14:31 / 13.04.2022
12461

G‘ariblik va xastalik yozig‘i: “Kasali xuruj qilgan bolamni bag‘rimda isitib o‘ziga keltiraman” 

Yangiyo‘llik oilaning farzandi yurak porogi xastaligi bilan og‘riydi. Bolaning otasi Leonid Xan koreys millatiga mansub bo‘lsa-da, Islom dinini qabul qilgan, musulmonlar qatorida juma namozlarida ishtirok etib, farzandiga shifo so‘raydi. 

Yangiyo‘llik oila uch nafar o‘g‘ilni voyaga yetkazishmoqda. Oiladagi ikkinchi farzand – Bekzodda yurak porogi tashxisi aniqlangan. Ikki yildan ortiqroq vaqt mobaynida davo muolajalarini olib keladi.

Onasining aytishicha, Bekzod 7 oylik tug‘ilgan va chaqaloqligidayoq yuragi bilan bog‘liq muammolar bo‘y ko‘rsatgan: “Ko‘pincha kasallik tunlari xuruj qiladi. Nafas olishga qiynalib, lablari ko‘karib ketadi. Qaltiroq bosib, sovqotib qoladi. 1-1,5 soat shu alfozda turadi, ko‘rpaga o‘rab, bag‘rimga bosib isitaman. Keyin o‘ziga keladi.

O‘zimizning uyimiz yo‘q, birovning dala shiyponida yashaymiz. Bir xonadan iborat uyimiz qishda juda sovuq bo‘ladi. Gaz o‘tmagan, pechkada o‘tin yoqib isitamiz. Osh-ovqatimiz, kir-chirimizda ham shu pechkadan foydalanamiz”, - deydi bemorning onasi Fotima To‘raqulova.

Oila boshlig‘i kunlik ishlar bilan shug‘ullangani sabab oilaning moddiy holati achinarli ahvolda. Uysizlik, ijara mashaqqatlari yetmaganday boladagi xastalik ota-onaning tinka-madorini quritgan. 

“Shifokorlar kasal bolamni vitaminlarga boy ovqatlantirishni tavsiya qilishgan. Lekin bunday qilolmayman. Uyimizda doim ham go‘sht bo‘lavermaydi, bir oyda bir marta erim yaxshi ishlab qolsagina olamiz”, - deydi ayol g‘amginlik bilan.

Bu sinovli dunyoda kimdir to‘kinlikda, kimdir yo‘qchilikda sinaladi. Ham moddiy qiyinchilik, ham dardmand farzand bilan sinalayotgan bu oilaga yordam qo‘llarini cho‘zish niyatida bo‘lganlar uchun ularga tegishli ma’lumotlarni qoldiramiz. 

Bekzod To‘raqulovga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0609 8751 5674 onasi Fotima To‘raqulova nomida

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top