12:31 / 15.04.2022
20527

Bayden Ukrainaga yo‘l olishga tayyorligini ma’lum qildi

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga borishi mumkinligi haqidagi savolga ijobiy javob qaytardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda yuqori martabali amaldorning ushbu mamlakatga tashrifi masalasi muhokama qilinmoqda.

Foto: Leah Millis, Reuters

Janob Baydendan prezident ma’muriyatining yuqori martabali amaldorlaridan kimnidir Ukrainaga jo‘natish ehtimoli haqida so‘rashgan. «Biz bu borada qarorni hozir qabul qilamiz»,— degan u. U kimni yuborishi haqidagi aniqlashtiruvchi savolga javoban jurnalistdan so‘ragan: «Siz borishga tayyormisiz?» Boshqa jurnalist esa prezidentga degan: «Siz-chi?» Prezident ijobiy javob qaytargan. Brifing videoyozuvini Bloomberg YouTube kanalida joylashtirgan, Oq uy saytida ham ushbu qisqa suhbat matni e’lon qilingan.

Oq uy matbuot kotibining birinchi o‘rinbosari Karin Jan-Perning qayd etishicha, Amerika ma’muriyati Ukraina hukumati bilan aloqada bo‘lib turibdi. CNN xabariga ko‘ra, u ma’muriyat vakilini Ukrainaga yuborish masalasi muhokama qilinayotganini tasdiqlagan. «Men boshqa hech narsani anons qila olmayman»,— deya qo‘shimcha qilgan u.

New York Times bu odam prezident Jo Bayden yoki vitse-prezident Kamala Harris bo‘lishi ehtimoli kamligi, katta ehtimol bilan vazir yoki yuqori martabali harbiy amaldor borishini taxmin qilgan.

Politico ma’lumotiga ko‘ra, Oq uydagilar ma’muriyatning yuqori martabali vakili Kiyevga tashrif bilan borishi imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Xususan, Pentagon rahbari Lloyd Ostin yoki davlat kotibi Entoni Blinkenni jo‘natish masalasi muhokama etilmoqda.

The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, amerikalik ikki kongressmen Buchaga kelgan - bular respublikachi senator Stiv Deyns va Vakillar palatasi a’zosi Viktoriya Sparts.

Urush boshlanganidan buyon YeIning yuqori martabali amaldorlari va Yevropaning qator davlatlari rahbarlari Ukrainaga tashrif buyurgan. 13 aprel kuni prezident Volodimir Zelenskiy Kiyevda birato‘la to‘rt nafar hamkasbi bilan uchrashdi — Polsha, Latviya, Litva va Estoniya prezidentlari.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top