17:45 / 14.04.2022
24242

Kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan 3 nafar ayol Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi

Alisher Usmonovning opasi va singlisi, shuningdek, Alfa bankning asosiy aksiyadori Mixail Fridmanning yordamchisi sifatida qayd etilgan Nigina Zairova Buyuk Britaniya sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

Foto: EPA

Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Yangilangan ro‘yxatga 206 nafar tadbirkor, siyosatchi hamda ularning oila a’zolari qo‘shilgan. E’tiborli jihati sanksiyaga tushganlar orasida kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan 3 nafar ayol ham bor. Ular:

Gulbahor Ismoilova – etnik o‘zbek multimilliarderi Alisher Usmonovning opasi. U O‘zbekistonda tug‘ilgan, ayni paytda esa Rossiya fuqarosi hisoblanadi. 2022 yil 2 mart kuni Germaniya hukumati Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli Alisher Usmonovning “Dilbar” nomli yaxtasini xatlovga olgani haqida xabar berilgandi. Ma’lum qilinishicha, qiymati 600 million dollarlik ushbu yaxtaning yagona egasi sifatida Gulbahor Ismoilova ro‘yxatga olingan. Uning YeI va Buyuk Britaniyadagi aktivlari muzlatilib, ushbu mamlakatlarga kirishi taqiqlanmoqda.

Usmonovning singlisi Saodat Narziyevaga nisbatan ham sanksiya qo‘llanilgan. Avvalroq, Shveytsariyaning kreditlar bo‘yicha ikkinchi yirik Credit Suisse bankidan sizib chiqqan hisob ma’lumotlarida uning nomiga 2004 yildan beri umumiy hisobda 6ta hisobraqam ochilgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Keyinroq bu ma’lumotlar Alisher Usmonovning matbuot xizmati tomonidan inkor qilindi.

Nigina Zairova – O‘zbekiston fuqarosi. Rossiya Alfa bankining asosiy aksiyadori Mixail Fridmanning ijrochi yordamchisi sifatida qayd etilgan. Uning sanksiyalarga tushishiga asosiy sabab sifatida Fridmanga qarshi qo‘llanilgan sanksiyalardan keyin unga tegishli 3ta aktivning (Athlone House Ltd, Reashon Holding Ltd va Reashon Ltd) Zairova nomiga o‘tib ketganligi ko‘rsatilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top