19:02 / 12.04.2022
6264
Dunyo miqyosidagi yirik farmkompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish vazifasi qo‘yildi

Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasi mas’ullariga kamida 10 ta xorijiy brendni mamlakatga jalb qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Farmatsevtika agentligida loyihalar bilan ishlash tizimini mutlaqo yangidan tashkil etish zarurligi aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, buning uchun Investitsiya vazirligidan agentlikka birinchi o‘rinbosar — Ulug‘bek Egamov tayinlangan. Unga agentlik tizimiga yangi investitsiya muhitini olib kirish shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Agentlik va viloyat hokimlari oldiga joriy yilning o‘zida 80 million dollarlik 34 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan. Misol uchun, joriy yilda Toshkent farmatsevtika parkida 50 million dollarlik 2 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Jami ushbu klasterda 3 yilda 280 million dollarlik 6 ta korxonani ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda atigi 1 tadan eng oddiy dorilarni ishlab chiqaradigan korxona mavjud bo‘lsa-da, mazkur viloyatlar kelgusi 2 yilda bor-yo‘g‘i 2 tadan yangi loyihani amalga oshirishni reja qilgan.

Mutasaddilarga yirik xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazib, kamida 10 ta brendni jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishish topshirilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda Investitsiyalar loyiha markazi tomonidan ishlab chiqilgan 18 ta yirik istiqbolli loyiha bo‘yicha investitsiyalarni jalb qilish vazifasi qo‘yilgan. Jumladan:

  • Andijonda onkologiya va gepatitga qarshi dorilar bo‘yicha Hindiston bilan;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yurak-qon tomir va nafas yo‘llari, yuqumli kasalliklar bo‘yicha Germaniya va Turkiya bilan;
  • Namangan, Samarqand va Sirdaryoda tibbiy buyumlar bo‘yicha Xitoy va Koreya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, joylarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning infratuzilma bilan bog‘liq muammolari ko‘rib chiqilgan. Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birga bir oy muddatda kichik sanoat zonalarida infratuzilmani yaxshilashga ajratilgan mablag‘lar hisobidan 50 milliard so‘m yo‘naltirish topshirilgan. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yangi loyihalarni moliyalashtirishga hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlarga 1 mayga qadar 100 million dollar, 1 sentabrga qadar yana 100 million dollar jalb qilish choralarini ko‘radi.

Top