16:09 / 13.04.2022
34583
Rossiya tomoni Viktor Medvedchuk qo‘lga olinganiga munosabat bildirdi
Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ukrainalik rossiyaparast siyosatchi Viktor Medvedchuk qo‘lga olingani va u «Putinning odami» ekanini aytgandi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedev «Muxolifat platformasi – hayot uchun» partiyasi raisi bo‘lgan Viktor Medvedchuk qo‘lga olinishiga munosabat bildirdi.

«O‘zini «Ukraina hukumati» deb iddao qiladigan ba’zi bezbetlarning aytishicha, Viktor Medvedchukdan ko‘rsatma olib, uni «tez va adolatli» sud qilib, keyin asirlarga almashisharkan. Bu arboblar atrofga yaxshilab qarab, tunda eshiklarini yaxshigina yopib olishlari kerak. Toki o‘sha almashiladigan odamlar ro‘yxatiga tushib qolishmasin», deb yozdi Medvedev Telegram-kanalida.

Avvalroq Zelenskiy ofisi rahbarining maslahatchisi, Ukraina mudofaasi arxitektorlaridan biri ekani aytiladigan harbiy razvedkachi Aleksey Arestovich qo‘lga olingan Medvedchuk «muhim manbaa» ekani haqida gapirgandi. Uning fikricha, Medvedchuk kimlar Ukrainada rossiyaparastlik targ‘ibotida qatnashganini aytib berishi mumkin.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Rossiyaga Medvedchukni barcha ukrainalik asirlarga almashishni taklif qilgandi. Medvedchuk davlatga xiyonat va Rossiya bilan hamkorlik qilishda ayblanib, uy qamog‘iga tashlangandi. Rossiya Ukrainada harbiy harakatlar boshlagach, Medvedchuk yo‘qolib qolgandi. Uning advokati Medvedchuk xavfsizlik sabab Kiyevdagi uyini tark etishga majbur bo‘lgani, ammo shahardagi xavfsiz joyda qolayotganini aytgandi. Aleksey Arestovich esa Medvedchuk Kiyevda emas, boshqa joyda qo‘lga olinganini aytdi.

Avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Medvedchukning qo‘lga olingani haqidagi xabarga ilova qilingan surat qanchalik haqiqatga mos kelishi haqida ayta olmasligini aytgandi.

«Medvedchuk haqidagi xabarni ko‘rdim, bu qanchalik haqiqatga mosligi borasida hech narsa deya olmayman. Biror tasdiqsiz nimadir gapirish noto‘g‘ri bo‘ladi. Ukrainada feyk xabarlar shu darajada ko‘pki, ularning soni saralanayotganiga ham shubham bor», degan Peskov jurnalistlarga.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top