21:39 / 12.04.2022
12159
Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida otishma sodir bo‘ldi
Foto: Tabyldy Kadyrbekov

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara xizmati xabar berdi

Xabarda aytilishicha, Botken oblasti Laylak rayonidagi Selkana maskanida tojik chegarachilari Qirg‘iziston chegarasini buzib o‘tgan. Ular qirg‘iz chegarachilarining to‘xtash to‘g‘risidagi talablariga bo‘ysunmasdan, Qirg‘iziston hududining ichkarisiga 20 metrgacha kirgan.  

Qirg‘iziston chegarachilari «ogohlantiruvchi o‘q uzishga majbur bo‘lgan».

«Bunga javoban Tojikiston chegarachilari qirg‘iz chegarachilariga qarata o‘t ochdi», - deyiladi xabarda.

Otishmani muzokaralar orqali to‘xtatishga muvaffaq bo‘lingan, ammo qo‘shimcha kuchlar yetib kelgach, otishma qaytadan boshlangan. 

«Navbatdagi otishma taxminan 30 daqiqa davom etdi. Takroriy otishma chog‘ida Qirg‘iziston Respublikasi harbiy xizmatchisi yaralandi. Shundan keyin Tojikiston tomoni Qirg‘izistonning Dostuk qishlog‘ini minomyotlardan o‘qqa tuta boshladi. Qirg‘iziston Respublikasi chegara xizmati tojik hamkasblarni vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi», deyiladi Qirg‘iziston chegara xizmati xabarida.

Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida navbatdagi keskinlik mart oyi o‘rtalarida yuzaga kelgandi. 14 mart kuni Dushanbedagilar Qirg‘iziston kuchlari Tojikistonning Somoniyon qishlog‘ini o‘qqa tutishgani haqida xabar bergandi.

Top