16:35 / 15.04.2022
13149

Qirg‘izistonda ham avtomobillarning old yon oynalarini qoraytirish pulli bo‘ldi

Prezident Sadir Japarov avtomobillarning old yon oynalarini qoraytirish pulli bo‘lishi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Foto: Getty Images

Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur qonundan ko‘zlangan asosiy maqsad avtomobil egalariga old yon oynalarni qoraytirish uchun qonuniy ruxsat olish imkonini berish va shu yo‘l orqali yo‘llarda sodir etilayotgan jinoyatlar sonini kamaytirish.

Qonunga ko‘ra, haydovchi old yon oynalarni ruxsatsiz qoraytirsa, jismoniy shaxslar uchun – 200 hisob ko‘rsatkichi (20 000 som), yuridik shaxslar uchun – 400 hisob ko‘rsatkichi (40 000 som) miqdorida jarimaga tortiladi. To‘lov tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

 – Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, avtomobil oynasini qoraytirish dunyoning eng rivojlangan AQSh, Yaponiya, Xitoy kabi mamlakatlarida ko‘p uchraydi. Qo‘shni O‘zbekiston va Tojikistonda ham old yon oynalarni faqat pul to‘lab qoraytirishga ruxsat berilgan, — deyiladi xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, avtomobillarning old yon oynalarini qoraytirishni pulli qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yil fevral oyida ishlab chiqilgan.

Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Doniyor Amangeldiyevga ko‘ra, mazkur qonun loyihasini qabul qilishdan maqsad mamlakat budjetini to‘ldirish emas. Ammo old yon oynalarni qoraytirishdan tushadigan mablag‘ budjetga yo‘naltiriladi.

Jogorgu Kengeshdagi aksariyat deputatlar har uch o‘qishda ham “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunga avtomobillarning old yon oynalarini pulli qilish to‘g‘risidagi o‘zgartishlarni ma’qullagan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, belgilangan pul to‘langach, old yon oynalarni bir yil davomida qoraytirib yurish uchun ruxsat beriladi.

Qirg‘izistonda shu paytgacha avtomobillarning old yon oynasini qoraytirish taqiqlangan bo‘lsa-da, aksariyat haydovchilar qoidalarni buzgan holda unga amal qilmagan. Qirg‘iziston IIV ma’lumotlariga ko‘ra, inspektorlar har yili noqonuniy tarzda qoraytirilgan oynalar uchun 3 000 tagacha bayonnoma tuzadi. Hozirda noqonuniy qoraytirilgan oynalar uchun jarima miqdori 5,5 ming som (bugungi kursda 67 dollar bo‘ladi)ni tashkil etadi (1 AQSh dollari 82 som).

Ma’lumot uchun, hukumat qarori bilan 2018 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda avtomobillarga pulli asosda oynalarni qoraytirishga ruxsat berilgandi.

Qoraytirishga ruxsatnoma berganlik uchun to‘lov jismoniy shaxslarga eng kam ish haqining 90 baravari (24 300 000so‘m), yuridik shaxslarga eng kam ish haqining 120 baravari (32 400 000 so‘m) va xorijiy davlatlar yuridik shaxslariga eng kam ish haqining 140 baravari (37 800 000 so‘m) etib belgilangandi.

Keyinchalik, 2019 yil avgust oyida “tonirovka” narxi arzonlashtirildi. Jumladan, old va orqa yon oynalar uchun (barcha yon oynalar):

  • jismoniy va yuridik shaxslarga – BHMning 50 baravari (11 mln 150 ming so‘m);
  • xorijiy davlatlar yuridik shaxslariga – BHMning 80 baravari (17 mln 840 ming so‘m) etib belgilandi.
Mavzuga oid
Top