08:16 / 13.04.2022
8003
Tibbiyot xodimlarining malaka toifasini olish muddati qisqardi
Foto: The Kiev Times

“Tibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra:

  • yuqori malakali va malakali mutaxassislar toifasiga kirmaydigan chet el fuqarosi bo‘lgan shifokorlar uchun O‘zbekistonda ishlash huquqini beruvchi tasdiqnoma berganlik uchun yig‘im miqdori 6 baravarga kamaytirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida undiriladi (ilgari bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida edi);
  • O‘zbekistonga qisqa muddatga (bir oygacha) kelayotgan chet el mutaxassislariga O‘zbekistonda ishlash huquqini beruvchi tasdiqnoma olish talab etilmaydi;
  • O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan davolash muassasalari tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im bekor qilinadi;
  • davolash muassasalari (bundan sanatoriy va pansionatlar mustasno) uchun turistik xizmatlarni sertifikatlashtirishga bo‘lgan talab bekor qilinadi. Bunda, tashrif buyuruvchilarni hisobga olish elektron amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar tomonidan lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati 2025 yil 1 yanvargacha uzaytirildi (ilgari 2024 yil 1 yanvargacha edi).

Tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlari hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallarini 2025 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonga olib kirishda QQSdan ozod qilinadi. 

Farmonga muvofiq:

  • nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot OTMning klinik bazalari tashkil etilib, ularda shifokor va hamshiralar malakasi oshiriladi hamda qayta tayyorlanadi;
  • malaka toifasi olish uchun talab etiladigan ish staji muddati qisqartirilgan holda, toifasiz xodimlarga 3 yil, birinchi toifa uchun – 5 yil, oliy toifa uchun – 7 yil etib belgilandi (ilgari birinchi malaka toifasi uchun 7 yil, oliy malaka toifasi uchun 10 yil edi).
Top