08:45 / 14.04.2022
463
Navoiyda o‘tkazilgan sayyor qabullarda 35 nafar mahkum shartli ravishda ozod qilindi

11-13 aprel kunlari Navoiy viloyatida Oliy sud, Bosh prokuratura, IIV, Adliya hamda boshqa bir qator vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat respublika ishchi guruhining sayyor qabullari bo‘lib o‘tdi.

Foto: Navoiy viloyati sudi

Sayyor qabullarda 347 nafar fuqaro sud-huquq sohasida murojaat qilgan. Qabul qilingan murojaatlarning 204 tasi jinoyat,

111 tasi fuqarolik, 20 tasi ma’muriy va 12 tasi iqtisodiy ishlarga oid bo‘lgan. Ularning 179 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan hamda 141 tasi joyida hal etilgan. 27 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilingan. 

Sayyor qabullar jarayonida 35 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilingan, 30 nafar mahkumning ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosi yengilrog‘iga almashtirilgan. Shuningdek, tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tayotgan 66 nafar mahkum manzil koloniyasiga o‘tkazilgan. 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchquduq va Karmana tuman sudlari tomonidan 49 nafar fuqaro foydasiga 164 mln so‘mlik ish haqini undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratilgan. Iqtisodiy sudlar tomonidan esa 15 ta ish sud majlislarida ko‘rilib, tadbirkorlar foydasiga jami 6 mlrd 162 mln so‘mlik da’vo talablari qanoatlantirilgan.

Top