 kv.m yer maydoni respublika miqyosida fevral oyiga nisbatan 4 foizga qimmatlashgan. Hududlar kesimida bu ko‘rsatkich: Toshkent shahrida – 5 foizni, Toshkent viloyatida – 6,5 foizni, Samarqand viloyatida – 1,2 foizni tashkil etgan.

Top