22:13 / 14.04.2022
32371

Rost24.uz tahririyatiga bosim bo‘lgani aytilmoqda

Saytda e’lon qilingan “Xalqaro moliyaviy kriminallar ro‘yxatida ko‘ringan o‘zbek oligarxi” nomli jurnalistik surishtiruv o‘chirilgan. Maqola muallifi, sayt bosh muharriri Anora Sodiqovaga nisbatan tahdid bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: Rost24.uz

Bu haqida ma’lum qilgan Anora Sodiqovaning o‘z Facebook sahifasida yozishicha, saytdan o‘chirtirilgan mazkur maqolada “Pandora papers” hujjatlarida oshkor qilingan o‘zbekistonlik tadbirkor Jahongir Usmonov va uning mol-mulki haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Muallifga ko‘ra, sobiq senator, O‘zbekiston futbol federatsiyasi (hozirda assotsiatsiya) sobiq prezidenti Mirabror Usmonovning o‘g‘li – O‘zbekiston futzal assotsiatsiyasining sobiq vitse-prezidenti Jahongir Usmonovga tegishli bir necha kompaniyalarning zanjiri offshor hududlarga borib taqaladi.

O‘chirilgan maqolada Jahongir Usmonov o‘ziga tegishli kompaniyalarning katta mablag‘laridan soliq to‘lamaslik va chet eldagi offshor kompaniyalar hisobraqamlariga olib chiqish uchun 2017 yilda tashkil etilgan “Ezgu maqsad” xayriya fondidan foydalangani aytiladi. Chunki xayriya fondlariga beriladigan xorijga cheklanmagan miqdorda pul chiqarish imkoniyati bunday amaldorlar uchun ayni muddao, deya tushuntirgan muallif.

Surishtiruvda aniqlanishicha, “Ezgu maqsad” xalqaro xayriya fondi va tadbirkor J.Usmonovning kompaniyalari o‘rtasida milliardlab pul aylangan bo‘lsa-da, fondning 5 yillik faoliyati haqida ma’lumotlar juda kam. Mualliflarga ko‘ra, fond rahbari Kamola Sharipova Rost24.uz bilan suhbatda ma’lumotlarni ochiqlashni istamagan va 5 yilda 200 nafar bemor operatsiya qilingani haqida aytgan xolos.

Material saytdan o‘chirilgach Sodiqovaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, maqolani o‘chirish telefon orqali ayrim shaxslar tomonidan talab qilingan.

“Xavfsiz yashashni xohlasak, materialni o‘chirishimiz kerakligini talab qilishdi. Qayta-qayta xavfsizligimizni ta’kidlashgach, maqolani o‘chirishga majbur bo‘ldim. Chunki saytda ishlaydigan jamoaning xavfsizligi uchun ham javobgarman. O‘zimning shaxsiy sahifamda qoldirdim xolos. Saytda qoldirsam, jamoadoshlarimga ham muammo bo‘lishini o‘ylab, buni istamadim”, deydi muallif.

So‘z erkinligiga nisbatan qo‘llangan bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham o‘z sahifalarida bundan tashvishda ekanini bildirib, jurnalistga tahdid qilishga hech kimning haqqi yo‘qligini va fond vaziyatni kuzatib borishini bildirdi.

“Jurnalist Anora Sodiqova atrofida bo‘layotgan holatdan biz xavotirdamiz. Qonun ustuvor davlatlarda har qanday ziddiyatli holatlar (agar u bo‘lsa) faqat sud orqali hal qilinishi kerak. Jurnalistga tahdid qilishga, umuman tahdidlarga hech kim haqli emas. U zamonlar o‘tib ketdi. Qaytarishga urinmang. Fond bu holatni kuzatib boradi”, – deb yozdi u.

“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga binoan, davlat OAV faoliyatini davlat mansabdorlarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan himoya qilinishini kafolatlashi kerak.

“Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi”, deya belgilab qo‘yilgan qonunda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston matbuot erkinligi indeksida 180ta davlat orasida 157-o‘ringa tushgan, mamlakatda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “murakkab” deb baholangan edi. Bu uch yillik tanaffusdan keyin O‘zbekistonning bu reytingda ilk marta pastlashi bo‘lgandi.

Top