15:14 / 15.04.2022
828
Samarqand viloyati transport boshqarmasi xodimlari litsenziyasiz haydovchidan pora olayotganda ushlandi

Boshqarmaning ikki nafar xodimi haydovchidan talab qilingan pulni olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: Samarqand viloyati IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, fuqaro A. viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilib, o‘zidan pul talab qilgan Avtomobil va daryo transport agentligi xodimlariga chora ko‘rishni so‘ragan.

A.ning arizasiga ko‘ra, 2022 yil 12 aprel kuni u Damas mashinasi bilan Samarqand shahrida kirakashlik qilib yurgan vaqtida, Universitet xiyoboni ko‘chasida xizmat olib borayotgan Avtomobil va daryo transporti agentligi xodimlari to‘xtatgan.

So‘ng ular A.ga litsenziyasiz kira qilib yurganini aytishgan va bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 500 ming so‘m pul talab qilishgan. A. dan 200 ming so‘m olishgan va yana 300 ming so‘m talab qilishgan.

Mazkur arizaga asosan, 2022 yil 13 aprel kuni Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda departamentning Samarqand shahar bo‘limi xodimlari hamkorligida, tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda  Avtomobil va daryo transporti agentligi xodimlari E.O. va A.S. ariza muallifidan 300 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top