21:57 / 13.04.2022
10027
Ortiqxo‘jayev Toshkent yo‘llaridagi barcha chuqurlarni 10 kun ichida bartaraf etishga topshiriq berdi

Toshkentda barcha vositalarni jalb etgan holda, shaharning asosiy yo‘llaridagi chuqurlarni 10 kun ichida to‘liq bartaraf etish vazifasi belgilandi. “Birorta ham chuqur qolmasligi kerak”, dedi hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev va yo‘lta’mir ishlarini aholiga noqulaylik tug‘dirmagan holda olib borishga ko‘rsatma berdi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shahardagi asosiy ko‘chalarda yuzaga kelgan barcha chuqurlarni 10 kun ichida bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi. Mazkur topshiriq berilgan yig‘ilish videosini hokimlik matbuot xizmati e’lon qildi.

“Oxirgi 50-60 yilda Toshkent shahar bunday yog‘ingarchilikni ko‘rmagan edi. Yog‘ingarchilikdan keyin asfaltlarimiz qiyofasini yaqqol ko‘rsatdi, katta chuqurlar paydo bo‘ldi. [Bu] fuqarolarimizning e’tiroziga sabab bo‘lyapti, o‘zingizlar ham ko‘rib turibsizlar”, – dedi shahar rahbari.

Ortiqxo‘jayev hokimlik huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Umarovga 10 kun ichidagi Toshkent ko‘chalaridagi barcha chuqurlarni bartaraf etishni topshirdi.

“Anvar aka, 10 kun muhlatda tuman hokimlari, barcha kerakli boshqarmalar bilan birlashib, Toshkent shahridagi mavjud bo‘lgan barcha xususiy va o‘z boshqarmangizga tegishli texnikalarning hammasini jalb qilasiz. 10 kun sizga muhlat. Shaharda mavjud bo‘lgan asosiy katta ko‘chalarni 10 kun ichida to‘liq ta’mirlashingiz kerak.

Men tushunaman, og‘ir, shahrimiz katta, kichik emas, lekin mas’uliyatni olishingiz kerak. Kerak bo‘lsa, kechki payt ishlarni tashkillashtirasiz”, – ta’kidladi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Hokim, shuningdek, ichki ishlar va prokuratura mas’ullariga ham yuzlandi.

“Men ichki ishlarimizga iltimos qilaman, “GAI” xodimlari ham mas’uliyatni tushungan holda ta’mirlanayotgan joylarni qattiq nazoratga olib, odamlar uchun o‘tkazuvchanlikni qulaylashtirib berishga mas’ul bo‘lishlari kerak.

Jon-jahd bilan kurashish kerak. 10 kundan o‘tib ketib qoladigan bo‘lsa, kechirilmaydi.

Hurmatli prokurorimizga iltimos qilamiz, hammasining sifatini kontrol qilib, mablag‘larimiz bebiliska sarf bo‘lmasligini tekshirib berasizlar. Rahmat.

Birorta ham chuqur qolmasligi kerak! Sifatsiz qabul qilmaymiz”.

Toshkent shahri rahbari zarurat bo‘lsa Toshkent viloyatidan ham barcha yo‘lsozlik texnikalarini jalb qilish kerakligini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, yo‘lta’mirlash ishlari odamlarga noqulaylik keltirmasligi bo‘yicha topshiriqlar berdi.

“Bugun qilib, ertaga, 10 kundan keyin u yana otvorib... Ishlatgan pulimiz isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘yish yo‘q. Tushuntira oldim-a? Kerak bo‘lsa, iltimos qilaman, ishchilaringizga iltimos qiling, kunduz kuni dam olib olsin, kechki payt mashina yo‘q vaqtida ishlasin.

Ko‘p joyda ish qilamiz, odamlar ishga kelib-ketadigan tirband vaqtda ko‘chalarni to‘sib qo‘yib asfalt qilish – bunaqa vaqtda tirbandlikning oldini olish uchun tozalab qo‘yinglar. Odamlar ishga ketayotganda, ishdan qaytayotganda shahar toza bo‘lsin. Undan keyin ishinglarni davom ettiringlar”, – ta’kidladi Toshkent shahar hokimi.

Ortiqxo‘jayev shahar ahlidan shahardagi katta ko‘chalarda paydo bo‘lgan chuqurlar haqida “Xalq nazorati” portali orqali xabar berishni so‘radi.

“10 kunda shahar ko‘chalarida “yama” qolmasligi kerak. Mahallalarda ham bor, bilaman, mahallalarni yil bo‘yi “Obod mahalla” va boshqa dasturlar doirasida qilaverasizlar. Lekin asosiy ko‘chalarda chuqurlar qolmasligi kerak”, – dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Top