O‘zbekiston | 10:48 / 11.04.2022
26692
2 daqiqa o‘qiladi

Klaster rahbari Sirdaryo viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi

Klaster rahbari viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Dilmurod Abdurahmonov Avazxon Ergashev o‘rniga Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimini egalladi. Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berishicha, bu haqda 11 aprel kuni viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilingan.

Yig‘ilishda Sayxunobod tumanidagi «Politeks Sirdaryo» MChJ shaklidagi to‘qimachilik klasteri rahbari Dilmurod Abdurahmonov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani e’lon qilingan.

Dilmurod Abdurahmonov 1983 yilda Xovos tumanida tug‘ilgan. 2002 yilda Toshkent moliya institutini, 2010 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini, 2011 yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini tamomlagan. «Shuhrat» medali sohibi.

Ma’lumot uchun, 2020 yil dekabrida ko‘p yillar davomida Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumaniga hokimlik qilgan, 2015-2019 yillarda Senat a’zosi bo‘lgan Avazxon Ergashev Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Foto: Avazxon Ergashev

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, u 2022 yil 28 fevral kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Mavzuga oid